20:20 / 30.03.2018
6395

Innovatsion rivojlanish vazirligi va Rivojlanish strategiyasi markazi o‘rtasida memorandum imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Rivojlanish strategiyasi markazi  o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandumning yo‘l xaritasiga ko‘ra, vazirlik hamda markaz birgalikda davlat organlari, ilmiy-tadqiqot, axborot-tahliliy, oliy o‘quv yurtlari va boshqa tashkilotlar vakillari o‘rtasida innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tanlov tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi bazasida innovatsion rivojlanish qobiliyatlari bo‘yicha davlat organlarining yuqori mansabdor shaxslari uchun maxsus trening-master-klasslarini o‘tkazadi. Ta'kidlash lozim, ushbu tadbirlarda ishtirok etish uchun dunyoning eng yirik innovatsion markazlaridan yetakchi mutaxassislar, olimlar, ma'ruzachilar taklif etiladi.

Ushbu memorandum natijasida o‘tkaziladigan yana bir yirik tadbir bu oktabr oyida Toshkent shahrida yirik innovatsion forum tashkil etiladi. Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Taraqqiyot strategiyasi markazi tashabbusi bilan «Huawei Technologies Co. Ltd.» kompaniyasi hamkorligida o‘tadigan forumda istiqbolli texnik loyihalarni, ratsionalazatorlik takliflari va innovatsion ishlanmalarni aniqlash va hayotga joriy etishda katta turtki berishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, o‘zaro manfaatli bo‘lgan ilmiy tadqiqot, axborot tahlil va koordinatsion metodik yo‘nalishlar  bo‘yicha ishlarni tashkillashtirish, tomonlarning amaliy harakatlari uchun xizmat qiladigan axborot almashinuvi, Respublika va xalqaro ilmiy amaliy konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni birgalikda o‘tkazish borasida ham kelishib olindi.

Top