11:11 / 22.03.2019
16206

Boeing milliardlab dollarlik shartnomadan mahrum bo‘ldi

Foto: Willy Kurniawan/Reuters

Boeing kompaniyasi Afrikada qulagan layner tufayli Indoneziyaning Garuda Indonesia milliy aviakompaniyasi bilan shartnomadan mahrum bo‘ldi. Bu haqda Agence France-Presse xabar qilmoqda.

Gap 49ta Boeing 737 Max modelidagi samolyotlarni yetkazib berish haqida ketmoqda. Xarid qiymati bir necha o‘nlab milliard dollarni tashkil etishi kerak edi. Ushbu kelishuv yo‘lovchilarning xavotirga tushishi tufayli bekor qilindi.

«Biz Boeing'ga buyurtmani bekor qilish haqida xat yubordik. Garuda yo‘lovchilari ishonchni yo‘qotdi va Boeing 737 MAX’da parvoz qilishni istashmayapti», - deya xabar berdi aviakompaniya vakili.

Tashuvchi Afrikada layner qulaganidan so‘ng, Boeing bilan shartnomani ilk bora to‘liq to‘xtatdi.

So‘nggi yarim yil ichida dunyoda Boeing 737 MAX ishtirokida ikkita aviahalokat qayd etildi, ular oqibatida 346 kishi halok bo‘ldi. So‘nggi fojia 10 mart kuni Efiopiyada yuz berdi. Samolyot Addis-Abeba aeroportidan parvozga ko‘tarilganidan olti daqiqa o‘tib quladi. Bortda bo‘lgan barcha 157 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Aviahalokat qurbonlari orasida 33ta mamlakat fuqarolari bor.

Shundan so‘ng, butun dunyo bo‘ylab taxminan 30ta aviakompaniya Boeing 737 MAX samolyotlaridan foydalanishni to‘xtatdi. Yevroittifoq va AQSh ularning parvozi uchun o‘z havo hududini yopib qo‘ydi.

Boeing 737 MAX - Boeing 737 samolyotlarining to‘rtinchi, eng yangi avlodi. Ushbu seriyadagi samolyotlardan foydalanish 2017 yilda boshlangan. 737 MAX 8 varianti Boeing tarixidagi eng ko‘p sotiluvchi layner sanaladi.

Bundan oldin, Xitoy Boeing 737’ni AQSh bilan savdo bitimidan chiqarib tashlamoqchi ekani xabar qilingandi.

Top