14:12 / 07.08.2020
20431

Darsliklar, baholash va o‘qituvchi omili – xalqaro ekspertlar O‘zbekiston maktablarida ta'lim sifatini oshirish haqida

Kecha, 6 avgust kuni Xalq ta'limi vazirligi, Respublika ta'lim markazi va YUNISEF hamkorligida umumiy o‘rta ta'lim sifatini oshirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro onlayn ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Ilk bor onlayn shaklda tashkil qilingan mazkur konferensiyada o‘zbekistonlik olimlar va ilg‘or o‘qituvchilardan tashqari ta'lim sohasidagi xalqaro ekspertlar ham o‘z taqdimot va ma'ruzalari bilan ishtirok etdi.

Tadbir davomida darsliklar va adabiyotlar sifatini oshirish, maktab o‘quvchilari uchun muqobil o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va darslar tarkibi hamda soatlari masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, xalqaro ekspertlar tomonidan O‘zbekistonda umumiy o‘rta ta'lim sifatini oshirish bo‘yicha ko‘plab tavsiyalar berildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Endi Smart, Ta'lim va darsliklar nashr etish bo‘yicha xalqaro konsultant:

— Markazlashtirilgan ta'lim tizimida o‘quv rejasi, pedagogika va baholashning oltin uchburchagi markazida darsliklar joylashgan.

Odatda, yaxshi darsliklar umumiy va fanga xos tashkiliy va pedagogik tamoyillarni aks ettiradi. Ammo ko‘pgina darsliklarda pedagogika elementlari uchramaydi: ular aslida «o‘zini o‘zi o‘qitish» darsliklari sifatida yaratilgan.

Yana bir tavsiya: har qanday darslikning tuzilmasi o‘quv dasturi doirasidagi ketma-ketlik bilan bir xil bo‘lishi shart emas. Ko‘pchilik mana shu tartib bilan o‘quvchilarni zeriktirib qo‘yadi.

Dipa Shankar, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ta'lim bo‘limi rahbari:

— Global dalillar shuni ko‘rsatadiki, ta'lim tizimidagi chuqur islohotlar ko‘p vaqt talab etadi, biroq ular yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish orqali mamlakatning inson kapitalini rivojlantirishga uzoq muddatli ta'sir ko‘rsatadi.

Bugungi dunyo bolalari va o‘smirlari quyidagi ko‘nikmalarga ega bo‘lishi juda muhim, deb hisoblayman.

Raqamli ko‘nikmalar: Bu jihat bolalar va o‘smirlar uchun «raqamli savodxonlikka ega» bo‘lish, texnologiyalardan foydalanish va ularni tushunishga yordam beradi. Shuningdek, bu ko‘nikma ma'lumot qidirish va boshqarish, aloqa va hamkorlik qilish, ma'lumot yaratish va uni ulashish, bilimlarni shakllantirish va muammolarni xavfsiz, tanqidiy va axloqiy jihatdan hal qilishga imkoniyat beradi.

Puxta ko‘nikmalar: Bolalar va o‘smirlarga savodxonlik va hisoblash mahorati juda zarur bo‘lib, bu kelgusida ularga o‘qish, samarali mehnat va fuqarolik faolligi uchun asosdir.

Texnik va kasbiy ko‘nikmalar: bu ishga oid ko‘nikmalar esa, masalan, duradgorlik, dasturlash, buxgalteriya yoki muhandislik kabi yoki bir nechta kasblar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Universal qobiliyatlar esa yoshlarga chaqqon, moslashuvchan o‘quvchi va fuqaro bo‘lishlariga yordam beradi.

Universal ko‘nikmalar insonga kelgusida muammolarni hal qilish, jamoaviylik, muzokaralar qilish, o‘zini o‘zi boshqarish, xayrixohlik va muloqot qobiliyatlarini shakllantiradi. Biz bolalarda mana shu jihatlarni ko‘proq shakllantirishimiz kerak.

Jon Tulli, xalq ta'limi vaziri maslahatchisi, xalqaro ekspert:

— Ta'lim sifatini oshirish uchun quyidagi uchta jihatga e'tibor qaratish kerak:

Birinchidan, sifatli dars jadvali. Yaxshi dars jadvali yaxshi ta'lim bera olishga asos bo‘ladi.

