11:56 / 21.08.2019
22527

Mahkumlarni jazoni ijro etish muassasasiga jo‘natish tartibida o‘zgarishlar yuz beradi

Foto: Aleksey Kudenko

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Mahkumlarni jazoni ijro etish muassasasiga jo‘natish hamda ularni bir muassasadan boshqasiga ko‘chirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.

Mahkumlarni jazoni ijro etish muassasasiga jo‘natish hamda ularni bir muassasadan boshqasiga ko‘chirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilishi mo‘ljallangan qo‘shimchalar:

quyidagi mazmundagi 7-1 - 7-3-bandlar bilan to‘ldiriladi:

“7-1. Birinchi marta sodir etgan og‘ir jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan erkaklar og‘ir jinoyat sodir qilgan mahkumlarni saqlash uchun mo‘ljallangan umumiy tartibli koloniyalarga, o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlik uchun birinchi marta ozodlikdan mahrum qilingan erkaklar esa o‘ta og‘ir jinoyat sodir qilgan mahkumlarni saqlash uchun mo‘ljallangan umumiy tartibli koloniyalarga yuboriladi.

O‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan yoki bir jinoyat ishi doirasida sudlangan mahkumlar yoxud bir nechta o‘zaro bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha hukm qilingan shaxslarni mustasno qilgan holda, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan erkaklar qoida tariqasida qamoqqa olinguniga qadar yashagan yoki ular sudlangan hududda joylashgan jazoni ijro etish muassasalaridan biriga yuboriladi.

Mahkum qamoqqa olinguniga qadar yashagan yoki sudlangan hududida sud hukmi bilan tayinlangan tartibli jazoni ijro etish muassasasi bo‘lmasa yoki mavjud jazoni ijro etish muassasalari mahkumni joylashtirish imkonini bermasa, mahkumlar ularni joylashtirish imkoniga ega bo‘lgan boshqa hududiy birlikda joylashgan aynan shu tartibli jazoni ijro etish muassasalaridan biriga yuboriladi.

O‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan shaxslar sud hukmi bilan tayinlangan tartibga muvofiq joylashtirish imkoniga ega bo‘lgan boshqa hududiy birlikda joylashgan aynan shu tartibli jazoni ijro etish muassasalariga yuboriladi.

Bir jinoyat ishi doirasida sudlangan mahkumlar yoki bir nechta o‘zaro bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha hukm qilingan shaxslar, sud hukmi bilan tayinlangan tartibga muvofiq ularni joylashtirish imkoniga ega bo‘lgan boshqa hududiy birliklarda joylashgan turli jazoni ijro etish muassasalariga yuboriladi.

Bir jinoyat ishi doirasida sudlangan mahkumlar yoki bir nechta o‘zaro bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha hukm qilingan shaxslar soni sud hukmi bilan tayinlangan tartibli jazoni ijro etish muassasalari sonidan ko‘p bo‘lib, ularni alohida-alohida joylashtirish imkoni bo‘lmagan taqdirda, tergov hibsxonasi ma'muriyati mahkumlarni jazoni ijro etish muassasalariga jo‘natish vaqtida bir jinoyat ishi doirasida sudlangan mahkumlar yoki bir nechta o‘zaro bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha hukm qilingan shaxslarning shaxsiy yig‘ma jildining muqovasiga mahkumlarni bir biridan ajratilgan xolda saqlash lozimligini ko‘rsatgan xolda belgi qo‘yishdan tashqari, jazoni ijro etish muassasalari ma'muriyatiga tegishlicha xabarnomalar yuboradilar.

7-2. Tergov hibsxonasi ma'muriyati mahkum jazoni o‘tash uchun qaysi muassasaga jo‘nab ketganligi to‘g‘risida uning oilasiga uch kunlik muddat ichida xabarnoma yuborishi shart.

7-3. Jazoni ijro etish muassasasi ma'muriyati mahkum yetib kelgan kundan boshlab uch kunlik muddat ichida bu haqda hukm chiqargan sudni xabardor qilishi, shuningdek mahkumning oilasiga muassasa manzilini ko‘rsatib mahkumning yozishma olib borish, uchrashuv, posilka, yo‘qlov va banderollar olish, telefon orqali so‘zlashuv huquqlarini tushuntirib, xabarnoma yuborishi shart.”.

Mavzuga oid
Top