15:47 / 29.01.2016
4703

O‘zbekiston vakilining startapi Eurasia Mobile Challenge sovrindori bo‘ldi

O‘zbekistonlik Qodir Norovning Stolik startapi Rossiya poytaxti Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan Eurasia Mobile Challenge mobil innovatsiyalar tanlovida eng yaxshilardan biri deb topildi. Bu haqda Sputnik agentligi tashkilotchilar saytiga asoslanib xabar berdi.

O‘zbekistonlik startapchi tanlovda uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan holda shu yilning 21-25 fevral kunlari Barselonada o‘tkaziladigan xalqaro tanlov — Jahon Mobil Kongressida qatnashish huquqiga sazovor bo‘ldi.

Tanlovda Armaniston, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekistondan jamoalar ishtirok etadi. Tashkilotchilar ushbu mamlakatlarga tanlovda qatnashayotgan ishtirokchilar uchun treninglar o‘tkazish maqsadida mutaxassislarini yuboradi.

Eurasia Mobile Challenge – GSM operatorlari xalqaro assotsiatsiyasi ko‘magi ostida mobil ishlanmalar bo‘yicha dunyoning barcha qismlaridan saralab olingan ishtirokchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan World Mobile Challenge jahon ko‘rik-tanlovining bosqichlaridan biri hisoblanadi.  Tanlov mobil moliyalashtirish, digital-xizmatlar, bulutli va M2M-yechimlar, shuningdek, mamlakatlar va mintaqalardagi ijtimoiy muammolar, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga qaratilgan mobil ilovalar sohasida g‘oyalarni qidirishga yo‘naltirilgan.

Fevral oyi o‘rtalaridan AppStore va GooglePlay internet do‘konlarida paydo bo‘ladigan Stolik mobil ilovasi to‘g‘risidagi batafsil ma'lumotlarni stolikapp.com saytidan olishingiz mumkin.

Top