08:37 / 19.05.2024
15928

«Yil jangi»da Usik Fyurini mag‘lub etib, mutlaq jahon chempioniga aylandi

Jang davomida Tayson Fyuri nokdaun holatiga ham tushib qoldi.

Foto: Reuters

Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida o‘tkazilgan professional boks oqshomida ukrainalik Oleksandr Usik (21-0-0) angliyalik Tayson Fyurini (34-0-1) mag‘lub etib, barcha nufuzli yo‘nalishlar bo‘yicha mutlaq jahon chempioniga aylandi. 12 raund davom etgan jangning 9-raundida Usik britaniyalik raqibini nokdaunga uchratib, yakunda unga tegishli WBC kamarini ham tortib oldi.

«Kingdom Arena»dagi markaziy jang katta ajiotaj uyg‘otgandi va «asr jangi» deya ta’riflangan qarama-qarshilikni tomosha qilish uchun Krishtianu Ronaldu, Neymar singari futbol yulduzlari ham tashrif buyurishdi.

Jangning dastlabki 3 raundi davomida Usik biroz faolroq harakat qilgan bo‘lsa, 4-raunddan Tayson qarshi hujumda ko‘proq kuchli zarbalar yo‘llashni boshladi va raundda tenglik kuzatildi.

5-raund – eng yaxshi raundga aylandi va bokschilar ochilishdi, zarbalar almashinuvi kuzatildi. 6-raundda esa Tayson Fyuri apperkot zarbalarini yo‘llab, ustunlik qila oldi. 7-8-raundlarda esa Usik faollashib, Fyurining apperkotiga chora topa oldi va vaziyat Usik foydasiga o‘zgara boshladi.

Jangning kulminatsion voqeasi 9-raundda yuz berdi. Oleksandr ketma-ket zarbalar bilan Taysonni nokdaunga tushirdi. Britaniyalik charm qo‘lqop ustasini raundning tugashi qutqarib qoldi. So‘nggi uch raundda esa ukrainalik bokschi jangning borishini nazorat qilib, yakunda ustunlikni o‘zida saqlay oldi.

Shunga qaramay, hakamlardan biri ochkolar bo‘yicha britaniyalikning ustunligini qayd etgan bo‘lsa-da, qolganlari Usikning g‘alabasini tan olishdi.

Shu tariqa, 37 yoshli Usik 35 yoshli Fyuridan WBC kamarini ham tortib oldi va superog‘ir vazn toifasida WBA, WBO, IBF, IBO, WBC chempionlik kamarlari egasiga aylanib, mutlaq chempion bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, professional boks tarixida oxirgi bor Lennoks Lyuis 2000 yilda mutlaq jahon chempioni bo‘lgandi.

Mavzuga oid
Top