12:15 / 10.12.2019
9
158806

Eng kam ish haqi qonunlardan chiqarildi. Endi qanday hisoblanadi?

Foto: KUN.UZ

Bunga javobni 50dan ortiq qonun hujjatlariga, shu jumladan 12ta kodeksga kiritilgan tuzatishlardan topish mumkin, deb yozmoqda Norma.

 Tuzatishlar mohiyati quyidagilardan iborat. 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab eng kam ish haqi miqdori (EKIH) quyidagi uchta mustaqil tushunchaga ajratildi: mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (MHEKM), bazaviy hisoblash miqdori (BHM) va pensiyani hisoblash bazaviy miqdori (PHBM). Material e'lon qilingan sanadagi holatga ko‘ra, MHEKM 634 880 so‘mni, BHM va PHBM – 223 000 so‘mni (bekor qilingan EKIHga teng miqdorda) tashkil etadi.

 Tegishincha, u yoki bu to‘lovning EKIHdan BHM yoki PHBMga o‘zgartirilishi bilan bog‘liq holatlarda – «birga bir» konvertatsiyada atamalarning o‘zgartirilishi yakuniy summaga ta'sir ko‘rsatmaydi (bekor qilingan EKIH hamda uning o‘rniga joriy etilgan BHM va PHBM miqdor jihatdan bir xil). Bunday holatni, masalan, Jinoyat kodeksida va Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda kuzatish mumkin – jarima ko‘rinishidagi sanksiyalar bundan buyon BHMda hisoblanmoqda, biroq bundan jarimalar summasi o‘zgarmaydi, sababi belgilangan sanksiya miqdorlari avvalgidek qoldirilmoqda.

EKIHdan MHEKMga o‘tish nazarda tutilgan holatlarda vaziyat biroz boshqacharoq. MHEKM uch baravar ko‘p bo‘lganligi sababli qonun chiqaruvchi koeffitsiyentlarni tuzatishga majbur bo‘lgan. Bu, o‘z navbatida, pulda ifodalangan raqamlarda aks etgan. Qoidaga ko‘ra, arzimas miqdorda oshirish yuz beradi.

 Masalan, ilgari ayrim qonun hujjatlari bilan belgilangan 1 EKIH summasi (223 ming so‘m) MHEKMning 35,2 foizi yoki 223 477,76 so‘mga almashtirildi. Bundan buyon quyidagilar qo‘llaniladi:

a) mehnatga qobiliyatsizlar, yolg‘iz qariyalar, pensionerlar va ularning oila a'zolari uchun oyiga o‘rtacha bir jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad ko‘rsatkichi, bunda ularga maqsadli kommunal uy-joy fondidan turar joy nazarda tutiladi (xususiylashtirish huquqisiz ijaraga olinadi);

b) ishlamaydigan xizmatga chaqiriluvchilarga hokimiyatlar tomonidan to‘lanadigan nafaqa summasi;

v) vaqtincha mehnat qobiliyatsizlik bo‘yicha nafaqaning eng kam miqdori;

g) ishidan va ish haqidan mahrum bo‘lgan, mehnat organlarida ro‘yxatga olingan, qaramog‘ida voyaga yetmagan bolalari va boshqa kishilar bo‘lgan shaxslarga («Aholini ish bilan ta'minlash to‘g‘risida»gi Qonunning 25-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan shaxslardan tashqari) kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malaka oshirish davrida to‘lanishi kafolatlangan eng kam miqdordagi stipendiya;

d) bir yildan ortiq ishlamagan, birinchi marta ish qidirayotgan va kasbga tayyorlash va qayta tayyorlashga, malaka oshirishga muhtoj bo‘lgan shaxslar uchun eng yuqori miqdorda stipendiya;

ye) quyidagi shaxslarga to‘lanadigan kafolatlangan eng kam ishsizlik nafaqasi miqdori:

• ishidan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lganda nafaqa olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga;

• harbiy xizmatdan, ichki ishlar, MXX va PXDXdan bo‘shatilgan hamda mahalliy mehnat organlariga murojaat qilishdan oldin ishlamagan shaxslarga;

• bir yildan ortiq tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan, shuningdek 12 oy mobaynida haq to‘lanadigan ish bilan bandligi 12 kalendar haftadan kam bo‘lmagan shaxslarga;

• ishsiz deb e'tirof etilgan shaxslar ishlab chiqarishdan ajralgan holda kasbga tayyorlash va qayta tayyorlashdan o‘tgandan, malaka oshirishni tugatgandan keyin ishsizlik nafaqasi olish huquqiga ega bo‘lganlarga.

