Jahon | 13:04 / 22.04.2025
5311
10 daqiqa o‘qiladi

Isroilning asl maqsadi, vafot etgan Rim papasi va Ukraina urushidan charchagan AQSh - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroil asl maqsadini oshkor qilmoqda

Isroil moliya vaziri, ultrao‘ng millatchi Betsalel Smotrich HAMAS tomonidan garovga olingan fuqarolarni ozod qilish ayni paytda hukumat uchun asosiy vazifa emasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘azodagi urushda g‘alaba qozonish — birlamchi maqsad. Ushbu bayonot jamiyatda katta bahslarga sabab bo‘ldi.

Muxolifat yetakchilari va garovdagi yaqinlarining oilasi Smotrichni keskin tanqid qildi. Ularga ko‘ra, vazir insoniylik va milliy burchni rad etmoqda.

«Bu hukumat garovdagi yaqinlarimizni qasddan unutib, ularni qurbon qilmoqda», deb chiqish qildi oilalar forumi.

Hamkor partiya vakillari ham Smotrich so‘zlarini qoralab, garovda ushlab turilgan fuqarolarni qaytarishni «eng muhim vazifa», deb atashdi. Ammo Binyamin Netanyahu hukumatining urushni to‘xtatishga tayyor emasligi jamiyatda jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

G‘azoni qo‘llab kelgan Rim papasi o‘ldi

Katolik dini rahbari, Rim papasi Fransisk 88 yoshida vafot etdi. U nafaqat pontifik, balki Falastin haq-huquqini ochiq himoya qilgan kam sonli yetakchilardan biri sifatida xotiralarda qoldi.

U G‘azodagi urush boshlangan ilk kunlardanoq Isroilning maktab va shifoxonalarga bombardimonini ochiq tanqid qildi, «bu urush emas, shafqatsizlik», deb ta’kidlagan edi. 2023 yil dekabrida esa Fransisk G‘azodagi vaziyatni «genotsid alomatlari bor» deb atagan va xalqaro tanqidlarga qaramay, o‘z so‘zidan qaytmagan edi.

U har kuni G‘azodagi yagona katolik cherkovi bilan aloqada bo‘lib, u yerdagi fuqarolarga tasalli berdi. Joriy yil boshida Vatikandan chiqmay turib, Isroil tajovuzini «insoniylik uchun sharmandalik», deb atagan edi.

Yakshanba kuni, o‘limidan bir kun oldin, Fransisk katoliklarni Pasxa bilan tabriklagan, o‘z nutqida «G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, garovdagilarni ozod etish va g‘azoliklarga insonparvarlik yordami yetkazib berish»ga chaqirgandi.

So‘nggi oylarda uning sog‘lig‘ida jiddiy muammolar kuzatildi. U ikki tomonlama o‘pka yallig‘lanishi sababli 38 kun shifoxonada yotdi, 6 aprelda esa davolanishdan so‘ng ilk bor omma oldida papamobilda ko‘rinish bergan edi. Uning o‘limiga insult va miyaga qon quyilishi sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Ukraina urushidan charchagan AQSh

Vashington Ukraina urushi bo‘yicha muzokaralardan chiqishi mumkinligi aytilmoqda. Tramp jamoasi Ukraina bo‘yicha muzokaralarda harakatsizlikni tanqid qilmoqda. Prezidentning maxsus vakili Kit Kellog Amerika ushbu urushdan charchagani va boshqa ustuvor yo‘nalishlarga e’tibor qaratishi lozimligini bildirdi.

«Biz bo‘layotgan voqealardan charchadik. Dunyoda AQSh ishtirok etayotgan boshqa inqirozlar ham talaygina. Bu urush esa haddan ziyod cho‘zilib ketdi», — dedi Kellog.

Unga ko‘ra, AQShdagi kayfiyat keskin o‘zgarmoqda. Agar yaqin kunlarda muzokaralarda siljish bo‘lmasa, Vashington jarayondan chiqishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, AQSh ikki tomon kelishuvga borsa, urushni to‘xtatish mumkinligini ta’kidlamoqda.

Kellog Ukraina NATOga a’zo bo‘lmasligini yana bir bor bildirdi. Shu bilan birga, u Kiyevni tinchlikka erishish uchun muqobil yo‘llarni izlashga chaqirdi.

«Bu masala muhokama qilinmaydi. Biz 2008 yildayoq Ukraina hech qachon NATO a’zosi bo‘lmasligini aniq-taniq qilib aytgandik. Bu haqda o‘shanda Uilyam Byorns ta’kidlagan, o‘zim ham 2013 yilda yozgan edim», — dedi Kellog.

NATO esa Ukraina uchun a’zo bo‘lish eshiklari ochiqligini qayd etmoqda.

Putin muzokaralar ehtimoli haqida

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina rahbariyati tomonidan fuqarolik infratuzilmasiga zarbalarni to‘xtatish bo‘yicha bildirilgan taklifni muhokama qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu masala «sinchiklab o‘rganilishi va ehtimol, ikki tomonlama muzokaralar asosida» ko‘rib chiqilishi mumkin.

Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham bu bayonot to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ukraina bilan muzokaralar o‘tkazish ehtimolini anglatishini tasdiqladi.

Avvalroq, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kremlni 30 kunlik va uzaytirish imkoniyati bilan har qanday uzoq masofali dron va raketa zarbalaridan voz kechishga chaqirgan edi. Uning ta’kidlashicha, bunday tanaffus tinch aholi hayotini asrashga xizmat qilishi mumkin.

