13:02 / 12.01.2019
38650

Yuliy Yusupov nima uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish joriy etilayotgani haqida

Foto: Xalqaro press-klub

1 iyuldan boshlab yuridik va jismoniy shaxslarga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirishga ruxsat beriladi.

 Xususiylashtirilgan yer uchastkalari O‘zbekiston Respublikasining “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Bu nima uchun muhim?

1. Har qanday iqtisodiy faoliyatning muhim sharti – mulkdor huquqining himoya qilinishi ekanligi allaqachon umume'tirof etilgan.

Kimdir xonadonini hashamatli qilib ta'mirlash, yer uchastkasida o‘g‘li uchun uy qurish yoki yangi yer uchastkasi sotib olishga qaror qildi deylik. U birinchi navbatda quyidagilarni o‘ylaydi: qurgan uyim buzilmasmikin, yerimni olib qo‘yishmasmikin (keling, hamma narsani o‘z nomi bilan ataylik)? Agarda vaziyat mavhum bo‘lsa, buzilish yoki olib qo‘yilish xavfi bo‘lsa, u yashash sharoitini yaxshilash uchun puli va mehnatini sarflamaydi.

Biznes uchun esa mavhumlik muammosi yanada dolzarb hisoblanadi. Bunda gap ancha katta mablag‘ va yuzlab, minglab kishilar taqdiri haqida boradi. Yer oldingiz, zavod (kafe, magazin, omborxona va boshqalar) qurdingiz, odamlarni ishga yollab, xo‘jalik faoliyatini boshladingiz. Va birdan yeringizni (qolgan mulklar bilan birgalikda) olib qo‘yishdi: yangi qurilish bo‘ladi, kimdir mulkingizga ko‘z olaytirdi, raqobatchilar sizdan qutulish yo‘lini topishdi (keraksizini o‘chirib tashlang).

Agarda mulkdorlik huquqi himoyalanmagan bo‘lsa, iqtisodiyotimizga investitsiya kiritishni istaydiganlar ko‘p bo‘ladimi? To‘g‘ri: judayam kam bo‘ladi! Shu bois (va boshqa sabablar bilan) bizda investorlar juda kam. Natija esa aniq: raqobatbardosh ishlab chiqarish kam, ish o‘rinlari kam, maoshlar past.

Dunyoda eng qimmat yer Tokiodagi ko‘chalardan birida joylashgan. tabiiyki, ko‘cha osmono‘par binolar bilan to‘la: yerning har bir santimetri qimmat turadi. Va mana shu super hashamatli va zamonaviy inshootlar orasida kichkinagina ikki qavatli uy joylashgan. Judayam kichkina, xunuk, shahar dizaynini buzuvchi uy. Badbasharalikmi? Estetika nuqtai nazaridan javob beradigan bo‘lsak, ha. Iqtisodiyot nuqtai nazaridan esa ulkan yutuq: mulkdor huquqi himoyalanganligining belgisi! Bo‘lib ham, qog‘ozda emas, amalda. Mana shu uy qurilgan yer kimgadir tegishli. Va uning egasi osmono‘par imorat qurishni ham, yerini sotishni ham xohlamaydi. Xohlamaydi, tamom-vassalom. Va hech kim unga qarshi hech nima qila olmaydi!

Mulkdor huquqining himoyalanganligi boy davlatlarni qashshoq davlatlardan ajratib turuvchi asosiy holatlardan biridir (biz ulkan tabiat resurslari, birinchi navbatda neft hisobiga boyib ketgan davlatlarni nazarda tutmayapmiz). Muqaddas va daxlsiz bo‘lgan mulkni himoya qilishni o‘rganmas ekanmiz, odamlarni boyishga undaydigan omillarni yarata olmaymiz. Zero boy davlatlarni kimdir kelib boyitib ketmagan, balki bu davlatlarning aholisi o‘zlarini-o‘zlari boy qilgan. Buning uchun esa aholida turtki va erishgan boyligi ishonchli ravishda himoyalanganligi haqida tushuncha bo‘lishi lozim.

Mana, nima uchun yerni xususiylashtirish shunchalik muhim.

2. Yerga egalik huquqi kredit olishni yengillashtirish uchun ham kerak. Kredit oddiy odamlarga ham (iste'mol krediti) va tadbirkorlarga  ham (ishlab chiqarish uchun kredit) o‘z kelajagiga investitsiya kiritish imkonini beradi. Ammo foiz stavkalari juda yuqori. Garov mavjud bo‘lishi (xususiy mulk bo‘lgan yer) esa banklarga kredit qaytarilmasligi xavfini pasaytiradi, o‘z navbatida, foiz stavkalarini pasaytirish imkonini beradi.

3. Yaxshi bilamizki, yer allaqachon oldi-sotdi obektiga aylangan. Ammo ko‘pincha bu savdo yashirincha, noqonuniy amalga oshiriladi. Endi esa barchasini qonun asosida ochiq va shaffof amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu esa xufyona iqtisodiyotdan chekinish va korrupsiyaga qarshi kurashda katta qadam bo‘ladi. 

E'tibor bering, keyingi vaqtda hokimlar ko‘proq qaysi ishi uchun qamalmoqda? Yer taqsimlashda pora olgani uchun. O‘z-o‘zidan tushunarliki, shahar markazi va uning chetida joylashgan uchastkalar turlicha qiymatga ega va bu ularning qiymatida aks etmasdan qolmaydi. Bu uylarning narxida, yer uchastkasi olish uchun beriladigan pora miqdorida aks etadi. Ammo nima uchun narxdagi tafovut qurilish kompaniyalari va poraxo‘r amaldorlar qo‘lida bo‘lishi kerak? Endi bu tafovutni yer uchastkalarining auksionlarda sotilishi evaziga budjetga yo‘naltirish imkoniyati paydo bo‘ladi.

To‘g‘ri, yer uchastkalarini xususiylashtirishdan tushadigan mablag‘lar borasida hozircha hammasi ham tushunarli emas. Aytilishicha, mablag‘lar Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasiga tushadi. Nima uchun mahalliy va milliy budjetga emas, Jamg‘armaga tushadi? Biz axir budjet islohoti doirasida budjetdan tashqari fondlardan voz kechyapmiz-ku. Ammo shu bilan birga yangilarini tashkil qilyapmiz... Bu esa o‘ng qo‘l nima qilayotganini chap qo‘l bilmayapti degani.

Mayli, xususiylashtirishdan keladigan mablag‘larni qayerga yo‘naltirishni hal qilarmiz. Hozircha bunga vaqt bor. Asosiysi, mulkdor huquqi himoyasi uchun haqiqiy (deklarativ emas) sharoit yaratilmoqda. Rivojlangan va boy davlat qurishni istasak, bu judayam muhimdir.

Top