O‘zbekiston | 19:14 / 04.08.2021
5169
3 daqiqa o‘qiladi

Tana harorati 37 darajadan yuqori bo‘lgan abituriyentlar uchun qo‘shimcha test sinovlari o‘tkaziladi

Foto: KUN.UZ

Tana harorati 37 darajadan baland bo‘lgan abituriyentlar test sinoviga qo‘yilmaydi. Ular uchun qo‘shimcha test sinovlari tashkil qilinadi. Bu haqda bloger va huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev o‘z telegram kanalida ma'lum qildi.

Oliy ta'lim muassasalariga kirish uchun pandemiya sharoitida o‘tkazilayotgan test sinovlariga kelgan abituriyentning tana harorati 37 darajadan yuqori bo‘lsa, o‘sha yerdagi SES xodimi hamda Davlat test markazi vakili bilan birgalikda dalolatnoma tuziladi va testga kiritilmaydi.

Davlat test markazi direktori o‘rinbosari Sardor Rajabovning bloger bilan suhbatda aytishicha, o‘tgan o‘quv yili uchun o‘tkazilgan test sinovlarida boshqa sabablarga ko‘ra (havo issiqligi, hayajonlanish, yugurib kelish oqibatida) tana harorati oshish holatlari ham kuzatilgan. Bunday vaziyatda biroz vaqt o‘tib tana harorati o‘z o‘rniga tushadi. Agar harorat pasaymasa, bu abituriyent tibbiy tekshiruvga yuborilib, koronavirusga test topshiradi. Virus aniqlangan holda u 14 kunlik karantindan keyin imtihon topshiradi.

Imtihonga qadar koronavirusga chalingan abituriyent Davlat test markaziga ariza va COVID-19 tasdiqlangani to‘g‘risidagi ma'lumotnomani taqdim etishi kerak. O‘tgan yilgi imtihonlarda kech qolgan abituriyentlar orasida koronavirusga chalingani sababli kela olmaganini vaj qilib ko‘rsatgan abituriyentlar ham uchragan.

«Shunday holatlarning oldini olish maqsadida bu ma'lumotlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan tekshiriladi. Test sinovlari to‘liq yakunlangandan so‘ng bu abituriyentlarga qayta test sinovi topshirish imkoniyati beriladi. O‘tgan yili eng oxirgi test sinovlaridan 4 kun o‘tib qayta imtihonga ruxsat berilgan edi. Joriy yilda bu muddatni biroz cho‘zish rejalashtirilgan. Chunki ba'zi abituriyentlar to‘liq tuzalish bosqichida bo‘lmasligi mumkin. Bu esa o‘z navbatida imtihon javoblari biroz kechikishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Ta'kidlash joizki, ushbu qo‘shimcha test sinovlariga faqat va faqat yuqoridagi ikkala holatdagi abituriyentlar chaqiriladi. Testga kechikib kelgan yoki boshqa sabablar (homiladorligi, jarohatlangani, operatsiya bo‘lgani, boshqa kasalliklardan davolanayotgani) bilan murojaat qilgan abituriyentlar qo‘shimcha test sinovlariga qo‘yilmaydi», degan DTM mutasaddisi.

Avvalroq test o‘tkaziladigan stadion va xiyobonlar bo‘yicha ma'lumotlar e'lon qilingan edi.

Mavzuga oid