Jahon | 16:12 / 08.08.2025
4036
7 daqiqa o‘qiladi

Putinga talabini yumshatgan Tramp, G‘azoni nazoratga olishni ma’qullagan Isroil va «Vagner»ni «Afrika korpusi» bilan almashtiradigan Rossiya - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Tramp endi Putindan Zelenskiy bilan uchrashishni talab qilmayapti

AQSh prezidenti Donald Tramp, agar Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiy bilan uchrashmasa ham, Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan sammitga tayyor ekanini aytdi. Oq uy hali ham tafsilotlarni ishlab chiqmoqda, dedi 7 avgust, payshanba kuni matbuot kotibi Kerolayn Livitt.

Trampning izohi Putinning kelasi hafta, ehtimol Birlashgan Arab Amirliklarida AQSh yetakchisi bilan shaxsan suhbatlashishga umid qilayotgani haqidagi so‘zlari ortidan berildi, deb eslatadi AP agentligi.

Jurnalistning Putinning Zelenskiy bilan uchrashuvi Rossiya yetakchisining Tramp bilan muzokaralari uchun shart bo‘lishi kerakmi, degan savoliga u shunday javob berdi: «Yo‘q, unga (Putin) buning uchun Ukraina rahbari bilan uchrashish kerak emas. Yo‘q».

Oq uy matbuot kotibi 7 avgust kuni avvalroq AP agentligiga Putin Zelenskiy bilan shaxsan uchrashishga rozi bo‘lmasa, AQSh-Rossiya sammiti bo‘lib o‘tmasligini aytdi, biroq keyinroq bunday ssenariy sammit ehtimolini kamaytiradi, deb aniqlik kiritdi.

Isroilda G‘azo shahrini nazorat ostiga olish ma’qullandi

Isroil xavfsizlik mahkamasi Falastinning HAMAS harakatini «mag‘lubiyatga uchratish» va G‘azo shahri ustidan nazorat o‘rnatish rejasini ma’qulladi. Bu haqda 8 avgust, juma kuni AP va Reuters agentligi xabar berdi. Bu qaror isroillik yuqori martabali amaldorlarning tungi uchrashuvidan so‘ng — urushni to‘xtatishga qaratilgan xalqaro chaqiriqlar kuchayib borayotganiga va HAMAS tomonidan garovga olinganlar taqdiridan qo‘rqqan ko‘plab isroilliklarning noroziliklariga qaramay qabul qilindi.

Bosh vazir Binyamin Netanyahu avvalroq Fox News telekanaliga bergan intervyusida bir qator rejalar haqida gapirib, Isroil butun G‘azo sektorini nazorat qilishni rejalashtirayotganini aytgan edi. Isroil armiyasi allaqachon eksklavning to‘rtdan uch qismini nazorat qilmoqda.

Isroil mudofaa kuchlari (TSAHAL) G‘azo shahriga bir necha bor havo hujumlari va reydlar uyushtirdi. Biroq, bu eksklavning Isroil bufer zonasiga aylantirilmagan va evakuatsiya qilinmagan kam sonli hududlaridan biridir.

Hududda quruqlikdagi yirik operatsiya o‘n minglab odamlarni ko‘chirishi va oziq-ovqat yetkazib berishga to‘sqinlik qilishi mumkin, deya qayd etdi AP.

Rossiya «Vagner»ni «Afrika korpusi» bilan almashtirmoqchi

2023 yilda Yevgeniy Prigojin vafotidan keyin Rossiya Markaziy Afrika Respublikasi (MAR)dagi "Vagner" xususiy harbiy kompaniyasini Rossiya Mudofaa vazirligi nazorati ostidagi «Afrika korpusi» bilan almashtirishga va ish uchun to‘lovni mineral resurslarda emas, balki naqd pulda olishni boshlashga harakat qilmoqda. Bu haqda AP agentligi xabar berdi. 7 avgust, payshanba kuni AFP xabariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda MARda xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat biroz yaxshilangan.

