O‘zbekiston | 14:33 / 11.11.2015
6846
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklar oziq-ovqat mahsulotlariga maoshlarining 40 foizini sarflaydilar

O‘zbekiston oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi mutaxassislari mamlakat fuqarolari oziq-ovqat mahsulotlariga o‘rtacha qancha pul ishlatishlarini hisoblab chiqishdi. Tahlil natijalariga ko‘ra, ayni paytda har bir fuqaro bir oy davomida o‘rtacha 40 turdagi mahsulotlar sotib oladi, bunga oylik maoshining 40 foizini sarflaydi.

Bundan tashqari, hisobotda keltirilishicha, oxirgi 20 yilda O‘zbekistonda go‘sht iste'moli jon boshiga 1.3, sut mahsulotlari iste'moli 1.6 barobarga, qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari iste'moli 4 barobarga o‘sdi.
Shu bilan bir qatorda, oziq-ovqat mahsulotlari iste'moli hajmlari minimal me'yorlar bilan qiyoslandi.

Masalan, go‘sht va go‘sht mahsulotlari iste'molining yillik me'yori 1.2 mln tonnani tashkil qilgani bilan, sohada yiliga 1.9 mln tonna mahsulot ishlab chiqarilmoqda.
Sut va sut mahsulotlari iste'moli hajmi esa joriy yilda 4.8 mln tonnaga yetdi. Oxirgi 5 yil ichida respublikada bu mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmi 8.6 mln tonnaga ortdi. Oziq-ovqat sanoatining mamlakat ishlab chiqarishidagi ulushi ham oshmoqda. Agar 2011 yilda bu ko‘rsatkich 12.6 foizga teng bo‘lsa, hozir 17 foizga yetdi.

2015 yilning 3 choragi mobaynida oziq-ovqat sanoati ishlab chiqarishining hajmi 10 trln so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yil shu davriga nisbatan 16.5 foizga ortdi.
Hisobot davrida tarmoqda 291.7 mlrd so‘mlik loyihalar amalga oshirildi. Bu 9.8 ming qo‘shimcha ish o‘rni yaratishga xizmat qildi.

2015 yil oxiriga qadar 389.8 mlrd so‘mlik loyihalar amalga oshirish va 10.5 ming ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
Bugungi kunda oziq-ovqat sanoati korxonalari 3 ming turdagi mahsulotlar yetkazib bermoqda. Har yili o‘rtacha 80 yangi nomdagi mahsulot bu ro‘yxatga qo‘shilmoqda.