19:59 / 23.07.2019
97908

Qashqadaryoda fermerlar vakillariga kishan taqildi va ular avtobusga qamab qo‘yildi: Guvohlar voqea tafsilotlarini hikoya qilishdi

Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida «Novot Niyoz» fermer xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Uning rahbari, 45-50 yildan buyon chorvachilik bilan shug‘ullanib kelayotgan Akram Novotov bugungi kunda qator to‘siqlarga duch kelmoqda. Buning o‘ziga xos sabablari bor. Tuman Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Chori Ko‘charov fermerga nisbatan o‘ta haqoratli munosabatda bo‘lyaptiki, bu bir fuqaroni kamsitish, xusumat saqlashga aylanib qolgan.

50 daraja issiqda avtobusga qamalgan fermerlar

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqda Kasbi tumani fermerlari seminarga deb dala maydoniga yig‘ilgani, keyin ularning orasidagi 10dan ortiq kishi IIB avtobusiga solib olib ketilgani, bu xuddi jinoyatchilarni ushlashga o‘xshash operatsiyaga o‘xshab ketishi haqidagi xabarlar tarqaldi.

«Novot Niyoz» fermer xo‘jaligi rahbari Akram Novotov ham ushbu seminarga chaqirilgan, lekin u seminarga o‘z o‘rniga ish boshqaruvchisi Farrux Do‘stmurodovni yuborgan.

«Menga 14 iyul kuni sobiq «Qashqadaryo» xo‘jaligi hududida tuman IIB boshlig‘i Chori Ko‘charov seminar o‘tkazishi, unga barcha kelishi kerakligini ma'lum qilishdi. O‘sha kunlari tobim yo‘q edi. Ammo shunday bo‘lsa-da kundalik fermerlik ishlari bilan band bo‘ldim. Seminarga esa o‘rnimga ish boshqaruvchim Farrux Do‘stmurodovni jo‘natdim. Chunki unga ishonaman, mutaxassisligi bo‘yicha, qishloq xo‘jaligi sohasida ilmi yetarli.

Ammo IIB boshlig‘i «Akromning o‘zi yetib kelsin, agar mazasi bo‘lmay yotgan bo‘lsa, «skoriy» mashinasi boradi. O‘shanda kelsin...», deb baqirgan. Men qanday bora olardim axir? O‘sha kuni, ya'ni 14 iyul kuni havo juda issiq, 50 darajaga yetgan edi. Yana qoq peshin payti. Bu atayin uyushtirilayotgani ma'lum edi...», deydi bu haqda fermerning o‘zi.

Akrom Novotovning ish boshqaruvchisi Farrux Do‘stmurodov o‘sha yerda bo‘lgan voqealar haqida gapirib berdi.

«Men «Novot Niyoz» fermer xo‘jaligining qonuniy ish boshqaruvchisiman. Bu bo‘yicha yetarli hujjatlar rasmiylashtirilgan. O‘sha kuni seminarga borganimda tuman IIB boshlig‘i Chori Ko‘charov «Sen seminarda qatnashmaysan, fermerni topib kel, uning o‘zi kelsin», dedi. Men unga fermerning qonuniy ish boshqaruvchisi ekanligim, barcha seminarlarda ishtirok etib kelishimni aytsam ham rozi bo‘lmadi. O‘sha kuni mahbuslar tashiydigan maxsus mashina («zekovoz») dalaga olib kelingan ekan. Nazarimda, fermerlarni shu mashinaga solib ketish niyatlari bo‘lgan», deydi u.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 14 iyul kuni dalada o‘tkazilgan seminarda 58ta fermer xo‘jaligi rahbarlari chaqirilgan. Shundan 3tasi - «Rajabboy ota», «Pandiron jilosi» va «Novot Niyoz» fermer xo‘jaligidan hech kim bormagan, deb qayd etilgan (Aslida «Novot Niyoz» f/x vakili Farrux Do‘stmurodov seminarga borgan). «Jo‘rayev Kamoliddin», «Jo‘rayev Elyor», «Quyili qizi Muyiba», «Muhammadjon Shahzodovich», «Novotov Ali Novotovich», «Otiboyev To‘ychi», «Sardor Sherdor», «Toshev Lochin», «O‘tkirbek Toshkev», «Husan Hamzayevich» va «Eshqulov Nurbek O‘ktamovich» fermer xo‘jaliklari vakillari avtobusga chiqarilib, tuman IIBga olib ketilgan.

