17:59 / 01.07.2022
10671

Toshkent shahar issiqlik ta’minoti xususiy sherikka berildi 

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan «Veolia Energy Tashkent» kompaniyasiga Toshkent shahri markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimini ekspluatatsiya qilish, texnik xizmat ko‘rsatish va boshqarish vazifalari yuklatilgan. 

2022 yil 1 iyuldan «Veolia Energy Tashkent» ilgari «Toshissiqquvvati» DUK boshqaruvida bo‘lgan barcha faoliyat turlarini amalga oshirishni boshladi.

2021 yil 29-30 sentabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan «O‘zbekiston iqtisodiy forumi» doirasida Moliya vazirligi, Toshkent shahri hokimiyati va «Veolia Energy Tashkent» o‘rtasida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bitimi imzolangan edi.

Unga ko‘ra, Toshkent shahar issiqlik ta’minoti davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida Fransiyaning «Veolia» kompaniyasiga 30 yil muddatga boshqaruvga berildi. Dastlabki 2 yilda «Veolia» pilot loyiha sifatida Bektemir va Sergeli tumanlaridagi 118 ta ko‘p qavatli uy va 43 ta ijtimoiy soha obekti issiqlik tizimlarini modernizatsiya qiladi.

Pilot loyiha doirasida «Veolia» kompaniyasining 15 mln yevro investitsiyasi hisobiga 13,5 mingta issiqlik va 153 mingta issiq suv o‘lchagichlarini o‘rnatish, 142 ta avtotransport, 451 ta texnika va 1 ta mobil qozonxonani xarid qilish, 1 142 ta issiqlik stansiyasini o‘rnatish va rekonstruksiya qilish, 22,3 gkal/s quvvatli lokal qozonlarni modernizatsiya qilish, 53,4 km issiqlik tarmoqlarini rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilmoqda.

Loyiha amal qilish davrida xususiy sherik tomonidan jami 181 ta inshoot va qozonxonani modernizatsiya qilish, 575,6 km issiqlik tarmoqlarini qurish, 841,1 km tarmoqlarni rekonstruksiya qilish, 51,5 ming dona issiqlik va 2 464,6 ming dona issiq suv o‘lchagichlarni o‘rnatish, shuningdek, 391 ta maxsus texnika (avtomashinalar) xarid qilinadi.

Mazkur ishlarni moliyalashtirishga xususiy sherik tomonidan 362 mln yevro (shundan, 20 mln yevro to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya, 342 mln yevro loyihadan olinadigan foydasi hisobidan) va 982 mln yevro iste’molchilardan olinadigan to‘lov mablag‘lari hisobidan jalb qilinadi.

Tariflar keskin oshib ketishining oldini olish maqsadida aholiga pasaytirilgan tariflarni qo‘llash va ko‘riladigan zararlarni qoplash uchun Toshkent shahar budjetidan 2021-2027 yillarda 8,4 trln so‘m subsidiya ajratiladi.

Top