20:37 / 21.04.2021
9590

Yangi qurilayotgan Samarqand xalqaro aeroporti yiliga 1,5 million yo‘lovchiga xizmat qiladi

Samarqand xalqaro aeroporti ayni damda qurilayotgan yangi terminal ishga tushgach, yiliga 1,5 million yo‘lovchiga xizmat qiladi. Bu haqda turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov Samarqand shahrida o‘tkazilgan press-hisobotda aytdi.

«Samarqand xalqaro aeroporti yangi terminal ishga tushgach, yiliga 1,5 million yo‘lovchiga xizmat qilish imkoniga ega bo‘ladi. Samarqand aeroporti hozirgacha 2019 yil eng ko‘p – 390 mingga yaqin yo‘lovchiga xizmat qilgan. Bu yil esa terminal uzoq vaqt ishlamagani uchun atigi 165 ming yo‘lovchi harakatlanishi kutilmoqda. Aeroportda «beshinchi darajali havo erkinligi» tizimi amalda bo‘ladi. Bu Samarqandning o‘ziga xos habga aylanishiga imkon beradi va Samarqand aeroporti O‘zbekistonning sayyohlik darvozasiga aylanadi.

Xalqaro aviakompaniyalar Samarqand aeroporti orqali parvozlarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi. Biror hudud transport habiga aylanishi uchun avtobus, temir yo‘l va aviaqatnov yaxshi tashkillashtirilishi kerak. Samarqandda ham avtobus, ham temir yo‘l qatnovi mavjud bo‘lgan yo‘l atigi 820 metrni tashkil etadi. Samarqandda butun respublika bo‘yicha avtobus qatnovlarini amalga oshirish bo‘yicha rejalar ham bor», dedi Abduhakimov.

Turizm va sport vazirining aytishicha, vazirlik Saudiya Arabistonida vakolatxona tashkil etmoqchi. Uning vazifalari «Umra+» dasturi bo‘yicha Malayziya, Indoneziya, Hindiston, Pokiston kabi davlatlardan Hajga boradiganlarning yo‘nalishini aynan Samarqand yoki Buxoro orqali amalga oshirish bo‘ladi. Ya'ni vakolatxona aynan shu davlatlar fuqarolari orasida Samarqand va Buxorodagi ziyorat turizmini targ‘ib qiladi.

Samarqandda turizmni rivojlantirish uchun mehmonxonalar juda zarur hisoblanadi. Hududdagi turistik rejalarga ko‘ra, 2025 yilgacha 94 ta mehmonxona quriladi. Umumiy hisobda mehmonxonalar borasida 220 ta loyiha bor. Turistik qishloqlarni tashkil etish ham davom ettiriladi. Urgut tumanidagi Tersak qishlog‘i, Payariq tumanidagi Choshtepa qishloqlari xuddi Samarqand tumanidagi Konigil qishlog‘i kabi turistik qishloqqa aylantiriladi.

Aziz Abduhakimovdan Samarqand shahri ShHT sammitiga qanchalik tayyorligi haqida so‘radik. Uning aytishicha, asosiy vazifa aynan qandaydir tadbir uchun shaharni ta'mirlash emas, doimiy sayyohlik infratuzilmasini yaratish. Turizm vaziriga ko‘ra, Samarqand shahridagi 83,4 km yo‘lni ta'mirlash uchun 978,9 milliard so‘m ajratiladi. Shuningdek, 103 km elektr tarmoqlari rekonstruksiya qilinadi, 25 km ichimlik suvi tarmoqlari, 14,1 km gaz tarmoqlari tortiladi.

ShHT sammiti yirik siyosiy tadbir hisoblanadi. Unga ko‘plab mamlakat yetakchilari keladi va tabiiyki bu sammit o‘tadigan shaharda mehmonxonalar ko‘p bo‘lishini talab qiladi. Shu o‘rinda Samarqanddagi mashhur «Afrosiyob» mehmonxonasi taqdiri borasida Aziz Abduhakimovga savol berdik. Uning aytishicha, Samarqand ShHT sammitini o‘tkazish uchun «Afrosiyob»ga qarab qolmagan, shaharda imkoniyatlar yetarli. Shuningdek, turizm vaziri biror o‘zgarishni aynan qaysidir tadbirga bog‘lashni qoraladi.

Ma'lumot uchun, «Afrosiyob» mehmonxonasi 43,5 milliard so‘mga sotilgan va 2 yil ichida 4 yulduzli mehmonxonaga aylanishi belgilangan. Bungacha ham mehmonxona sotilgan, lekin uzoq yil qarovsiz holatda qolmoqda.

Top