23:40 / 16.04.2018
38821

Suriyada AQSh raketalariga qarshi “Pantsir” majmuasi qo‘llangani ma'lum qilindi 

Foto: RIA Novosti/Igor Zarembo

Suriyada AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiyaning 14 apreldagi hujumi vaqtida Rossiyada ishlab chiqarilgan “Pantsir” zenit raketa-zambarak majmuasi qo‘llangan. Bu haqda Rossiya mudofaa vazirligi vakili, general-mayor Igor Konashenkov ma'lum qildi. 

Konashenkovning aytishicha, Suriyada hujumni qaytarish uchun 112 ta zenit raketasi qo‘llangan. Havo hujumiga qarshi jangda “deyarli 100 foizlik samaradorlikni namoyish qilgan” “Pantsir-S1” majmuasi qo‘llangan.

Konashenkovning ta'kidlashicha, g‘arb raketalarining yuqori tezligi va juda kichik akslantiruvchi sirtiga qaramasdan, 40 yildan avvalroq ishlab chiqarilgan majmualar o‘zini yaxshi ko‘rsatgan. “Raketa zarbalarini qaytarishda Suriya hukumat armiyasi tomonidan S-200, S-125, “Osa”, “Kvadrat”, “Buk” va “Strela” majmualari qo‘llangan», deb ma'lum qildi Rossiya vakili.

Ma'lum qilinishicha, ushbu majmualar bilan himoyalangan obektlar deyarli shikastlanmagan. Jumladan, birorta aerodromga jiddiy talofat yetmagan: o‘qqa tutilgan 7 ta aerodromdan ikkitasiga arzimas talofat yetgan. Barza va Jaramaniydagi ilmiy-tadqiqot obektlari tomon 30 ta snaryad otilgan, ulardan 5 tasigina yo‘q qilingan.

“Pantsir-S1” majmuasi Tula asbobsozlik konstruktorlik byurosida loyihalangan. Majmua 30 millimetrli tezotar avtomatik zambaraklar va boshqariluvchi raketalar bilan jihozlangan hamda past uchuvchi, kam seziluvchi hujum vositalaridan himoyalanish uchun mo‘ljallangan.

Top