17:10 / 13.12.2019
3
43305

Huquqshunos maslahati: Organ xodimi to‘xtatganda nimalarga amal qilish kerak?

Huquqshunos Abdumalik Abdullayev kundalik hayotda uchrashi mumkin bo‘lgan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari bilan ro‘y beradigan munosabatlar bo‘yicha o‘z maslahatlarini berib o‘tdi.

Quyidagi videolavhada organ xodimi to‘xtatib, o‘zi bilan birga idoraga yurishni so‘raganida qanday harakatlanish kerakligi bo‘yicha eslatmalar keltirilgan.

Shunday vaziyatda qanday harakatlar qonuniy bo‘ladi?

Avvalo, sizni to‘xtatgan shaxs haqiqatan ham organ xodimi ekanligiga ishonch hosil qilishingiz, bunda xizmat guvohnomasini ko‘rsatishni talab qilishingiz mumkin.

Xizmat guvohnomasidagi ma'lumotlarga e'tibor qarating:

  • Xizmat guvohnomasi muayyan huquqni muhofaza qiluvchi organ tomonidan berilganiga;
  • Xizmat guvohnomasida xodimning F.I.Sh ko‘rsatilganiga;
  • Xizmat guvohnomasida tartib raqami ko‘rsatilganiga;
  • Xodimning lavozimi va surati ko‘rsatilgani, surat idoraning gerbli muhri bilan tasdiqlanganiga;
  • Eng asosiysi, xizmat guvohnomasining amal qilish muddati o‘tib ketmaganiga;
  • Pastki qismida boshliq imzosi mavjudligiga.

Yodda tuting:

  • Organ xodimi bilan idoraga bormaslikka qarshilik qilmang, asabiylashmang, qizishmang, vaziyatga oydinlik kiritilgunga qadar sabr qiling.
  • Indamaslik, jim turish, o‘zingizga nisbatan qarshi ko‘rsatuv bermaslik huquqlaridan foydalanishingiz mumkin.
  • Organ binosiga kirishda qachon va kimning huzuriga olib kelinganingiz haqidagi yozuvlar qayd etilishini talab qilishingiz mumkin.
  • Agar sizda shaxsiy tintuv o‘tkazilsa, kamida ikki nafar xolis bo‘lishini va bu haqida bayonnoma rasmiylashtirilishini talab qilishingiz mumkin.
  • Xolislar voyaga yetganiga;
  • Ular ishning oqibatidan manfaatdor bo‘lmagan shaxslar ekaniga;
  • Ularning huquqlari va majburiyatlari organ xodimi tomonidan tushuntirilganiga;
  • Bu haqda bayonnomada qayd etilganiga e'tibor qarating.
  • Agar lozim deb topsangiz advokat xizmatidan foydalanishingiz mumkinligini organ xodimiga ma'lum qiling.
  • Agar advokat hizmatidan foydalanmasangiz, rasmiylashtirilgan har bir hujjatga, ularning to‘liq har birini o‘qib chiqqandan so‘ng, ulardagi ma'lumotlar to‘g‘riligini tasdiqlab imzo qo‘yishingiz ham, imzo qo‘ymasligingiz ham mumkin.
  • Agar advokat xizmatidan foydalanishingizni ma'lum qilsangiz, u kelguncha harakatlaringizni keyinga qoldiring, ya'ni har bir rasmiylashtirilgan hujjatni o‘qib chiqib, ularga tegishli imzo qo‘yishni advokat kelgunga qadar kechiktirishingiz mumkin.
  • Advokat kelganidan so‘ng, u bilan xoli uchrashib, har bir harakatingizni kelishib oling.
  • Har qanday vaziyatda qonun doirasida harakat qilishingiz kerakligini esda tuting.
    • Siz aybsizligingizni o‘zingiz isbotlab berishga majbur emassiz;
    • Har qanday shubha sizning foydangizga hal qilinishini unutmang;
    • Ilgari surilayotgan ayb qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlanmagunga qadar aybsiz hisoblanasiz. Bular aybsizlik prezumpsiyasi deb atalishini yodda tuting.
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top