O‘zbekiston | 18:57 / 30.03.2016
13826
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zMUda “Milliy va umuminsoniy madaniyatlar uyg‘unligi: nazariya va amaliyot“ mavzuida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi

Yosh avlod ma'nan kamol topishida milliy qadriyatlar va madaniyatning o‘rni beqiyos.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Madaniyat saroyi kichik zalida “Milliy va umuminsoniy madaniyatlar uyg‘unligi: nazariya va amaliyot“ mavzuida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda respublikamiz oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdilar.

O‘zMU axborot xizmatidan xabar berishlaricha, Ijtimoiy fanlar fakulteti “Ma'naviyat asoslari va dinshunoslik” kafedrasi hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur anjuman “Sog‘lom ona va bola yili” davlat dasturi ijrosini ta'minlash maqsadida hamda “Ta'limda menejment va marketingning ijtimoiy-psixologik jihatlarini ishlab chiqish va milliy madaniyatni umuminsoniy madaniyat bilan uyg‘unlashtirish” mavzusidagi amaliy grant doirasida o‘tkazildi.

Konferentsiya Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabalarining ijodiy ishlaridan tashkil topgan “San'atda milliy qadriyatlar uyg‘unligi” mavzusidagi ko‘rgazma bilan ochildi.

Aytish joizki, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish tinchlik va barqarorlikni saqlash, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, inson, uning xuquq va erkinliklarini oliy qadriyatga aylantirish, yangi avlodni sog‘lom va ma'naviy barkamol qilib voyaga yetkazishga xizmat qiladi. Sog‘lom bola tarbiyasida oila, mahalla va ijtimoiy tuzilmalarning roli oshirish masalalarini ilmiy munozaralar asosida yoritish mazkur anjumanning asosiy maqsadlaridan biridir.

Muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov mamlakatimizda 2016 yil “Sog‘lom ona va bola yili” deb e'lon qilishi yurtimizda sog‘lom ona va sog‘lom bola masalasi davlat siyosatining ustuvor masalasiga aylanganligini ko‘rsatadi. Bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarimiz jahon miqyosida tan olinmoqda. Bu ezgu ishlar onalik va bolalikni himoya qilish, oilalarda sog‘lom muhitni kuchaytirish, ularning iqtisodiy va ma'naviy asoslarini mustahkamlash g‘oyasi mujassam. Sog‘lom bola deyilganda, nafaqat jismoniy, balki ma'naviy jihatdan ham sog‘lom va barkamol avlodni tasavvur qilamiz.

Yuksak milliy madaniyat, ma'naviyat har bir davrda jahon xalqlarini bir-biriga yaqinlashtiruvchi asosiy vosita bo‘lib kelgan va hozir ham shunday bo‘lib kelmokda. Milliy-ma'naviy madaniyatimizni mintaqaviy va umuminsoniy qadriyatlar bilan yaqinlashtirish g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining sermazmunligi va ko‘pqirraliligi bilan jamiyatimiz hayotida o‘z aksini topmoqda. O‘zbekiston Respublikasi ilm-fan, adabiyot va san'at arboblarining ushbu sohadagi ishlari jahon xalqlari tomonidan hozirgi kunda e'tirof etilib, yuksak baholanmoqda. Milliy va umuminsoniy madaniyatni uyg‘unlashtirish, uning eng yaxshi namunalarini keng targ‘ib qilish va ommalashtirish yosh avlodni ma'naviy tarbiyalashning asosi bo‘lmog‘i lozim.

Anjuman doirasida “Ma'naviyat asoslari va dinshunoslik” kafedrasining professor-o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan yangi o‘quv-uslubiy adabiyotlar taqdimoti ham namoyish etildi. Shuningdek, anjumanga taqdim etilgan maqolalar to‘plami chop etildi.

Sermazmun ma'ruzalar, interfaol suhbatlar, ko‘rgazmalar barchada katta taassurot qoldirdi.