11:59 / 12.03.2020
43188

«O‘z qobig‘imizda qolib ketganmiz» – Aziza Shonazarova AQShdagi ta'lim va O‘zbekistondagi plagiat haqida

AQShning Kolumbiya universitetiga umrbod professorlik (tenure track) lavozimiga qabul qilingan ilk o‘zbek olimasi Aziza Shonazarova ayni kunlarda O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.

Shonazarova OAV va jamoatchilik vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekiston va AQSh ta'lim tizimidagi bir qator farqlarni sanab o‘tdi.

«AQShda kitob o‘qishadi»

― Bizning ta'lim tizimimiz bilan AQSh ta'lim tizimining farqi ― u yerda kitob o‘qiladi. Kitobni faqat talaba o‘qimaydi, professor ham o‘qishga majbur. O‘zining sohasida chiqayotgan yangi kitob va tadqiqotlardan xabardor bo‘lishi kerak. Bilishi va o‘sha narsa haqida gapira olishi kerak.

Bizning o‘z tizimimiz atrofida, o‘z qobig‘imizda qolib ketayotganimizning sababi ham shu: biz dunyoda bo‘layotgan yangiliklardan boxabar emasmiz. Shuning uchun faqat o‘zimizda, O‘zbekiston ichida aylanayotgan eski gaplarga nimadir qo‘shib, yangidan nimalardir qilmoqchi bo‘lamiz. Shuni to‘g‘rilashimiz ham kerak.

«Plagiat karerani o‘ldiradi»

― O‘zimizning mahalliy PhD dissertatsiyalarga taqriz yozib bering, deb jo‘natishadi. Avtoreferat uchun mendan taqriz so‘rashadi. Avtoreferat 60 betli narsa bo‘larkan, uchta tilda bo‘lgani uchun. Ikkita tilni olib tashlasak, 20 betli narsa. 150 betli narsaning mohiyatini ular 20 betda yoritib bera olmaydi. Taqriz ham 20 betli narsa bo‘larkan. Sovetlarda ham domlasidan boshqa hech kim dissertatsiyani o‘qimas ekan.

Nechta dissertatsiyaning bu yerda yoqlanganini ko‘rdim. Saviyasi juda ham past. Sovet davrida qolib ketgan narsalarni, rus tilidagilarni tarjima qilib yoki Turkiyada chiqqan tadqiqotlarni o‘zbek tiliga o‘girib, umuman yo‘q havolalarni berib, ilmiy unvon olinyapti.

Amerikada esa... Maqtagim kelmayapti, lekin rivojlanishning sababi ham shunda. U yerda plagiatni darrov bilishadi. Qayerdan olinganini ko‘rsatuvchi tizim bor. Bitta gapni ham plagiat qilsa, «snoska» bermasa, o‘sha darsdan avtomatik tarzda yiqiladi.

Agar talabaga shunaqa tamg‘a tushsa, bo‘ldi, uning karerasi ham o‘ladi.

Plagiat juda ham yomon narsa. Bizda esa referatlar yozamiz, deyishadi. Nima qiladi? O‘zimning davrimda ham shunaqa edi: vikipediyadan olib, ko‘chirib qo‘yadi. Bu narsalarni to‘g‘rilamasak, bizda hech qanday ilm-fan ham rivojlanmaydi, innovatsiyalar ham bo‘lmaydi.

«Universitetlar professorga investitsiya kiritadi»

 

― Bizda professorlik unvon hisoblanadi. AQShda esa bu – lavozim, unvon emas. Balki shuning uchun ham bizda professorlik unvonini olganlar faqatgina katta domlalar bo‘lishsa kerak. U yerda esa bu – universitetda ochilgan bir shtat, lavozim, ish o‘rni.

Bu lavozimning oyligi, katta imtiyozlari bor. Ular faqat o‘ziga aytilgan soatda ma'ruza o‘qishi kerak. Bakalavr, magistr, doktorantlarga ma'ruza o‘qishadi. Shu bilan bo‘ldi, ofisga kelib ishlamaydi. Ularga hech kim institutga kelib ishlagin, demaydi.

Ko‘pchilik professorlar uydan ishlashni yaxshi ko‘rishadi. Kitoblari qayerda bo‘lsa, o‘sha yerda ishlaydi. Ofisda ishlasak, hamma eshikni taqillataveradi, ishlagani qo‘yishmaydi, deyishadi.

Ulardan yana o‘zining ilmiy ishi bilan shug‘ullanishi kutiladi. Professorlikka olindimi, o‘zining sohasida chiqishlar qilishi katta talab hisoblanadi. Dunyo miqyosidagi maqolalar chiqarish, kitoblar chiqarish. Ularning bu chiqishlari universitetning nufuzini belgilab beradi. Professorning nufuziga qarab talabalar keladi. Talabalar keldi degani, pul keldi degani. Chunki talaba o‘qish uchun 50 ming AQSh dollaridan kam to‘lamaydi. Juda ham qimmat. Shuning uchun universitet professorga katta investitsiya kiritadi.

