15:13 / 24.05.2020
10933

Pandemiya va atrof-muhit: virus insoniyatning yashil energetikaga o‘tishini tezlashtiradimi?

Pandemiya iqtisodiyotdagi faollikning qisqarishi, transport harakatining to‘xtashiga olib kelish bilan birga, iqlimga ham ta'sir ko‘rsatmay qolmayapti. Bu ta'sirda energetika sohasidagi o‘zgarishlar muhim o‘ringa ega.

Pekin yaqinidagi quyosh panellari va shamol turbinalari / Photo: VCG

AQSh Energiyaga oid ma'lumotlar boshqarmasining yangi prognozlariga ko‘ra, bu yil Amerikada qayta tiklanuvchi manbalardan olingan elektr energiyasi hajmi tarixda birinchi marta ko‘mirdan olingan elektr energiyasi miqdoridan ko‘p bo‘lishi kutilyapti.

Bloomberg`ning yozishicha, bu – juda zo‘r natija sifatida baholanmoqda. 10 yil avval AQShda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining qariyb yarmi ko‘mirni yoqish orqali olinardi.

Tramp administratsiyasi pandemiyaning shiddat bilan yoyilayotganiga qaramay, halokat yoqasidagi sanoatni tiklash uchun barcha choralarni ko‘rishga harakat qilmoqda. Jamoatchilik prezident ma'muriyatining bu xatti-harakatlari 10 minglab qurbonlarga olib kelishi mumkinligini aytmoqda.

13 may kuni AQShning 9ta shtati prezident administratsiyasini sudga berdi. Da'vogarlarning fikricha, prezident administratsiyasi inqiroz davrida mamlakatning atrof-muhitni muhofaza qilish haqidagi qonunlari ijrosini ta'minlash majburiyatini bajarishdan bosh tortmoqda.

Bunga administratsiyaning harakatlanishga qo‘yilgan cheklovlar va ishchi kuchi yetishmasligi bahonasida atrof-muhit muhofazasi haqidagi qonun amaliyotini yumshatish to‘g‘risida chiqargan qarori sabab bo‘ldi.

Pandemiya boshlangach, Amerikada toza energiya sohasida mehnat qilayotgan qariyb 600 ming xodim ishsiz qoldi. Bu – mazkur tarmoqda so‘nggi uch yilda yaratilgan ish o‘rinlaridan ikki barobardan ko‘proqdir. Umuman, sanoatning shu tarmog‘ida band aholining deyarli 18 foizi ishini yo‘qotdi.

Bundan tashqari, qanchalik g‘alati bo‘lmasin, havo ifloslanishining kamayishi Kaliforniyada iqlim muhofazasiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Issiqxona gazlari ajralib chiqishi kamaysa, o‘z-o‘zidan issiqxona gazlari kvotalari savdosidan tushadigan daromadlar ham kamayadi. Atrof-muhitni muhofaza qilish tadbirlari ayni shu daromadlar hisobidan moliyalashtiriladi.

Xitoy

Issiqlik elekt stansiyasidan tutun ko‘tarilmoqda. Chanshu, Xitoy
Foto: Qilai Shen/Bloomberg

Xitoy qazilma yoqilg‘ilarning atrofga eng ko‘p ziyon yetkazuvchi turi –ko‘mirdan voz kechish uchun milliardlab dollar sarflamoqda.

Mamlakatdagi ba'zi yirik davlat kompaniyalari gibrid loyihalarga katta pul tikmoqda. Bu orqali shamol va quyosh energiyasini birlashtirib, energiyani zaxirada jamlash imkoni yaratiladi. Ya'ni gibrid loyihalar quyosh charaqlamagan, shamol esmagan paytda ham uzluksiz energiya ta'minotini yaratishi lozim.

Yevropa

Yevropada vaziyat nisbatan yaxshi. Ba'zi mamlakatlar atmosfera ifloslanish darajasining qisqarishini qo‘llab-quvvatlamoqda. Xususan, Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson aviaqatnovlar tiklangandan keyin jahon aviasanoati karbon dioksidi gazlari chiqarilishini qisqartirishi lozimligini ta'kidladi.

«Joriy yil sayyorada karbonat angidrid chiqarilishi rejalashtirilmagan tarzda sezilarli darajada qisqaradi. Bu holatni saqlab qolishimiz kerak. Atmosferaga zararli tashlanmalar chiqarilgan avvalgi davrga qaytishimizni ko‘rishni istamasdim», dedi Jonson 13 may kuni parlamentdagi chiqishida.

Yevropa ittifoqi a'zo davlatlari hozirda «Yashil bitim»ning ishchi variantini ko‘rib chiqishmoqda. Germaniya kansleri Angela Merkelning siyosiy ittifoqchilari Ittifoqning boshqa davlatlarini iqlim muhofazasidagi harakatlarni kuchaytirishga va bu borada mas'uliyatning ko‘proq qismini o‘zlariga olishga undamoqda.

«Yashil bitim» – Yevroittifoqni 30 yildan keyin karbon gazlari neytral bo‘lgan hududga aylantirishni ko‘zda tutuvchi yirik loyiha. Shuningdek, unda jami energiya iste'molining 32 foizini qayta tiklanuvchi energiya hisobiga tashkil etish nazarda tutiladi. 2021 yildan boshlab Yagona qishloq xo‘jaligi siyosati budjetining 40 foizi iqlim muammolarini hal qilish uchun yo‘naltiriladi.

Ushbu ijobiy o‘zgarishlar o‘z yo‘liga. Ammo insoniyat iqlim oldidagi avvalgi xatolari uchun tovon to‘lashi lozim. Yaqin o‘n yillikda issiqlik va namlikning halokatli kombinatsiyasi sayyoraning hozirda hayot mavjud bo‘lgan hududlarini bir necha oyga yashash imkonsiz bo‘lgan holatga keltirishi mumkinligi haqida iqlimshunoslar avvalroq ogohlantirishgan edi. Ya'ni muayyan hududda issiqlik va namlik darajasi 35 darajaga yetganda inson tanasi «tiriklik chegarasi»da bo‘ladi – issiq va nam harorat tananing terlash orqali o‘zini sovutishga imkon bermaydi, natijada tana hayot uchun xavfli darajada qizib ketadi. Bunday havo harorati sharoitida odam soyada harakatsiz, yetarlicha suv zaxirasi bilan, terlash uchun qulay kiyimda bo‘lgan holatdagina tanasini qizib ketishidan saqlanishi mumkin.

Science Advances jurnalida chop etilgan yangi taqdiqotlarga ko‘ra, havo haroratidagi bunday o‘zgarish ko‘p kuttirmasdan yaqin orada kuzatilishi mumkin – Fors ko‘rfazi, Pokistonning ba'zi hududlari va Meksika ko‘rfazi sohillarida issiqlik va namlikning aralashuvi holatlari qayd etila boshlangan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top