Ikkinchidan, o‘qituvchilarning malakasi va ularning dars o‘tishga bo‘lgan xohishining yuqori ekani. Insonlarga ularning malakasi bilan baho berishga o‘rganib qolganmiz. Shuning bilan birga, o‘qituvchilarda o‘z faoliyati davomida yangi-yangi narsalarni o‘rganishga va yangi guruh bolalariga dars o‘tishga bo‘lgan xohish ham yuqori bo‘lishi kerak. Butun mamlakat o‘qituvchilarining sifatli va sifatsiz ta'lim haqidagi qarashlari ham bir xil bo‘lishi kerak.

Uchinchidan, ota-onalar bolalarini ta'lim olishga kuchli rag‘batlantirishi kerak.

Metyu Goldi-Skot, ta'lim sohasida xalqaro ekspert:

— Men O‘zbekistonda yangi milliy o‘quv dasturini ishlab chiqish bo‘yicha o‘zbekistonlik mutaxassislardan iborat juda katta jamoa bilan ishlayapman. Biz hozir xalqaro tajribada kuzatilgan samarali va samarasiz pedagogik amaliyotlarni o‘rganib chiqyapmiz.

Samarali o‘quv tizimining eng muhim jihatlaridan biri baholash hisoblanadi. Biz shu tizimni tubdan ishlangan va takomillashgan tizimini ishlab chiqyapmiz. Avvaldan bir sirni ochishim mumkin, biz taklif qilayotgan baholash tizimi hozirgidan ko‘ra katta farq qiladi.

Mariya Toro-Trokonis, pedagogika fanlari doktori, onlayn ta'lim sohasida strateg:

O‘zbekistonning YUNISEF bilan yaqin hamkorlikda ishlayotgani bu ta'lim tizimida yangi davrni boshlab bermoqda. Men shu tizimga hissamni qo‘shayotganimdan juda xursandman.

Mardon Yusupov, Angliyadagi Kedberi kolleji matematika o‘qituvchisi, Britaniya pedagogik kengashi a'zosi:

— Angliyada ta'lim sifatini ta'minlashning eng asosiy omili, fikrimcha, umumdavlat rasmiy imtihonlaridir. Barcha maktablar, kollejlarda bitiruvchilardan rasmiy imtihonlar olinadi va bu imtihonlarni maktab yo kollej o‘qituvchilari emas, balki imtihon oluvchi alohida tashkilotlar tomonidan olinadi. Kollej va maktablar bu jarayonga umuman aralashmaydi.

Aynan shu mustaqil tashkilotlar olgan imtihonlar natijalariga qarab bolaning haqqoniy bilimiga, o‘qituvchilarga, maktab va kollejlarga baho beriladi.

Shuhrat Sattorov, Respublika ta'lim markazi rahbari:

— Xalqaro ekspertlar bildirgan fikrlarga asoslanadigan bo‘lsak, O‘zbekistondagi umumiy o‘rta ta'limdagi eng katta kamchilik darsliklarda va unga yondashuvda kuzatilmoqda. Ya'ni metodologiya xato ishlamoqda. Darsliklarimiz matnlarga, faktlarga va dalillarga asoslanib qolgan. Ular o‘quvchilarda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga emas, ma'lumotlarni yodlab qolishga qaratilmagan. Tabiiyki, o‘quvchilar ham bunga moslashib qolgan. Ularda malaka shakllanmayapti.

Ekspertlar bugun ta'lim tizimimizning sahnasida asosiy qahramon o‘qituvchilar bo‘lib qolayotganini aytishmoqda. Ya'ni faqat o‘qituvchi gapiryapti. 11 yil faqat o‘qituvchini tinglagan bolada esa ko‘nikma shakllanmayapti. U ertaga mustaqil hayotga chiqqandan keyin ham kimnidir tinglashga ehtiyoj sezadi. Unda mustaqil fikr bildirish ko‘nikmasi shakllanmayapti.

Biz aynan mana shu jihatlarni o‘zgartirish, tizimni yangilash ustida ishlayapmiz.

 Umumiy o‘rta ta'lim tizimini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlagan birinchi onlayn konferensiya yakunida Milliy o‘quv dasturi doirasida maktablarda o‘tiladigan fanlar tizimini qayta ko‘rib chiqish, kelgusida ham fanlar va mavzular kesimida konferensiyalar o‘tkazish, ta'lim markazi qoshida xalqaro ekspertlardan iborat jamoatchilik kengashi tuzish kabi masalalar yuzasidan kelishib olindi.

Top