22:13 / 02.05.2018
12044

Daily Mail O‘zbekistonni eng sayohatbop mamlakatlar ro‘yxatiga qo‘shdi

Buyuk Britaniyaning Daily Mail nashri "selfisevar" oilaviy sayyohlar oqimi yetib kelmagan eng yaxshi mamlakatlar ro‘yxatini tuzdi. O‘zbekiston ushbu ro‘yxatdan joy oldi. Shuningdek mazkur ro‘yxatga Qirg‘iziston va Mo‘g‘uliston ham kiritildi.

"70-yillar xippisiga aylanib, birinchilar qatorida Tailand, Vetnam va Indoneziyaga bormoqchimisiz? Markaziy Osiyoda bo‘lsangiz, xuddi shunday muvaffaqiyat bilan birinchilar qatorida bo‘lishingiz mumkin", - deb yozadi Daily Mail.

Manbada hozirda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Mo‘g‘ulistonni ko‘chmanchi sayyohlar tashrif buyurayotgani, oddiy turistlar ham ulardan biriga aylanishi mumkinligi qayd etilgan.

"O‘zbekiston - YuNeSKO Jahon merosining to‘rt obekti joylashgan eng qadimiy va unutilmas xotiralar qoldiruvchi o‘lka ekanligi bilan ham sayyohlar tashrif buyurishi kerak bo‘lgan joylar ro‘yxatida bo‘lishi lozim", - deyiladi manbada. 

Shuningdek Qirg‘iziston hozircha sayyohlar tomonidan yetarlicha baholanmagan joylardan hisoblanishi, u yerda suratkashlar uchun ajoyib manzarali joylar borligi qayd etilgan.

Bundan tashqari, sayyohlar qoidaga ko‘ra Rossiya va Xitoyga borib, yaqin oradagi Mo‘g‘ulistonga diqqat qilmasligi, biroq bu sayyohlar e'tiboriga munosib joy ekani ta'kidlanadi.

Ro‘yxatda Markaziy Osiyo mamlakatlaridan tashqari Berlin, Tokio, Chili, Argentina, Janubiy Koreya kabi shahar va  davlatlar nomi ham keltirilgan.

 

Top