«Talabalar o‘ziga yoqqan fanlarni o‘qiydi»

― Sharqshunoslikni bitirganman. Bizda jadval, raspisaniye bo‘lardi. Biz o‘sha bo‘yicha o‘qirdik. Bu narsa Amerikada yo‘q. Birinchi kurslarda bor, ularning majburiy oladigan kurslari bo‘ladi. Ikkinchi kursdan buyog‘iga talabalar o‘ziga yoqqan mutaxassislik bo‘yicha dars oladi. Talaba o‘zining dasturini o‘zi tuzadi. Rahbarlar biriktiriladi, ular bilan maslahatlashib, o‘ziga yoqqan darslarga yoziladi.

O‘qish juda ham qimmat. Shuning uchun ular o‘zining xohishi bilan o‘qiydi. Shu ham bizda katta farq bo‘lsa kerak.

«Faqat quruq yodlash emas»

― Darslarda eslayman, konspektlar yozdirishardi. Ko‘p konspektlar yozganim esimda. Domla kitobdan o‘qib berardi. Bu narsa AQShda umuman yo‘q. Nima qilamiz biz? «Syllabus» degan narsa bor. Bu – domla tomonidan har bir dars uchun tuziladigan jadval. O‘sha jadvalda baho qanday qo‘yilishi, talabaning «5» baho olish uchun nima ishlar qilishi kerakligi, har hafta qanday kitoblar o‘qilishi jadvali beriladi.

Birinchi dars boshlanganda o‘sha jadval hammaga tarqatiladi. Domla bilan talaba o‘rtasida o‘sha jadval asosiy vositachi bo‘ladi. Talaba domladan nima qilishimiz kerak, nima o‘qishimiz kerak, deb so‘rayvermaydi, o‘zi mustaqil ravishda o‘rganadi.

Darsliklar ham yo‘q. Talabalar har bitta haftaga bo‘lingan mavzu bo‘yicha dunyoning eng nufuzli manbalaridagi maqolalarni o‘qiydi. Biz darslik o‘qitmaymiz. Yoki kitoblardan bo‘laklar. Buning uchun domlaning o‘zi nima nufuzli ekanligini yaxshi bilishi kerak. Talabalar juda ham ko‘p o‘qishadi.

Darslarimda 2-, 3-, 4-kurslar bor. Ular haftasiga 100 bet o‘qiydi. Bu me'yoriy holat hisoblanadi. Bu bitta darsdan faqat. Bir vaqtda minimum 5tacha kurs oladi.

Darsga o‘qib kelganidan keyin o‘sha bilimini men bilan birga tahlil qiladi. Faqat quruq yodlash emas. Talabaning o‘qiganini tekshirish yo‘llari bor. Biz asosan tahlilga e'tibor beramiz. Tahlilda ham shunchaki tahlil emas, balki tanqidiy tahlil.

Talabalar nafaqat o‘qishi, balki o‘sha maqolaga nisbatan o‘zida fikr paydo bo‘lishi kerak. Maqola deganda men 25 bet atrofidagi materialni aytyapman. Bu narsa bizda yo‘q. Agar bizda shular ichki tizimga o‘rnatilsa, nafaqat talaba, balki domlani ham o‘qishga o‘rgatsa, natija bo‘ladi. Ular shu darsdan nimadir olib chiqib ketishi kerak.

Yoshligimda tengdoshlarimda shunaqa tushuncha bo‘lardi: institutga kirdim, endi diplom olib keta olaman. Amerikada unaqa emas. O‘qishlar qimmat bo‘lgani uchun ular agar chindan xohlamasa, nima qiladi pulini ketkazib? Shu narsani tushunib yetishimiz kerak. O‘qish talabaning o‘ziga kerak. Diplom hech narsa olib bermaydi, bu shunchaki qog‘oz. Oladigan narsasi – boshidagi bilimi.

Ma'lumot uchun, Aziza Shonazarova Toshkent davlat sharqshunoslik institutida bakalavr va magistratura, Polshadagi Varshava universiteti, AQShning Indiana-Blumington oliygohida magistratura bosqichida o‘qigan.

Dunyoning yetakchi Ohayo, Manchester, Varshava, Illinoys, Sorbonna, Bonn, Pekin universitetlari bilan ilmiy hamkorlik olib boradi. Gender tarixi, ayollarning Markaziy Osiyo tarixidagi o‘rni, so‘fiylik – uning ilmiy ish mavzulari hisoblanadi.

Aziza Shonazarova Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda davlat rahbari tomonidan «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi.

Top