«Jiyanim videoga olib, barcha ma'lumotlarni yozib olayotganini sezgan ichki ishlar xodimlari keyinchalik ularni oq avtobusga solib, olib ketishadi. Ko‘rgan guvohlarning aytishicha, ayrim fermerlarning qo‘liga kishan taqilgan. Fermerlar o‘rniga borgan ish boshqaruvchilarni «o‘g‘it tashiysanlar» deb majburan ushlab turishgan. Tuman IIB boshlig‘i «Dehqonchilikni senlarga o‘zim o‘rgataman. Buyruqni bajarmasang, har kuni mana shunday issiqda yig‘ilib, ishlaysanlar. Bo‘lmasa, hammaning boshiga qamoq jazosini solaman», deb qo‘rqitgan», deydi Akrom Novotov.

Voqeaga guvoh «Jo‘rayev Elyor» fermer xo‘jaligida mexanizator bo‘lib ishlaydigan, 14 iyul kungi seminarga ushbu fermer xo‘jaligi rahbari o‘rniga borgan Elboy Isroilovich Jo‘rayev ham yuqoridagi voqeani hikoya qilib berdi.

«Fermer xo‘jaligida ishlayotganimga 15 yil bo‘ldi. Yoshim 62da. O‘sha kuni soat tonggi 4lardan kunduzgi soat 11 yarimlargacha ishladim. Jiyanim telefon qilib, bugun seminar bor ekan, uydan mashinamni olib keling, deb iltimos qildi. Xullas, vaziyat taqozosi bilan o‘rniga boradigan bo‘ldim. Borsam odamlar yig‘ilgan, «melisa»lar soni 30dan ziyod edi. Seminar soat 12:00da boshlandi. Tuman IIB boshlig‘i uch qator saflanishimizni aytdi. Fermer rahbarlari o‘rniga kelgan 13 kishi alohida ajratildi. «Paxtaga nega ikki marta suv quyding?», deb qo‘liga kishan solishdi. Yana ikki kishiga ham kishan urildi. Bizni avtobus ichiga olib kirishdi. Eshikni yopib qo‘yishdi. «Novotov Akrom yerning tagidan bo‘lsa ham yetib kelsin», degan buyruq bo‘ldi. Shundan so‘ng, bizni Ichki ishlar boshqarmasiga olib borishdi. Barmoqlarimizdan iz olishdi. Ular nega bunday qilishadi? Rejalarni bajarsak, ishimizni qilsak, avvalo, o‘zimizning yuzimiz yorug‘ bo‘ladi-ku?...», deydi u.

Doimiy bosimlar...

Tuman IIB boshlig‘i 16 iyul kuni ham seminar o‘tkazgan va soat 6:00da o‘tkazilgan ikkinchi seminarga ham Akrom Novotov bormagan, o‘rniga ish boshqaruvchisi Farrux Do‘stmurodovni jo‘natgan. Shundan keyin soat 10:30da IIB xodimlari fermerning oldiga kelishadi.

Internetda tarqalgan videoda IIBning bir necha xodimi Akrom Novotov bilan suhbatda nima uchun yerdan samarali foydalanish bo‘yicha dala seminariga bormagani haqida so‘rashgani, fermer ertalab dalada boshqa ish qilayotgani, shu sababli seminarga ish boshqaruvchisini jo‘natganini aytganini ko‘rish mumkin.

Videoda xodimlar bu ishlarni seminardan keyin qilsa bo‘lmaydimi, deb so‘rashadi. Fermer xo‘jaligi rahbari esa kapalak qo‘yish ishini ertalabki salqinda bajarish lozimligini aytadi. IIB vakillari seminarda qatnashish — viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyevning topshirig‘i ekani, fermer unda qatnasha olmasa, tuman IIB boshlig‘i Chori Ko‘charovdan ruxsat so‘rashi kerakligini ta'kidlashadi.

