Ayrim talaba xotin-qizlar kontrakt to‘lovi hokimliklar tomonidan to‘lab beriladi
Ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talaba xotin-qizlar davlat OTMlariga kontrakt asosida o‘qishga kirganida kontrakt to‘lovi Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan to‘lab beriladi.
“Huquqiy axborot” kanalida yozilishicha, bunda har bir hududdan o‘qishga kirgan 40 nafardan, ikkinchi va undan yuqori bosqichlarda tahsil olayotgan 110 nafar, jami 150 nafar xotin-qizlar uchun to‘rt yillik kontrakt to‘lab beriladi.
Buning uchun ariza oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasiga berilishi kerak.
Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorini to‘lab berish maqsadida talabgorlarni tanlab olish quyidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi:
a) kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar. Bunda kam ta’minlangan oila deganda «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali belgilangan tartibda kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oila tushuniladi;
b) ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, ya’ni yetim yoki ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talaba xotin-qizlar;
v) ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, ya’ni boquvchisini yo‘qotgan (turmush o‘rtog‘i vafot etgan), voyaga yetmagan farzandlarni yolg‘iz tarbiyalayotgan ehtiyojmand ayollar.
Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilgan test sinovi (kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) natijalariga ko‘ra davlat oliy ta’lim muassasalariga bazaviy to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan va 2-4-kurslarda tahsil olayotgan, mezonlarga mos keluvchi xotin-qizlar test natijalari e’lon qilingan kundan boshlab arizani har yili 10 kalendar kun ichida oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasiga taqdim etadi.
Oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan talabgorlar ijtimoiy holati to‘g‘risida ma’lumotlar (talabgor tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi, ota-onasi yoki ular biri vafot etgani to‘g‘risida o‘lim guvohnomasi, turmush o‘rtog‘i vafot etgani to‘g‘risida o‘lim guvohnomasi nusxasi va voyaga yetmagan farzandi tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi) «Elektron hukumat» tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali olinadi.
Har bir davlat oliy ta’lim muassasasi belgilangan mezonlar asosida talabgorlar ro‘yxatini tahlil qilib, keltirilgan mezonlar asosida talabgorlar ro‘yxatini 5 kalendar ish kunida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga yuboradi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan har yili 5 kalendar ish kuni ichida talabgorlar ro‘yxati, talab etilgan hujjatlar (talabgor tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi, ota-onasi yoki ular biri vafot etgani to‘g‘risida o‘lim guvohnomasi nusxasi, yoxud turmush o‘rtog‘i vafot etgani to‘g‘risida o‘lim guvohnomasi nusxasi va voyaga yetmagan farzandi tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi) ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya etilgan holda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdorlari aniq ko‘rsatilgan holda yozma ravishda doimiy yashash joyi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga yuboriladi.
Mavzuga oid
20:25 / 23.08.2024
Oliy ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili 9 sentabrda boshlanadi
15:45 / 19.08.2024
Yangi o‘quv yilida qancha abituriyent talabalikka tavsiya etilgani ma’lum qilindi
10:56 / 18.08.2024
1-kursga kirganlar yotoqxona uchun ariza bera olmayotgani sababi ma’lum qilindi
19:22 / 17.08.2024