20:20 / 04.02.2020
1
17818

Ozodbek Nazarbekov: «Madaniyat vazirligi faoliyati tadbirbozlikdan iborat bo‘lib qoldi»

Bugun, 4 fevral kuni Madaniyat vazirligi binosida jurnalistlar va blogerlar ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov sohaga oid muammolar yuzasidan fikr bildirdi.

«Madaniyat tizimi jamiyat tafakkuri bilan to‘qnash keladigan soha hisoblanadi. Odamlarning ongini o‘zgartirish, to‘g‘ri tomonga yo‘naltirish vazifasi bizning asosiy vazifamiz bo‘lishi kerak. Sohada muammolar juda ko‘p, lekin ular jurnalistlar tomonidan yetarlicha yoritilmaydi. Shu paytgacha tizimda qilgan ishlarimizni, o‘tkazgan son-sanoqsiz tadbirlarimizni maqtanib keldik. Umuman olganda, madaniyat vazirligi faoliyati tadbirbozlikdan iborat bo‘lib qoldi.

Nafaqat oddiy xalq, hatto madaniyat tizimi xodimlari ham bu sohani san'atkorlar bilan ishlaydigan, ularning ijodini muvofiqlashtirib turuvchi tashkilot sifatida qabul qilib bo‘lgan. Viloyat, tumanlarda madaniyat xodimini tadbir o‘tkazib beradigan mas'ul sifatida ko‘rishadi. Ular ham o‘z navbatida vazifasini faqat tadbirbozlikdan iborat, deb o‘ylashadi. Madaniyat tizimi jamiyat oldidagi vazifasini unutgan. Tadbir o‘tkazilsa, bo‘ldi. Maqsad bajarildi. Afsuski, ishimiz faqat shundan iborat bo‘lib qoldi», deya Nazarbekovning so‘zlarini keltirgan Kun.uz muxbiri.

Vazir sohadagi korrupsiya holatlariga ham to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, eng kam oylik oluvchi xodimlar aynan shu tizimda ishlashadi. Ularning maoshlari bir oyda 600 ming so‘mni tashkil etadi. Shunaqa holatda, albatta, korrupsiyaga yo‘l qo‘yilishi qayd etib o‘tildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top