Neft daromadlaridan mahrum bo‘layotgan Rossiya

Rossiya iqtisodiyoti 2025 yildan neft daromadlarining keskin kamayishiga tayyorlanayotgani ma’lum qilindi. Yangilangan prognozga ko‘ra, Urals nefti narxi har barreli uchun 56 atrofida bo‘ladi — bu esa pandemiya davridan beri eng past ko‘rsatkich. Bu ko‘rsatkich budjet xarajatlarini hisoblash uchun belgilangan 60 dollarlik so‘nggi nuqtadan ham past.

Narxning tushishiga AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo qarama-qarshiligi va global iqtisodiy sekinlashuv sabab bo‘lmoqda. Birinchi chorakda neft-gazdan tushgan daromad o‘tgan yilga nisbatan 10 foizga kamaydi. Fiskal taqchillik shundoq ham 2,2 trln rublga yetgan.

Ekspertlarning taxmin qilishicha, agar narxlar 55 dollargacha qulasa, farovonlik fondidan 0,9 trln rubl sarflanishi mumkin. Shu bilan birga, ayni paytda Rossiyada rublning mustahkamlanishi ham budjetga salbiy ta’sir qilmoqda, chunki soliqlar dollarda hisoblanadi.

Harvard Trampga bo‘ysunmoqchi emas

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Harvard universitetiga 1 mlrd dollarlik federal mablag‘ni to‘xtatish niyatida. Bu qaror universitetda talabalar tomonidan Falastinni qo‘llab-quvvatlash aksiyalari o‘tkazilganidan so‘ng qabul qilingan. Prezident ma’muriyati universitetga bir qator rasmiy talablar yuborgan, ammo Harvard bu talablarga rozi bo‘lmagan.

Oq uyda ushbu rad javob qattiq norozilik uyg‘otgan. Ta’kidlanishicha, bu mablag‘lar tibbiyot tadqiqotlari va grantlarga yo‘naltirilgan. Tramp ma’muriyati Kolumbiya universiteti kabi muassasalarga nisbatan yumshoq yondashishni rejalashtirgan, ammo Harvardning javobi siyosatni keskinlashtirdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, universitet hukumat talablarini bajarishdan bosh tortgan va sudga murojaat qilgan. Bu orqali 8,7 mlrd dollarlik moliyaviy foydalanish tekshiruvi boshlangan. Belgilangancha, moliyalashtirishdan tashqari 60 mln dollarlik kontraktlar ham muzlatilishi mumkin.

Durov: Telegram shaxsiy yozishmalarni «sotmaydi»

Telegram asoschisi Pavel Durov Fransiya hukumatining messenjerlarga bekdor o‘rnatish talabini keskin rad etdi. Uning ta’kidlashicha, kompaniya shifrlash tizimini buzib, inson huquqlarini poymol qilganidan ko‘ra, yaxshisi bozorni tark etgani ma’qul.

Fransiyada Senat narkotiklarga qarshi qonuniy tashabbus doirasida bekdor talabini tasdiqlagan, ammo milliy parlament uni rad etgan. Durov bu holatda Fransiya o‘z fuqarolarining shaxsiy hayoti daxlsizligini yo‘qotgan birinchi davlatga aylanishi mumkinligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Telegram 12 yil mobaynida hech bir shaxsiy xabarni oshkor etmagan. Yevropa qonunchiligi faqat IP-manzil va telefon raqamlarini taqdim etishga ruxsat beradi.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyida Fransiyada Durovga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgandi. Shundan so‘ng, Telegram maxfiylik siyosatiga o‘zgartish kiritdi.

Florida aeroportida samolyot yondi

AQShning Florida shtatidagi Orlando aeroportida Delta Airlines kompaniyasiga tegishli Airbus A330-300 yo‘lovchi samolyotining dvigateliga o‘t ketdi. Hodisa samolyot uchishga hozirlanayotgan bir paytda harakatlanish yo‘lagida yuz berdi.

Samolyot sahnida 282 nafar yo‘lovchi, 10 nafar bort xodimi va 2 nafar uchuvchi bo‘lgan. Olovning tez tarqalishi sabab barcha yo‘lovchilar tezkor ravishda shishiriladigan havo traplari orqali evakuatsiya qilindi.

Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, yong‘in vaqtida bartaraf etilgan va vaziyat nazoratga olingan. Hozircha jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q.

Hodisa yuzasidan tekshiruv boshlangani va xavfsizlik talablariga rioya etilgan-etilmagani aniqlanishi bildirilmoqda.

Airbus «yashil» loyihasini to‘xtatdi

Amerikadan samolyotlarga oid yana bir xabar. Airbus kompaniyasi 1,7 mlrd yevro sarflagan vodorodli samolyot loyihasini to‘xtatdi. 2035 yilgacha havoga ko‘tarilishi kerak bo‘lgan ushbu ekologik layner amalga oshmasligi ma’lum bo‘ldi.

The Wall Street Journal xabariga ko‘ra, muhandislar dvigatel havoni ifloslantirishda davom etishini va vodorod texnologiyalari iqtisodiyotda juda sekin joriy etilayotganini ta’kidlashgan.

Loyiha jamoasi texnik muammolar va infratuzilmaning hali shakllanmagani sabab o‘z vaqtida natijaga erisha olmaslikni tan oldi. Shu bois Airbus investorlar qo‘llab-quvvatlovisiz loyihani muzlatib turishga qaror qildi.

Shunga qaramay, kompaniya kelajakda vodorodli parvozlar g‘oyasidan mutlaqo voz kechmasligini bildirgan.

Mavzuga oid