Xususiy harbiy kompaniya MAR prezidenti Fostena-Arkanja Tuadera va uning hukumatini qo‘riqlaydi. Buning evaziga u oltindan foydalanish imkoniga ega bo‘ldi.

MAR harbiy mulozimining AP agentligiga aytishicha, Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari shu yil boshida mamlakatga bir qator tashriflar chog‘ida "Vagner guruhi" o‘rniga "Afrika korpusi"dan foydalanish va uning xizmatlari uchun haq to‘lash talablarini qo‘ygan.

Yunus-Bek Yevkurov, jumladan, mart oyida MARga tashrif buyurgan.

Tramp: Pashinyan va Aliyev 8 avgust kuni tinchlik bitimini imzolaydi

AQSh prezidenti Donald Tramp Ozarboyjon rahbari Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanni 8 avgust kuni ikki davlat o‘rtasidagi uzoq yillik mojaroga barham berishga qaratilgan «tarixiy tinchlik sammiti» doirasida qabul qilishini tasdiqladi. Amerika yetakchisi tegishli xabarni 7 avgust, payshanba kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida joylashtirdi.

Pashinyan va Aliyev «tinchlik kelishuvini rasmiy imzolash marosimida Oq uyda men bilan birga bo‘ladi», deb yozgan Tramp.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington, shuningdek, Janubiy Kavkaz salohiyatini ochishga yordam beradigan «iktisodiy imkoniyatlarni bo‘lishish bo‘yicha ikki davlat bilan» ikki tomonlama kelishuvlarni ham imzolaydi.

«Ko‘plab yetakchilar urushni tugatishga urinib ko‘rdi, ammo hozirgacha muvaffaqiyatsizlikka uchradi — «TRAMP tufayli (o‘zgarish bor)», — deb yozdi u.

«Mening ma’muriyatim ancha vaqtdan beri har ikki tomon bilan muzokaralar olib bormoqda», — deya qo‘shimcha qildi AQSh prezidenti va u «to‘g‘ri ish qilgani uchun bu jasur rahbarlar bilan juda faxrlanishini» ta’kidladi.

Ukrainaliklar Rossiya-Gurjiston chegarasida ochlik e’lon qildi

Rossiyadan chiqarib yuborilganidan keyin Gurjiston bilan chegarada qolib ketgan kamida 15 nafar Ukraina fuqarosi ochlik e’lon qildi. Ular Gurjiston bojxona xizmati rahbariga tegishli bayonotni taqdim etdi, deb xabar berdi «Novaya gazeta Yevropa» manbalariga tayanib.

Ukrainaliklar Ukraina konsulidan o‘zlari joylashgan Gurjiston chegarasidagi «Yuqori Lars — Daryali» nazorat-o‘tkazish punktining bufer zonasiga kelishini talab qilmoqda. Shuningdek, ular tibbiy yordam, qo‘lga olinganlik sabablari va huquqiy maqomi, Ukrainaga o‘tish va Rossiyaga qaytmaslik kafolatlari hamda o‘zlari saqlanayotgan yerto‘ladan ozod etilishini so‘ramoqda.

Ochlik e’lon qilish haqidagi bayonot Ukrainaning Gurjistondagi elchixonasiga, Gurjiston ombudsmani idorasiga, Gurjiston Bosh prokuraturasiga, Amnesty International va Human Righs Watch inson huquqlari tashkilotlari hamda BMTning Gurjistondagi qochqinlar ishlari bo‘yicha agentligiga ham yuborilgan.

«Daryali» Rossiyadan chiqarib yuborilgan ukrainaliklar mamlakatni tark etishi mumkin bo‘lgan yagona chegara punktidir. 5 iyundan buyon 100 ga yaqin ukrainaliklar, asosan erkaklar derazasiz, tor yerto‘lada, ko‘pchiligi hujjatsiz ushlab turilibdi. Ulardan ba’zilari jazo muddatini o‘tab, Rossiyadan deportatsiya qilingan sobiq mahbuslar, ba’zilari esa Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga qarshi chiqqan tinch fuqarolardir.

Mavzuga oid