18:00 / 23.12.2019
14
52058

«Milliy tiklanish» partiyasi raisi birinchi turda deputatlikka saylana olmadi

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazida saylov yakunlari bo‘yicha matbuot anjumani yakunida 22 dekabr kungi saylovlarda katta ustunlik bilan g‘olib bo‘lgani haqida ma'lum qildi.

«Ha, deputat bo‘lib saylandim, kechasi 00:30dagi ma'lumotlarga ko‘ra, 70 foiz atrofida ovoz olgan edim. Lekin hali to‘liq o‘rganilmadi. Raqiblarga qaraganda farq kattaligi uchun men deputatlikka o‘tdim deya ishonch bilan ayta olaman», dedi u «Sof.uz»ga bergan intervyusida.

Lekin u saylovlarda yetarlicha ovoz to‘play olmagani sababli deputatlikka saylanmagan. Buni Markaziy saylov komissiyasining saylov natijalari bo‘yicha ma'lumotidan bilish mumkin.

Gap shundaki, 150ta okrug bo‘yicha saylov o‘tkazilgan bo‘lib, ularning 128tasida saylovlar o‘tgan deb hisoblangan va deputatlar saylangan. 22ta okrugda nomzodlar yetarlicha ovoz to‘play olishmagani uchun saylovlar qayta o‘tkaziladi.

Natijalar birinchi turda hal bo‘lmagan eng ko‘p okruglar (5ta) Jizzax viloyatida joylashgan bo‘lib, bu yerda faqat birgina okrugda g‘olib aniqlangan va bu Xalq demokratik partiyasi nomzodidir. Alisher Qodirov esa Jizzax viloyati 36-Paxtakor saylov okrugidan nomzodini qo‘ygandi, endi o‘z-o‘zidan u takroriy ovoz berish jarayoniga qolgani, ikki haftadan keyin deputatlik o‘rni uchun yana bir bor kurashib ko‘rishi ma'lum bo‘lmoqda.

O‘z navbatida, Liberal-demokratik partiya yetakchisi Aktam Hayitov, Xalq demokratik partiyasi yetakchisi Ulug‘bek Inoyatov, Ekologik partiya yetakchisi Boriy Alixonov va «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi yetakchisi Narimon Umarov o‘z okruglarida yetarli ovoz to‘plagan holda deputatlikka saylanishgan.

UPD: Alisher Qodirov Kun.uz’ga izoh berishicha, u soat 00:30dagi holat haqida gapirgan. U ikkita tumanda juda kam ovoz to‘plagan (u saylovoldi kampaniyasi vaqtida bu tumanlarga bormagani katta ta'sir ko‘rsatgan) va natijada uning ovozlari 70 foizdan 31 foizga tushib qolgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top