Baxmut atrofidagi janglar va okoplardagi rus askarlari jasadlari. Urush suratlari
Ukrainada urushning 339-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
Rossiya mudofaa vazirligi Luhansk oblastining annexia qilingan qismidagi Novoaydar posyolkasiga HIMARS orqali berilgan zarba oqibatida 14 kishi halok bo‘lib, 24 kishi jabrlanganini xabar qildi.
Xalqaro olimpiya qo‘mmitasi rossiyalik va belaruslik sportchilar 2024 yil Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiadaga betaraf bayroq ostida borishi mumkinligini aytdi. Ukraina esa bu holda O‘yinlarni boykot qilish ehtimolini ko‘rib chiqadi.
Rossiyaning turli shaharlarida 10 yil muddatlik biometrik xorijga chiqish pasporti («zagranpasport») rasmiylashtirish vaqtincha to‘xtatildi.
Ukrainaning Fransiyadagi elchisi Vadim Omelchenkoning ma’lum qilishicha, G‘arb mamlakatlari Ukrainaga jami 321 ta tank va’da qilmoqda.
Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixaylo Podolyakning aytishicha, Ukrainaga samolyotlar va uzoq masofaga harakatlanuvchi samolyotlar berish bo‘yicha muzokaralar boshlangan va tezlashtirilgan rejimda olib borilmoqda.
Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Ukrainani Afg‘oniston bilan tenglashtirdi va uni «hech kimning yeri emas» deb atadi. Vengriya elchisi Ukraina TIVga chaqirildi.
Seversk atrofidagi okoplarda halok bo‘lgan rossiyalik harbiylarning jasadlari
Asosan «Vagner» otryadlaridan iborat bo‘lgan Rossiya kuchlari iyul oyidan buyon Donbassdagi muhim transport tuguni bo‘lmish Baxmutga hujum qilmoqda. Ukrainlarning bu istehkomi Kramatorsk, Slovyansk, Toretsk va Seversk tomon yurishlarni ham to‘sib turadi. Front chizig‘i Severskdan bir necha kilometr masofada joylashgan. Shahar ushbu yo‘nalishdagi boshqa aholi yashash manzillari kabi Rossiya artilleriyasi tomonidan o‘qqa tutib kelinmoqda. «Frans-Press» agentligi 28 yanvar kuni Seversk atrofidagi front chizig‘idagi okoplarda halok bo‘lgan rossiyalik harbiylarning suratlarini e’lon qildi.
Konstantinovka o‘qqa tutilishi oqibatlari
28 yanvar kuni Rossiya armiyasi Donetsk oblastining Konstantinovka shahrini o‘qqa tutdi. Donetsk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Pavel Kirilenkoga ko‘ra, zarbalar turar joylar kvartaliga berilgan, natijada to‘rtta ko‘p qavatli uylar, avtomobil garaji, mehmonxona va fuqarolar avtomobillari shikastlangan. Konstantinovka o‘qqa tutilgach, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ittifoqchilarni Kiyevga uzoq masofaga harakatlanuvchi raketalar yetkazib berishga chaqirdi.
Chasiv Yar o‘qqa tutilishidan keyingi vayrongarchiliklar
27 yanvar kuni Donetsk oblasti Baxmut rayonidagi Chasiv Yar shahri o‘qqa tutildi. Oblast ma’muriyati rahbari Pavel Kirilenkoga ko‘ra, ushbu hujum oqibatida ikki kishi halok bo‘lib, besh kishi yaralangan. Turar joy binolari va ma’muriy binolar, shuningdek avtomobillar shikastlangan.
Novoaydarda vayron bo‘lgan shifoxona
Rossiya mudofaa vazirligi 28 yanvar kuni Luhansk oblastining annexia qilingan qismidagi Novoaydar posyolkasidagi shifoxonaga zarba berilishi oqibatida 14 kishi halok bo‘lib, 24 kishi jarohatlangani haqida xabar berdi. Vazirlikka ko‘ra, muassasada harbiy xizmatchilar va mahalliy aholi vakillari davolangan. Vazirlik xabarida shifoxona HIMARS raketa tizimidan o‘qqa tutilgani aytilgan. Kiyev bu bayonot yuzasidan izoh bermadi. TASS agentligi vayron bo‘lgan shifoxona suratlarini e’lon qildi.