 Universalidan tashqari quyidagi o‘ziga xos qayta hisob-kitoblar ham mavjud:

 birinchidan, birinchi marta ish qidirayotgan ishsizlarga va maxsus ma'lumoti bo‘lmagan ishsizlarga, uzoq muddatli tanaffusdan so‘ng mehnat faoliyatini tiklashga harakat qilayotganlarga, kasbga tayyorlash uchun yoki ishga joylashishga imkoniyat bo‘lmaganlarga nafaqa – MHEKMning 26,5 foizi, ya'ni 168 243,2 so‘m (ilgari – EKIHning 75 foizi, ya'ni 167 250 so‘m);

 ikkinchidan, jinoiy yoki fuqarolik ishlarida ishtirok etgan ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlarga to‘lov. Ular uchun belgilangan MHEKMga nisbatan koeffitsiyentlar o‘zgartirildi:

uchinchidan, Oila kodeksida nazarda tutilgan quyidagilardan undiriladigan alimentlar miqdorlari:

• ota-onalar har bir bola uchun – MHEKMning 26,5 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda, ya'ni 168 243,2 so‘m (ilgari – EKIHning 75 foizi, ya'ni 167 250 so‘m);

• voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalardan ota-onaga beriladigan ta'minot, shuningdek er-xotinlarning biridan, shu jumladan sobiq er-xotinlardan ulardan birining ta'minoti uchun – MHEKMning 11,75 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda, ya'ni 74 598,4 so‘m (ilgari 1/3 EKIH, ya'ni 74 333,4 so‘m edi);

 to‘rtinchidan, Soliq kodeksida quyidagilarni to‘lash bo‘yicha soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari nazarda tutilgan:  

beshinchidan, Jinoyat-ijroiya kodeksida nazarda tutilgan to‘lovlar. Masalan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar yengillashtirilgan saqlash sharoitiga o‘tkazilganda, mehnat normasi va mehnat vazifalarini bajarganda, shuningdek bayram kunlari rag‘batlantirish tarzida, mahkumlarga qo‘shimcha pul sarflashga ruxsat etilgan miqdor MHEKMning 3,6 foizini, ya'ni 22 855,68 so‘mni (ilgari – EKIHning 10 foizigacha, yoki 22 300 so‘m) tashkil etadi. Mahkumning har oylik xarajatlari umumiy summasi quyidagi miqdorlarni tashkil etadi:

Bunda mahkumlarning oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur narsalar sotib olishga doir xarajatlari quyidagicha hisoblanadi:

• yangi kelgan mahkumlarga avans – MHEKMning 17,6 foizi, manzil-koloniyalarda – MHEKMning 35,2 foizi (tegishincha 111 738,88 va 223 477,76 so‘m);

• umumiy tartibli koloniyalarda – MHEKMning 70,3 foizi (446 320,64 so‘m);

• qattiq tartibli koloniyalarda – MHEKMning 52,7 foizi (334 581,76 so‘m);

• turmalarda – MHEKMning 26,5 foizi (168 243,2 so‘m);

• tarbiya koloniyalarida – MHEKMning 87,9 foizi (558 059,52 so‘m);

• umumiy, qattiq va maxsus tartibli koloniyalar karserlariga o‘tkazishda – MHEKMning 26,5 foizi (168 243,2 so‘m);

• umrbod ozodlikdan mahrum qilinib, jazoni qattiq saqlash sharoitlarida o‘tayotgan mahkumlarga – MHEKMning 26,5 foizi (168 243,2 so‘m), jazoni odatdagi saqlash sharoitlarida o‘tayotganlarga – MHEKMning 35,2 foizi (223 477,76 so‘m), jazoni yengillashtirilgan saqlash sharoitlarida o‘tayotganlarga – MHEKMning 52,7 foizi (334 581,76 so‘m).

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top