«Uyimga ikkita mashinada ichki ishlar xodimlari, uchastka nozirlari, posbonlar kelishdi. Ularning taxminiy soni 10 nafar atrofida edi. Payqaganim - uch nafari ichki ishlar xodimi, besh nafari posbonlar formasida edi. Meni tuman IIBga olib ketmoqchi bo‘lishdi. Men u yerga borgach nima bo‘lishini ko‘rganman. Hovlisida issiqda izg‘itib, o‘tirishga ham, ovqatlanishga ham qo‘ymay, qiynab ushlab turishadi. Ularning harakatini videotasvirga olishni boshlaganimdan keyin, niyatlaridan qaytishdimi yoki boshqa narsani o‘ylashdimi, ortlariga qaytib ketishdi.

Aslida tuman rahbarlari tomonidan menga doimiy bosim bo‘ladi. Kunning istalgan vaqti, tungi soat 1 yoki 2 bo‘ladimi, farqi yo‘q, do‘q qilib, qo‘pol ohangda dalaga chaqirishadi. Yoki uyimga mashinada bir guruh bo‘lib kelishadi, meni olib ketmoqchi bo‘lishadi. Kechalari fermer xo‘jaligim ofisi joylashgan joyda ularning kezib yurganini ham ko‘p ko‘rganman. Bundan tashqari, MMTP raisiga telefon qilib, ustimdan bildirgi yozib berishlarini so‘rashgan. Bildirgini tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari Oybek Safarov olib qolgan», - deydi fermer.

Kun.uz tahririyatiga taqdim etilgan audioyozuvda Kasbi tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari Oybek Safarov bir necha marta tuman MMTP boshlig‘i Sa'dullo Salamotovdan fermer Akrom Novotov ustidan bildirgi yozib berishini so‘ragani ko‘rsatilgan.

«Menga nisbatan har tomonlama bosim bo‘lishining yana bir isboti bor. G‘alla maydonini o‘rish vaqtida Chori Ko‘charovning Anvar degan yordamchisi kechasi soat 12 yarimlarda telefon qilib, dalaga chaqirdi. Qo‘rqib bormadim. Shundan so‘ng kechasi soat 1:36da yana qo‘ng‘iroq qilib, tezda yetib kelishimni aytdi. Nima emish, yerimda g‘alla o‘rgan kombaynchilar kun bo‘yi ishlab, och-nahor o‘tirgan emish. Bu qip-qizil tuhmat. Men inson mehnatini yaxshi qadrlayman. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, yarim kechasi dalada nima qilishim mumkin? Yana bir savol, IIB xodimlari g‘alla nazoratini nega aynan mening dalamda olib borishyapti? Biz dalamizni o‘zimiz qo‘riqlaymiz, boshqa hech kim kerakmas», - deydi fermer.

Adovat tarixi

Ma'lum bo‘lishicha, fermer va IIB boshlig‘i o‘rtasidagi kelishmovchilik bir yil oldin boshlangan.

«2018 yilning 11 avgust kuni edi. Dala ishlari bilan yurardim. O‘z kuchim bilan qurgan shiyponim bor edi. Shu yerdan o‘tib ketayotgan tuman hokimi mashinasini to‘xtatib, meni chaqirtirdi. Yetib bordim. Hokim menga shiyponimni to‘g‘irlashimni aytdi. «Xo‘p, bajaramiz» dedim. Shunda hokim yonida turgan, fuqaro kiyimidagi shaxs «Bajaramiz, dema. Bajaraman deb ayt» deb do‘q urdi. Uni tanimasdim. Keyin bilsam tuman IIB boshlig‘i Chori Ko‘charov ekan. O‘shanda kurakda turmaydigan gaplar bilan rosa «siyladi». Men Chori Ko‘charov ustidan shikoyat qildim. Unga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazildi. Shundan beri qildan qiyiq axtarib, meni qamashga yoki haqoratlashga, kerak bo‘lsa, qo‘l ko‘tarishga harakat qiladi», deydi fermer.

Ma'lum bo‘lishicha, Akrom Novotov rahbarligidagi fermer xo‘jaligi 2003 yil tashkil etilgan bo‘lib, 2016 yil chorvachilik yo‘nalishi ham qo‘shilgan va ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligiga aylantirilgan. Fermer davlatdan 117 ming AQSh dollari miqdorida kredit olib, Ukrainadan 69 bosh qora mol keltirib, ko‘paytirgan. Ayni kunda fermerning qora mollari soni 150 boshdan oshgan.

