20:32 / 19.10.2015
4802

Amerikada uch g‘ildirakli arzon elektromobil namoyish etildi

AQShning Arcimoto kompaniyasi SKR deb nomlangan shahar elektromobilini namoyish etdi. Uch g‘ildirakli avtomobil ikki yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, narxi 11900 dollarni tashkil etadi.

Shahar elektrokariga ikkita elektr dvigatel o‘rnatilgan bo‘lib, ular 12 kilovatt-soat hajmli litiy-ionli akkumulyator jamlanmasidan quvvat oladi.

Dvigatellar quvvati ma'lum qilingani yo‘q, biroq Arcimotor SKR turgan joyidan soatiga 96 kilometr tezlikka erishishi uchun 7,5 soniya kerak bo‘lishini aytib o‘tgan. Elektromobilning eng yuqori tezligi esa soatiga 136 kilometrni tashkil etadi.

Takomillashtirilgan SKR uchun hajmi 20 kilovatt-soatli akkumulyator ham taqdim etilib, u bir martalik quvvat bilan 208 kilometr masofani bosib o‘tishga yetadi. Shuningdek, mijozlar avtomobilning ortida maxsus bo‘lmasi bo‘lgan yuk tashuvchi namunasiga ham buyurtma berishlari mumkin.

Wired nashrining ma'lum qilishicha, SKR rasman mototsikl hisoblanadi, shuning uchun elektrokarga avtomobillarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari shart emas. Shu bilan birga, uni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi AQShning bir nechtagina shtatida talab etiladi.

Arcimoto kompaniyasi SKR ustida tashkil etganidan buyon o‘tgan 8 yildan beri shug‘ullanib kelgan. Uning savdosi esa AQShda 2016 yilning oxiri, 2017 yil boshlaridan yo‘lga qo‘yiladi.

2014 yil dekabrida DeltaWing kompaniyasi ham uch g‘ildirakli elektromobilini ishlab chiqishga kirishgan edi. Taxminlarga ko‘ra, model narxi 15 ming dollarni tashkil etadi. Shuningdek, Elio Motors ham arzon uch g‘ildirakli elektromobil ishlab chiqish ustida izlanish olib bormoqda. Uning qiymati 6,8 ming dollarni tashkil etishi kerak. Bunda unga 0,9 litrli benzinli motor ham o‘rnatilib, yonilg‘i sarfi yuz kilometr uchun 2,8 litrni tashkil etadi.

Top