23:30 / 11.04.2018
55347

«Sizgayam insof bersin». Bosh vazir bank rahbarini Yozuvchilar uyushmasiga pul bermagani uchun koyidi

Bugun, 11 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida O‘zbekiston prezidentining 5 aprel kuni imzolangan «O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan vazifalar bajarilishi bilan bog‘liq tashkiliy masalalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston bosh vaziri O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining moddiy ta'minotiga to‘xtaldi va «Xalq banki» rahbari Abdurasul Abdullayevga tanbeh berdi.

«Yozuvchilar uyushmasi homiysi sifatida biriktirilgan Xalq banki. Xalq banki. Abdullayev. Sharmanda.

Shu kungacha qancha pul ajratdinglar? (Ikkinchi tomon ovozi eshitilmaydi. Shundan so‘ng, bosh vazir «Asaka» bank rahbariga yuzlanadi va savoliga javob oladi).

«Asaka» bank siznikiday katta bank emas. Shu kunga qadar ular 6 milliard 212 million so‘m pul ajratib bergan... Nima deyish kerak? «Asaka» bankka rahmat aytamiz, sizga nima deyish kerak, Abdurasul Ne'matovich?

Rahmat aytaylikmi? Yoki siz to‘g‘ringizda kitob yozaylikmi, yoki siz to‘g‘ringizda she'r yozaylikmi «Ne'matovichgayam insof bersin» deb? Axir bu prezident topshirig‘i-ku?

Sizga to‘g‘ri xulosa chiqarish uchun bir hafta muddat beraman. Vaziyat o‘zgarmasa, siz haqingizda prezidentga xulosa yozaman», deya ogohlantirgan bank rahbarini Abdulla Aripov.

Ma'lumot uchun, prezident qaroriga ko‘ra, endilikda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir oy muddatda Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi «Ijod» jamoat fondi hududiy bo‘limlarining moliyaviy manbalarini aniqlashi belgilangan.

Fondning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:

— o‘zbek adabiyotini yanada rivojlantirish, badiiy so‘z san'ati sohasidagi yutuqlarni keng targ‘ib etishga qaratilgan dastur va loyihalarni amalga oshirish uchun mablag‘lar jamg‘arish va yo‘naltirish;

— O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zolarining samarali ijodiy faoliyatini ta'minlash maqsadida ular uchun zarur maishiy, tibbiy xizmatlar ko‘rsatish va boshqa shart-sharoitlar yaratish;

— adabiyotimiz rivojiga munosib hissa ko‘shgan keksa avlodga mansub O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zolariga aniq yo‘naltirilgan moddiy yordam ko‘rsatish;

— ijodiy ko‘rik-tanlovlarni tashkil etish, iqtidorli yosh adiblarning O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tavsiya etiladigan ijod namunalarini, jumladan, birinchi kitoblarini nashr etish uchun moliyaviy yordam ko‘rsatish;  

— xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniyati, asriy an'ana va qadriyatlari tarannum etilgan, milliy ma'naviyatimizning mazmun-mohiyati teran badiiy ifodasini topgan mumtoz va zamonaviy adabiyotimiz munosib namunalarining xorijiy tillarga tarjima qilinishini hamda Internetda keng targ‘ib etilishini moliyalashtirish;

— O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va mustahkamlash, uning tasarrufidagi ko‘chmas mulkni boshqarish, Fond mablag‘laridan Fond nizomida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda maqsadli va samarali foydalanish.

Top