Tanzila Norboyeva: «Kadastr xalqqa yaqin, ochiq tashkilot bo‘lishi kerak. Biroq, buning aksini ko‘ryapmiz»
Kadastr xalqqa yaqin, ochiq tashkilot bo‘lishi kerak. Bu haqda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Senat yalpi majlisi davomida aytib o‘tdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda sohadagi tizimli o‘zgarishlarga qaramasdan joylarda qator muammolar saqlanib qolmoqda. Yerlarni talon-toroj qilish, o‘zboshimchalik bilan egallash va noqonuniy sotish, korrupsiya holatlari hali ham kuzatilayotgani aytildi.
“OAV va ijtimoiy tarmoqlarda yer sotish bilan bog‘liq jinoyatlar haqida xabarlar tarqalmoqda. Bunday jinoyatlarga Kadastr agentligining sobiq va amaldagi xodimlari ham qo‘l urayotgani achinarli.
Tabiiyki, biz bunga befarq qaray olmaymiz. Shu sababli kadastr sohasiga oid qonunchilik hujjatlari ijro etilishi holati yuzasidan Kadastr agentligi rahbarining axborotini eshitishni lozim topdik. Haqiqatan ham dolzarb masala. Joylarda yer maydonlarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi holatlari davom etayotgani juda tashvishli. Ajablanarlisi, bunday qonunbuzilish holatlarining har o‘ntadan bittasigina (10,5 foiz) bartaraf etilgan.
Yerni noqonuniy egallab, imorat qurish holatlarini payqamaslik mumkin emas. Har bir hududda mahalla raisi, uchastka noziri, sektor rahbari, yoki bu masalaga bevosita mas'ul va javobgar bo‘lgan kadastr xodimlari bor. Biroq, tor manfaatlar ilinjida bunga ko‘z yumilyapti.
Xulosa qilish mumkinki, joylardagi mas'ullar bu holatning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini anglab yetmaganlar. 3 yil oldin davlatimiz rahbari tashabbusi bilan e'lon qilingan bir martalik aksiya doirasidagi ishlar oxiriga yetkazilmaganligini qanday tushunish kerak?
Bugungi sharoitda Agentlik aholi uchun eng yaqin va ochiq tashkilot bo‘lishi kerak. Biroq, ayni paytda buning aksini ko‘ryapmiz.
Prezidentimiz bekorga ochiqlik va shaffoflikni talab qilmaydilar. Shu talab bajarilmagan soha borki, barchasi korrupsiya botqog‘iga botadi”, dedi Tanzila Norboyeva.
Bundan oldin, 6 oy davomida Kadastr agentligining 48 nafar xodimiga nisbatan jinoyat ishi ochilgani xabar berilgandi.
Mavzuga oid
20:31 / 27.10.2024
Tanzila Norboyeva nabirasi bilan birga saylovda ovoz berdi
16:50 / 25.10.2024
Senat raisi YeXHT DIIHB missiyasi rahbari bilan uchrashdi
16:33 / 25.10.2024
Tanzila Norboyeva MDH Parlamentlararo assambleyasi delegatsiyasini qabul qildi
15:55 / 24.10.2024