Fermerning so‘zlariga ko‘ra, Chori Ko‘charovning adovati tufayli shu yil iyunida o‘rib olingan 9 tonna arpasi ham tortib olingan.

«O‘tgan yili chorva uchun yil og‘ir keldi. Shuning uchun chorva mollarim uchun arpa ham ekkandim. Ammo arpa topshirish bo‘yicha shartnoma qilinmagandi. Arpa faqat qora mollar uchun ozuqa sifatida ekilgandi. 7 iyun kuni MMTP bilan shartnoma asosida kombaynlarni ijaraga olib, daladan chorva uchun 9 tonna arpamni o‘rib oldim va omborimga olib kelib to‘ktirdim.

Shartnomaga muvofiq, barcha to‘lovlarni amalga oshirdim. Shunda Chori Ko‘charovning ikki o‘rinbosari kelib, g‘allamni boshqa omborga olib ketishga majbur qilishdi. Menga nisbatan ma'muriy javobgarlik qo‘zg‘atishdi. Bungayam qancha yugur-yugurlar bo‘ldi.

Nega bunday qilishadi? Nega doim qo‘rquv ostida yashashim kerak? Meni bunday ishlar charchatdi. Men xotirjam o‘z ishim bilan mashg‘ul bo‘lishni, fermer xo‘jaligimni rivojlantirishni, chorvam uchun kredit sifatida olingan milliardlab so‘m mablag‘ni tezroq qaytarish haqida bosh qotirishni istayman. Salomatligim kundan-kun yomonlashib bormoqda. Oxiri shu yerini berib, kasodga uchrab qutulsam kerak...

Aslida, bizning hudud tuman hokimining sektori hisoblanadi. Lekin o‘sha kuni hokim yo‘q edi. Eshitishimcha, ish bilan ketgan ekan. Voqealar ham aynan mana shu kunda, tuman rahbari yo‘qligida sodir bo‘ldi. Shaxsan men bu tasodif bo‘ldi deb o‘ylamayman. Bari uyushtirilgan», - deydi kuyunib fermer.

Voqealarning imkon qadar batafsil ko‘rinishi shunday.

Keling, bu ziddiyatning ikki tomoni vakillariga ta'rif berib ko‘raylik.

Fermer kim? Fermer - o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, qishloq xo‘jaligida tegishli malaka yoki ish tajribasiga ega bo‘lgan, ijaraga berilgan yer uchastkalaridan foydalangan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor. Fermer xo‘jaligi O‘zbekiston Respublikasida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining asosiy sub'yektidir.

Ichki Ishlar xodimi kim? Ichki ishlar organlari xodimlarining asosiy vazifalari fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilishdan, qonun ustuvorligini, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta'minlashdan, shuningdek huquqbuzarliklar oldini olish va profilaktikadan iborat.

Hamma o‘z ishini qilishi kerakmasmi?

Holat yuzasidan navbatdagi savollar tug‘iladi. Nega fermerlar bunday holatga solindi? Ularning o‘rnini ko‘rsatib qo‘yish uchunmi? Yoqi qo‘rqitish uchunmi?

Bir insonning ko‘nglidan halovat yo‘qolsa, uning qo‘li hech bir ishga bormaydi. Issiqni issiq demay mehnat qilayotganlar nega «rahmat» eshitish o‘rniga kishanband etilishdi?

Bunday holatlar davom etadigan bo‘lsa fermer qanday qilib davlat rejasini bajaradi? Qanday qilib yeriga mehr bera oladi? Fermerning asosiy vazifasi dalada ishlab, tadbirkorlik qilishmasmi? Ichki ishlar xodimlarining fermerga fermerlikdan seminar o‘tishi nimani anglatadi?

Mazkur masala yuzasidan rasmiy izoh olish uchun Kasbi tumani IIBga va viloyat IIBB matbuot xizmati bilan bog‘lanishga urinishlarimiz zoye ketdi. Respublika IIV matbuot xizmati esa «vaziyat tubdan o‘rganilayotgani, yangilik bo‘lishi bilan xabar berilishi»ni ma'lum qilishdi.

Fuqaro sha'ni, uning huquqi poymol bo‘lgan bu voqea ijobiy yechimini topadi, mutasaddi rahbarlar bu voqeaga o‘z munosabatlarini bildirishadi, deya ishonch bildiramiz.

Mavzuga oid
Top