O‘zbekiston | 09:13 / 25.05.2024
10383
2 daqiqa o‘qiladi

Darslik yo‘qolsa, o‘quvchi jarima to‘laydi – maktablarda darsliklar qanday ijaraga beriladi?

Maktablarda o‘quv yili tugadi, o‘quvchilar yil davomida foydalangan darsliklarini topshirishlari kerak. Yo‘qotilgan kitoblar uchun esa jarima to‘lanadi. Darsliklarga oid qoidalarni ko‘rib chiqamiz.

Darsliklar kimlarga bepul foydalanishga beriladi?

Birinchi sinf o‘quvchilari, “mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, maxsus maktab va maktab internat o‘quvchilari, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning bolalari darsliklar bilan bepul ta’minlanadi.

Bu toifaga kiruvchilar ro‘yxati har yili 1 sentabrgacha tayyorlanadi.

Qolgan o‘quvchilar uchun darsliklar ijarasi shartnomasi tuziladi va 30 sentabrgacha ijara puli to‘lanishi kerak. O‘quvchining ota-onasi moliyaviy ahvoli yaxshi bo‘lmasa, bu muddatgacha faqat 50 foizini to‘lab, qolganini 30 noyabrgacha to‘lashi mumkin.

O‘quvchi maktabini almashtirsa, darslikni tashlab ketadi

Qoidaga ko‘ra, o‘quvchi boshqa maktabga o‘tganda unga bepul foydalanish uchun berilgan darsliklar uch kun ichida umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasiga qaytarilishi lozim.

Bunda umumta’lim maktabi ma’muriyati tomonidan o‘quvchi bu yil darsliklar bilan bepul ta’minlanishi kerakligi to‘g‘risida ma’lumotnoma beriladi. Bu ma’lumotnoma bilan o‘quvchi yangi maktabda ham bepul tarzda darslik oladi.

O‘quvchi kitobni yo‘qotsa-chi?

Agar o‘quvchi darslikni yo‘qotsa yoki uni foydalanishga yaroqsiz holatga keltirsa, buning uchun xuddi shu darslik bilan uning o‘rnini qoplashi kerak. Yoki kitobning birlamchi hujjatlarda (hisob-fakturada, yuk xatida) ko‘rsatilgan qiymatini quyidagi miqdorlarda to‘laydi:

1-sinf o‘quvchilarining har bir darslik va (yoki) O‘MQlari uchun — uning bir baravari miqdorida;

2 — 4-sinf o‘quvchilarining har bir darslik va (yoki) O‘MQlari uchun — uning ikki baravari miqdorida;

5 — 9-sinf o‘quvchilarining har bir darslik va (yoki) O‘MQlari uchun — uning to‘rt baravari miqdorida.

Mavzuga oid