12:10 / 09.09.2019
5
92608

Navbahor tumani xalq ta'limi bo‘limi rahbari o‘z uyida o‘ldirildi

Navoiy viloyati Navbahor tumani xalq ta'limi bo‘limi rahbari qotillik qurboni bo‘ldi.

Navoiy viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi viloyat prokuraturasiga tayanib, Kun.uz muxbiriga Navbahor tumani xalq ta'limi bo‘limi rahbari bo‘lgan Madina Ataniyazova o‘z turmush o‘rtog‘i tomonidan vahshiylarcha o‘ldirilgani haqida ma'lumot berdi.

«Dastlabki tergov hujjatlariga ko‘ra, 1976 yilda Navoiy shahrida tug‘ilgan Sh.R 2019 yil 6 sentabr kuni soat taxminan 16:00larda turmush o‘rtog‘i M.A. bilan o‘rtalarida oldindan bo‘lgan o‘zaro kelishmovchilik zamirida uni o‘ldirish maqsadida uning Navbahor tumani «Yangiyo‘l» MFY, Muruvvat ko‘chasidagi yashash xonadoniga kelib, ushbu xonadon hovlisiga yashirin ravishda devor oshib kirgan. U M.A.ning yotoqxonasiga deraza orqali kirib, xonadagi kiyim javoni ortiga yashiringan va turmush o‘rtog‘i xonaga kirishini poylab o‘tirgan.

Shu kuni soat taxminan 20:20larda M.A. ishdan kelib, egnidagi kiyimlarini almashtirish maqsadida yotoqxonasiga kirgan vaqtida Sh.R. xonadagi kiyim javoni ortidan chiqib, M.A.ga qo‘lidagi oshxona pichog‘i bilan hujum qilgan. Bo‘yin, ko‘krak qafasi va qorin sohalariga qo‘lidagi oshxona pichog‘ini bir necha marta sanchib olib, unga o‘tkir kesuvchi-sanchuvchi og‘ir jarohatlar yetkazib, hodisa joyidan yashiringan. M.A. olgan tan jarohatlaridan ichki va tashqi qon ketishi natijasida voqea joyida vafot etgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha Sh.R. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir qilganlikda gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha Navoiy viloyat prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda», deyiladi Navoiy viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabarida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top