00:02 / 24.05.2020
113036

«Kasallanish holatlari shu tempda o‘ssa, qat'iy karantin qaytadi» - Vazir o‘rinbosari bilan suhbat

O‘zbekistonda so‘nggi kunlarda karantinga olinmagan aholi orasida koronavirusga chalinish holatlari soni ko‘paydi. Kun.uz muxbiri Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari – vazirlik huzuridagi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahodir Yusupaliyev bilan suhbatda mamlakatdagi epidemiologik vaziyat bo‘yicha savollarga javob oldi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda koronavirusning yangi to‘lqini kuzatilmoqda. Yangi aniqlangan bemorlar kimlar va virus ko‘payishiga nimalar sabab bo‘lmoqda? Hozirda vaziyat qanday?

– Haqiqatan ham butun dunyoda murakkab vaziyat kechmoqda. Ayni paytda dunyo bo‘yicha 5 million 300dan ortiq yangi koronavirus holatlari aniqlandi. Kuniga 100 mingdan ortiq yangi koronavirusga chalinish holatlari aniqlanyapti. O‘zbekistonda ham kuniga 30-40ta, ayrim holatlarda 60ta holat tasdiqlanmoqda. O‘zbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olish borasida juda ko‘p cheklovlar kiritilgan edi. Shu sababli O‘zbekistonda boshqa davlatlar bilan taqqoslaganda virusga chalinish holatlari kamroq bo‘ldi. Lekin biz sanitariya qoidalariga rioya etmasak, vaziyat murakkablashib ketishi mumkin. Kasallik aniqlanganlar soni keskin ko‘payib ketishi ham mumkin.

Agar aholimiz karantin talablariga rioya qilmasa, biz vaziyatni qo‘ldan chiqarib yuboramiz.

Toshkent, Samarqand va Navoiy viloyatlarida koronavirus aholi orasidan aniqlanmoqda. Bunga nima sabab bo‘lmoqda? Yuqish zanjiri aniqlanganmi?

– Haqiqatan ham bugungi kunda aholi orasidan virusga chalinganlar aniqlanmoqda. Sanitariya-epidemiologiya markazi xodimlari tomonidan har bir holat o‘rganilmoqda. Uning kelib chiqish sababi, qayerdan kelib chiqayotgani aniqlanyapti. Odamdan odamga yuqish holatlari aynan o‘zaro muloqot sababli kelib chiqmoqda. Bir odam 50-100 nafar odamni zararlashi mumkin. Har bir holat bo‘yicha o‘rganish olib boryapmiz. Kasallangan bemorlarni shifoxonaga yotqizyapmiz. O‘zbekistonda har bir yangi bemor darhol shifoxonaga yotqiziladi. Bundan tashqari, u bilan muloqotda bo‘lgan har bir odam karantinga olinadi.

Virus dastlab chetdan kelgan fuqarolarda aniqlanayotgandi. Endi aholi orasidan aniqlanyapti. Bizda virus o‘chog‘i paydo bo‘ldimi?

– Birinchi holat 15 martda qayd etildi. Birinchi bemor bilan muloqotda bo‘lgan insonlar ham kasallangan va ular o‘rnatilgan tartibda shifoxonaga yotqizildi.

Nafaqat bugungi kunda, balki oldin ham aholi orasida kasallanganlar aniqlangan. Oldingi oylarda bizda cheklovlar qat'iy edi. Shu tufayli virus tarqalishi ehtimoli kamroq edi. Bugungi kunda iqtisodiyotni rivojlantirish, inqirozga duch kelmaslik uchun cheklovlar kamaytirilyapti. Endi biz yanada mas'uliyat bilan yondashishimiz kerak. Tegishli tartiblarni amalga oshirish talab etiladi.

Bahodir Yusupaliyev

Yangi holatlarda yuqish zanjirlari aniqlanganmi?

– Albatta. Har bir holat bo‘yicha zanjir topilgan. Kimdan, qayerdan yuqishini aniq bilamiz va nazorat o‘rnatilgan.

Ayrim viloyatlarda pandemiyaning ikkinchi to‘lqini ko‘tarilmoqda. Buning sabablarini nimalarda ko‘rasiz? Bu borada kimdir yoki qaysidir organga alohida javobgarlik yuklanishi mumkinmi?

– Aholi orasida oldin ham tarqalgan. Hozir ko‘paydi desak noto‘g‘ri bo‘ladi. Vaziyat nazoratga olingan. Yana ta'kidlayman, hozirgi kunda virus tarqalish ehtimoli ko‘proq. Sababi aholimiz karantin talablariga va cheklovlariga rioya etmasligi sababli ushbu vaziyatga kelib qolyapmiz. Qaysidir organ bunga javobgar bo‘ladi desak noto‘g‘ri bo‘ladi. Bugungi kunda barcha organlar bor kuchini safarbar qilyapti.

Koronavirusga chalinayotganlar uyda o‘tirgan fuqarolarmi yoki ishlashiga ruxsat berilgan fuqarolarmi?

– To‘g‘risini aytish kerak, ko‘proq ishlayotgan aholi o‘rtasida virus aniqlanish holatlari kuzatilmoqda. O‘z navbatida ishlab kelgan aholi uyiga kelib, oila-a'zolariga ham virusni yuqtirish holatlari bor. Asosan faoliyatiga ruxsat berilgan fuqarolar orasida virus aniqlanmoqda.

Bugun hech qaysi hudud «men yashilman», «yashil hududga kirganman» deyishi kerak emas. Nafaqat hudud, tuman, mahalla kerak bo‘lsa oila ham yashil hududga kirganman deyishi mumkin emas. 1 soatda emas, bir zumda ham o‘zgarishi mumkin.

Navoiy viloyatini «qizil» hududga kiritish bo‘yicha maxsus komissiyaga taklif kiritilgan.

Hozirda biz qanchalik xotirjamlikka berilishimiz yoki yanada hushyor bo‘lishimiz kerak?

– Takror aytaman. Ayni damda biz umuman xotirjamlikka berilishimiz kerak emas. Albatta hushyor bo‘lishimiz kerak. Kuzga borib yana bir bor virusga chalinish to‘lqini kuzatilishi mumkin.

Aholi orasidan virus aniqlanish holatlari shu taxlit davom etsa karantin qoidalari qaytadan kuchaytirilishi va joriy etilishi mumkinmi?

– Albatta. Prezident tomonidan so‘nggi yig‘ilishda aynan shu masalalarda topshiriq ham berildi. Bu bo‘yicha biz talab ishlab chiqdik. Maxsus komissiyaga kirityapmiz. Agar kasallanish holatlari shu tarzda davom etsa, albatta, qat'iy karantin choralari qaytariladi.

Suhbatni to‘liq shaklda Kun.uz’ning Youtube’dagi kanali orqali tomosha qilish mumkin.

Rahmatillo Isroilov suhbatlashdi

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top