O‘zbekiston | 10:44 / 27.05.2024
3170
2 daqiqa o‘qiladi

London Siti va Toshkent shahri o‘rtasida hamkorlik aloqalari o‘rnatiladi

O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov London Siti meri Maykl Maynelli bilan uchrashdi.

Foto: "Dunyo" AA

"Dunyo" xabariga ko‘ra, Britaniya tomoni O‘zbekistonda iqtisodiyotni isloh qilish borasida tashqi savdo, soliq va moliya siyosatini liberallashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda ta’lim tizimini modernizatsiya qilish sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarni yuqori baholadi.

"Respublikaning London fond birjasi bilan yo‘lga qo‘yilgan yaqin hamkorligini qo‘llab-quvvatlaymiz. Shuningdek, 21 may kuni ushbu platforma orqali O‘zbekistonning umumiy qiymati qariyb 1,5 milliard dollarga teng navbatdagi suveren xalqaro obligatsiyalarining jahon moliya bozorlarida joylashtirilganini olqishlaymiz. Bundan tashqari, biz Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdormiz", dedi u.

Uchrashuv yakunida Toshkent shahri va London Siti o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va delegatsiyalar almashinuvini faollashtirish, London Sitida O‘zbekistonning investitsiyaviy, turizm va madaniy salohiyatiga bag‘ishlangan tadbirlarni birgalikda tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Mavzuga oid