11:37 / 19.05.2024
11963

Dollar zaiflashdi, Bitcoin narxi esa keskin oshdi - Xalqaro moliya bozori sharhi

Hafta davomida asosiy qimmatbaho metallarning hammasi  o‘sish sur’atini taqdim etdi. Xususan, kumush 2013 yilgi maksimumigacha ko‘tarildi. Oltin 54 dollarga, alyuminiy 101 dollarga, mis 40 sentga qimmatlashdi. Asosiy kriptolar ham mart oyidan keyin, yirik o‘sishga erishdi.

Foto: AFP

O‘tgan hafta ham bozorlar uchun muhim voqealarga boy bo‘ldi. 2024 yilning I chorak korporativ ma’lumotlari birin-ketin e’lon qilinib kelinayotgan bir paytda, eng muhim makroiqtisodiy ko‘rsatkichning pozitiv bo‘lishi AQSh fond bozorining qulagan pozitsiyalarini butunlay tiklashiga yordam berdi. Bunga ko‘ra, inflatsiya aprel oyida pasaygan va 3,4 foizni tashkil etgan. Bozor ishtirokchilari quvonchli xabarni mamnuniyat bilan qabul qilgan holda monetar siyosatning yumshatilishi bo‘yicha umidlari biroz kuchaydi.

Jahon Insighs kanali ekspertlari 13 maydan 17 maygacha bo‘lgan davrda Xalqaro moliya bozorida sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni tahlil qilib chiqdi.      

AQSh top fond bozorlari indeksi:

  • S&P500 – 5303 (hafta boshidan +1,54 foiz, yil boshidan +11, 18 foiz);
  • NASDAQ – 18546 (hafta boshidan +2,12 foiz, yil boshidan +10,22 foiz);
  • DJI – 40003 (hafta boshidan +1,24 foiz, yil boshidan +6,14 foiz).

AQSh fond indekslari may oyining navbatdagi haftasida o‘sish sur’atini taqdim qilishda davom etdi. Xususan, hisobot haftasida Dow Jones indeksi 491 punkt, NASDAQ 385 punkt va C&P500 81 punkt o‘sishga muvaffaq bo‘ldi.

Asosiy qimmatbaho metallar:

  • Oltin – 2414 dollar (1 unsiyasi) hafta boshidan +2,30 foiz, yil boshidan +17,06 foiz;
  • Kumush – 31,4 dollar (1 unsiyasi) hafta boshidan +11,8 foiz, yil boshidan +32,4 foiz;
  • Alyuminiy – 2612 dollar (1 tonnasi) hafta boshidan +4,03 foiz, yil boshidan +9,69 foiz:
  • Mis – 5,04 dollar (1 funti) hafta boshidan +8,58 foiz, yil boshidan +29,52 foiz.

Qimmatbaho metallar ham makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar ta’sirida o‘sish sur’atiga erishdi. Xususan, kumush 2013 yilgi maksimumigacha ko‘tarildi. Hafta davomida oltin 54 dollarga, alyuminiy 101 dollarga, kumush 3,32 dollarga va mis 40 sentga qimmatlashdi.

Neft

  • WTI – 79,46 dollar (hafta boshidan +1,7 foiz, yil boshidan +11,45 foiz);
  • BRENT – 83,9 dollar (hafta boshidan +1,49 foiz, yil boshidan +8,9 foiz).

Hafta davomida neftning WTI markasi 1,23 dollarga, BRENT esa 1,33 dollarga oshdi. 

Valutalar

  • USD/EUR:  +0,93 foiz (yil boshidan -1, 54 foiz);
  • CNY/USD:   -0,04 foiz (yil boshidan +1,77 foiz);
  • TRY/USD:  -0,32 foiz (yil boshidan +8,98 foiz);
  • UZS/USD:   -0,18 foiz (yil boshidan +3,17 foiz);
  • RUB/USD:  -1,81 foiz (yil boshidan +1,84 foiz).

Valutalar bozorida dollar zaiflashdi. Buning oqibatida yevro 0,93 foizga, rubl 1,81 foizga, lira 0,32 foizga, so‘m 0,18 foizga va yuan 0,04 foizga mustahkamlandi.

Kriptovaluta

  • Bitcoin – 67029 dollar (hafta boshidan +8,94 foiz, yil boshidan +58, 05 foiz);
  • Ethereum – 3094 dollar (hafta boshidan +5,54 foiz, yil boshidan +35,56 foiz). 

Asosiy kriptolar mart oyidan keyin, oxirgi hafta davomida nisbatan yirikroq o‘sishga muvaffaq bo‘ldi. Bitcoin 5 kunlik savdolarda 8,94 foizga, Ethereum esa 5,54 foizga qimmatlashdi. 

Bozorlar haqida qisqacha

Barchaga ma’lum bo‘lgan global muammolar va shiddatli iqtisodiy o‘zgarishlar amaldorlarni qiyin qarorlarni qabul qilish jarayonida ehtiyotkorona bo‘lishiga majbur qilmoqda, chunki ular taqdim etgan barcha yangiliklar bozorlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qiladi. Ayni paytda davom etayotgan urushlar va tabiiy hodisalar tufayli yoqilg‘i va boshqa turdagi asosiy tovarlar qimmatlashishi joriy yilning 1-choragida yana bir bor narx bosimini keltirib chiqardi va so‘nggi ikki yilda olib borilgan monetar siyosat muammoni hal etish uchun qanchalik kamligini ko‘rsatib qo‘ydi. Shunga qaramay, bozorning ba’zi ishtirokchilari so‘nggi inflyatsion ma’lumotdan keyin yana bir bor o‘zlarining o‘ta optimistik qarashlariga tayanib, stavka pasayishi sentabrda boshlanib, yil oxirigacha 2 marotaba sodir bo‘lishiga urg‘u bera boshladi. Lekin eslatib o‘tish kerakki, his-tuyg‘uga asoslangan o‘sish ko‘pincha katta korreksiya/qisqarishlarni keltirib chiqaradi (jumladan, aprel oyida bo‘lib o‘tgan korreksiya ham). Shu tufayli, moliya bozorlaridagi savdolarda risklarni to‘g‘ri baholab, boshqarish barcha zamonlar uchun shubhasiz muhim qoida hisoblanadi va ishtirokchilardan ehtiyotkorlikka rioya qilish qat’iy tavsiya etiladi.

Eslatma! Taqdim qilingan ma’lumotlar muallifga tegishli bo‘lib, 13 maydan 17 maygacha bo‘lgan vaqt oralig‘idagi moliya bozorida yuz bergan o‘zgarishlar asosida tayyorlangan. Ushbu maqola investitsion maslahat emas.   

Top