10:49 / 17.05.2024
3161

AQSh Milliy razvedkasi: «Rossiya - saylovlar uchun eng katta tahdid»

SI texnologiyalari tufayli nafaqat Xitoy, Rossiya va Eron, balki boshqa davlatlar yoki AQShdagi uyushmalar ham saylovlarga aralashishga urinishi mumkin, deb hisoblaydi xavfsizlik xizmatlari.

Foto: Getty images

Rossiya, Xitoy va Eron 2024 yilgi AQSh prezidentlik saylovlariga aralashishga intilayotgan asosiy ishtirokchilar bo‘lib qolmoqda. Ayni paytda, sun’iy intellektdan foydalanishning yangi texnologik imkoniyatlarini hisobga olgan holda, boshqa mamlakatlar yoki hatto Qo‘shma Shtatlar ichidagi uyushmalar dezinformatsion kampaniyalarni boshlashga urinishi mumkinligini istisno qilib bo‘lmaydi. 15 may, chorshanba kuni AQSh Senatining razvedka qo‘mitasida so‘zga chiqqan AQSh Milliy razvedkasi rahbari Evril Xeyns saylov xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyatga shunday baho berdi

Xeynsga ko‘ra, Rossiya AQSh saylovlari uchun «eng faol tashqi tahdid». Amerika razvedka xizmatiga ko‘ra, davlat matbuoti va internet foydalanuvchilari yordamida Moskva Qo‘shma Shtatlardagi demokratik institutlarga ishonchni va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni susaytirmoqchi. So‘nggi bir necha oy ichida Rossiya saylovchilarni g‘alayonga solish maqsadida Qo‘shma Shtatlardagi migratsiya munozaralariga ta’sir o‘tkazishga harakat qildi, deydi Xeyns. 

Xitoy bo‘yicha, AQSh Milliy razvedkasi rahbari ta’kidlashicha, agentlik uning faoliyatini kuzatishda davom etmoqda. 2020 yilda Pekin Vashingtonning javob harakatlaridan xavfsirab, AQSh prezidentlik saylovlariga bevosita aralashishga urinmadi, deya ta’kidladi u. 

Xeynsning so‘zlariga ko‘ra, Eron saylovchilarni chalg‘itish uchun ijtimoiy tarmoqlardan ham foydalangan. 

Saylov paytida hakerlik hujumlari xavfi

15 may kuni AQSh Senati razvedka qo‘mitasining eshituvlarida ovoz berish natijalarini o‘zgartirish yoki saylovga ishonchni susaytirish maqsadida federal yoki mahalliy saylov organlari kompyuter tizimlarini buzishga urinishlar bilan bog‘liq xavflar ham muhokama qilindi.

Kiberxavfsizlik va infratuzilma xavfsizligi agentligi direktori Jyen Isterlining aytishicha, federal hukumat 2024 yilgi prezidentlik saylovlari imkon qadar xavfsiz o‘tishini ta’minlash uchun mahalliy va federal saylov rasmiylari bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda. 

Top