O‘zbekiston | 11:51 / 23.02.2022
16206
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga tashrifini Mo‘ynoqdan boshladi

Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurgan davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev dastlab Mo‘ynoq tumaniga keldi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Foto: Times

Qayd etilishicha, yangidan barpo etilgan Mo‘ynoq aeroporti bilan tanishgan prezident shu yerning o‘zida hudud faollari bilan uchrashdi. Shu yerda tumanga oid ma’lumotlar va rejalar taqdimoti o‘tkazildi.

“Yangi O‘zbekistonimizdagi Yangi Mo‘ynoq aeroportida sizlar bilan ko‘rishib turganimdan juda xursandman. Bugun yetti emas, yetmish o‘lchab siyosat yuritish talab qilinyapti. Qoraqalpog‘istonni ko‘rib, Mo‘ynoqda 24 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejasi bilan tanishib, qilsa bo‘lar ekan-ku, degan fikrni yana bir esladim. 

Hamma rahbarlar bu yerda bir hafta bo‘lishadi, o‘zim ham uch kun sizlar bilan bo‘lib, 424 ta mahalla, butun Qoraqalpog‘iston muammolarini muhokama qilish niyatidaman. Viloyatlarni Qoraqalpog‘iston hududiga biriktirdik, chunki mehr ko‘zda deydilar. Qolaversa, odamlarimiz bu hududni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rsin. Eng katta maqsad - xalqimiz yaxshi yashashiga erishish, bugungi yutuqlar bilan to‘xtab qolmaslik.

Mana, biz ish boshlaganimizda Mo‘ynoqda 28-29 ming aholi bo‘lgan bo‘lsa, hozir 33,5 mingdan oshdi. Bu ham o‘ziga xos ishonch. Men bugun kelgan samolyot yo‘l ochib bordi. Endi haftasiga ikki marta Toshkent-Nukus-Mo‘ynoq reysini yo‘lga qo‘yamiz. Kerak bo‘lsa, ko‘paytirishga ham tayyorman, muhimi xalqimiz foydalansin”, – dedi prezident.

Foto: Times

Bir vaqtlar kichik aeroport bo‘lgan va keyinchalik faoliyati to‘xtab qolgan aeroport o‘rnida barpo etilgan zamonaviy aeroport Mo‘ynoqni tashqi dunyo bilan bog‘lovchi makonga aylantirilmoqda. Hududi 167 gektarli kompleksda zarur qulayliklarga ega aerovokzal, uzunligi 2 300 metr, kengligi 60 metr uchish-qo‘nish yo‘lagi va uchish-qo‘nish yo‘lagiga o‘tish yo‘lagi, 3 dona havo kemalariga mo‘ljallangan turargoh hamda uzunligi 12 km bo‘lgan aeroport hududini qo‘riqlash nazorat o‘tish yo‘lagi qurilishi belgilangan.

Loyihaning umumiy qiymati 100 mlrd so‘m va ayni paytda qiymati 78 mlrd so‘mlik ishlar bajarilgan. Obektda 50 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan terminal qurish ishlari bajarilib, obektning fasadi va tom qismi to‘liq bitkazilgan. 

Bugun prezident Orolqumda barpo etilgan saksovulzor bilan tanishishi ham rejalashtirilgan.

Mavzuga oid