10:08 / 21.08.2021
8093

“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” Ustyurt regionida amalga oshirilayotgan geologiya qidiruv ishlari holatini o‘rgandi (Foto)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 18 noyabrdagi №4522-sonli qarorida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va samarali bajarish, bu orqali tabiiy gaz zaxiralarini ko‘paytirishni ta'minlash maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi “Ishchi guruh” a'zolari tomonidan Ustyurt regionida olib borilayotgan geologiya qidiruv ishlari o‘rganildi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Boshqaruv raisi tomonidan dastlab Ustyurt regionida olib borilayotgan ishlarning bugungi holati joyida ko‘rib chiqildi, ushbu jarayonlarda ishtirok etayotgan mutaxassislar ishtirokida tanqidiy-tahliliy muhokama ham o‘tkazildi.

Ustyurt regionida amalga oshirilayotgan geologiya qidiruv ishlari doirasida 2021 yil boshidan buyon bitta yangi maydon izlov-qidiruv ishlariga jalb etildi. Natijada 25 ming metr burg‘ilash ishlari bajarildi.

Bundan tashqari, 3 ta quduq qurilishi tugatilib, sanoat miqyosidagi tabiiy gaz oqimlari olina boshlandi hamda uglevodorod xomashyosini qazib chiqarish ishlari boshlandi.

Boshqaruv raisiga ushbu regionda joriy yil boshidan buyon geologiya qidiruv ishlari bo‘yicha tadbirlarni bajarish evaziga 4,9 million tonna shartli yonilg‘i miqdoridagi uglevodorod zaxiralarini ko‘paytirishga erishilgani, belgilangan tadbirlar 120 foizga bajarilgani, shuningdek, ularning samaradorligi 7 barobardan oshayotgani borasida hisobot berildi.

Geologiya qidiruv ishlarining joriy holatini tahlil qilish jarayonida Boshqaruv raisi tomonidan “Quyi Surgil” va “G‘arbiy Quyi Surgil” konlarida bajarilayotgan geologiya qidiruv ishlarini jadallashtirish, “Quyi Sharqiy Berdaq” maydonidagi 2-, 3-sonli quduqlardagi burg‘ilash ishlarini joriy yilning sentabr oyida, shuningdek, “Shagirlik” maydonidagi 1-sonli izlov-qidiruv quduqlarida burg‘ilash ishlarini samarali yakunlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Bu borada belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish borasida tegishli departament boshliqlari va mutaxassislarga zarur ko‘rsatmalar berildi.

Ustyurt regionida joriy yil yakuniga qadar amalga oshiriladigan geologiya qidiruv ishlarining barcha tadbirlarini tanqidiy jihatdan qayta ko‘rib chiqish, ularni maqsadli qayta rejalashtirish hamda ortiqcha sarf-xarajatlarni kamaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Geologiya qidiruv ishlariga amalga oshirish doirasida Ustyurt regionidagi maydonlar va obektlarning yangi istiqbollarini aniqlash, hududdagi chuqur qatlamlarni o‘rganish, barcha ma'lumotlarni kompleks tahlil qilish bo‘yicha tahlillarni amalga oshirish zarurligi ta'kidlandi.

O‘rganish ishlari davomida 2021 yil yakuniga qadar yana 1 ta yangi maydonni izlov-burg‘ilash ishlariga kiritish, yakunda ushbu regionda 43 ming metr burg‘ilash ishlarini bajarish, yana kamida 3 ta quduqda burg‘ilash va mahsuldor qatlamlarni sinash ishlarini yakunlash belgilandi.

Shuningdek, uglevodorod xomashyosi zaxiralarini 13 million tonna shartli yonilg‘i miqdoriga ko‘paytirishni ta'minlash bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berilib, joriy yil yakuniga qadar Ustyurt regioni bo‘yicha geologiya qidiruv ishlarining barcha ko‘rsatkichlarini 100 foizdan ortig‘i bilan bajarish vazifasi topshirildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Ustyurtdagi ishlar holatini o‘rganish jarayonida ishchi-xodimlarga yaratilgan sharoitga alohida e'tibor qaratdi.

Jumladan, ishchi-xodimlarning maxsus kiyim-bosh bilan ta'minlanganlik, ovqatlanish hamda yashash sharoitlari o‘rganildi.

Boshqaruv raisi tomonidan ishchi-xodimlarning yotoq joylarida ular uchun ajratilgan jihozlar, muzlatkich va kunlik ovqatlanishi, zarur mahsulotlarning saqlanishi hamda sifatiga e'tibor qaratildi.

Bunda ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bundan-da yaxshiroq bo‘lishi, yozning jazirama va qishning ayozli kunlarida aynan mana shu ishchilarning mehnati evaziga tabiiy gaz qazib chiqarish hajmi oshirilayotgani aytildi va ular yaxshiroq sharoitga munosib ekanligi ta'kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” Ustyurtda tabiiy gaz qazib chiqarish borasida o‘rganish ishlarini davom ettiradi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top