15:05 / 21.11.2018
44928

Akmal Saidov: «​Ibodat libosi»​ masalasida keng jamoatchilik fikri inobatga olinishi kerak​

Foto: Xalqaro press-klub

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi rahbari «jamoat joyida ibodat libosida yurishni taqiqlash» masalasida​​ keng jamoatchilikning fikri inobatga olinishi zarur, deb biladi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, yuridik fanlar doktori Akmal Saidov Xalqaro-press klubning navbatdagi press-brifingida ma'lum qildi. 

21 noyabr kuni Xalqaro-press klubda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 70 yilligiga bag‘ishlagan Markaziy Osiyo xalqaro forumi oldidan tashkil etilgan press-brifing​ davomida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi rahbari​ Akmal Saidov Kun.uz muxbirining savoliga javob berib, «​Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»​gi qonun yangi tahrirda ishlab chiqilayotganini ma'lum qilgan.

«​Qonun loyihasi yangi tahrirda tayyorlanmoqda. Unda ko‘p arxaik qoidalar chiqarib tashlangan. Masalan, diniy tashkilotlarni ro‘yxatga olish erkinlashtiriladi, hisobot berish yengillashtirilgan, davlat boji miqdori ham kamaytirilgan. Eng muhimi, endi diniy tashkilotlar faoliyatini tugatish yoxud to‘xtatish masalasi faqat sud qarori bilan amalga oshirilishi belgilanmoqda»​, - deydi u.

Akmal Saidovning aytishicha, «jamoat joyida ibodat libosida yurishni taqiqlash» masalasida ham ish olib borilmoqda.

«Aslida, har millatning o‘z libosi bo‘lgan. Masalan, paranji bizda bo‘lgan, ammo musulmon davlatlarda paranji degan tushuncha yo‘q. Bu nuqtada milliy va diniy libos tushunchalari aralashib ketgan. Mening o‘ylashimcha, shu masala erkin bo‘lishi kerak», - deya fikr bildirgan markaz rahbari. 

Saidov ibodat libosiga oid masalani jamoatchilik o‘rtasida keng muhokama etishni taklif etmoqda. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi rahbari ushbu masalada faqat mutaxassislarning emas, balki keng jamoatchilikning fikri inobatga olinishi kerak, deb hisoblaydi.

Top