Jahon | 11:45 / 17.06.2023
12261
7 daqiqa o‘qiladi

Insoniyat oldidagi ulkan xavf: cho‘llanish va qurg‘oqchilik yashil hududlarni “yutib yuboryapti”

Foto: Kun.uz

BMT tomonidan har yili 17 iyun — Jahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni sifatida belgilangan. Mazkur muammo bugungi kundagi eng o‘tkir muammolardan biri sanaladi. Jahonda yildan yilga yashil maydonlar kamayib, cho‘l hududlari ortib bormoqda.

Odatda cho‘llanish, qurg‘oqchilik, oziq-ovqat muammolari deganda ko‘z o‘ngimizga Afrika qit’asidagi hududlar keladi. Ammo vaziyat biz o‘ylaganchalik faqat bir mintaqa bilan chegaralanmayapti. Bugun Osiyo, hatto Yevropa ham bu muammo bilan yuzlashmoqda. Insoniyat ulkan sinov qarshisida turibdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bir daqiqada O‘zbekistonning 9 kvadrat metr hududi cho‘llanib boryapti. Har soniyada dunyo bo‘ylab 23 gektar cho‘llanib boryapti. Bu holat davom etaversa, 2050 yilga borib, Yer yuzining 95 foizi cho‘llanishi va bu 3 milliarddan ziyod odamni oziq-ovqat tanqisligida qoldirishi mumkin.

Inson omili

Cho‘llanish ikki ikki xil sababga ko‘ra vujudga keladi: tabiiy va antropogen (inson) omil ta’sirida. Tabiiy omil turli ofatlar, quruq iqlim sharoiti ta’sirida paydo bo‘ladi.

Inson omili esa daraxtlar va o‘simlik olamining yo‘q qilinishi, dehqonchilik faoliyati va turli kimyoviy o‘g‘itlardan foydalanish, noto‘g‘ri sug‘orish tizimi, yerlarni o‘zlashtirish ta’sirida vujudga keladi.

Afsuski, hozirda Yer yuzining 75 foiz hududi cho‘llanish ta’siriga uchragan, 2050 yilga borib bu holat 90 foizga yetishi kutilmoqda. Cho‘l har kuni, har soatda yashil hududlarda ajdarhodek o‘z domiga tortib bormoqda.

Har yili bu muammoga uchrayotgan yer maydoni hajmi Yevropa Ittifoqi hududi (4,2 mln. kv.km)ning qariyb yarmiga to‘g‘ri keladi. Cho‘llanishdan eng ko‘p aziyat chekayotgan mintaqalar bu Afrika va Osiyodir.

Qurg‘oqchil iqlim va cho‘l hududlarining kengayishi 2050 yilgacha 700 milliondan oshiq kishining o‘z yashash hududini tark etishiga sabab bo‘lishi kutilyapti. Eng yomon ssenariyda bu ko‘rsatkich 2 milliardgacha yetishi mumkin. Eng katta xavf Xitoy va Hindiston, Sahroyi Kabir hududlariga qaratilishi mumkin. Afsuski, bu muammo O‘zbekiston joylashgan Markaziy Osiyoni ham chetlab o‘tmaydi.

Yevropa mintaqasi ham bu borada maqtana olmaydi. Yevropa Ittifoqi hududining 8 foizi cho‘llanib bormoqda. Qariyb 14 million gektar hudud xavf ostida qolgan. Ahvol ayniqsa Janubiy, Sharqiy va Markaziy Yevropada jiddiy tus olib bormoqda.

Millionlab odamlarni yostig‘ini quritgan muammo

Qurg‘oqchilik tom ma’noda cho‘llanishning «egizagi» sanaladi. U yog‘inlarning kamayishi, suv resurslarining ozayishi bilan xarakterlanadi. Afsuski, avval o‘n yillarda ro‘y beradigan ushbu muammo yaqin yillardan beri insoniyatning doimiy yo‘ldoshiga aylanib bo‘ldi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 1900-2019 yillar oralig‘ida qurg‘oqchilik 2,7 mlrd kishi hayotiga ta’sir qildi, 11,7 mln kishining yostig‘ini quritdi.

Birgina Hindistonda 1630-1632 yillarda Hindistonda sodir bo‘lgan qurg‘oqchilik hosilsizlikka olib keldi, natijada ikki milliondan oshiq kishi halok bo‘lgan. Yaqin tarixda qurg‘oqchilik AQShdek rivojlangan va qudratli davlatga katta muammo tug‘dirdi: Illinoysdagi qurg‘oqchilik davlatga 60 milliard dollardan oshiq zarar keltirdi, mingga yaqin kishi vafot etdi.

Qurg‘oqchilik og‘ir muammolar keltirib chiqaradi: qum bo‘ronlari, hosilning nobud bo‘lishi, ochlik, ommaviy migratsiya, o‘rmon yong‘inlari, ijtimoiy muammolar va turli virusli kasalliklar shular jumlasidan. Birgina 1970 yildan 2010 yilga qadar qurg‘oqchilik Afrikada bir million kishining hayotiga nuqta qo‘ydi.

Muammo chegara va mintaqa tanlamay qo‘ymoqda: 2022 yil yozida G‘arbiy Yevropa davlatlari ham kuchli qurg‘oqchilikdan aziyat chekdi.

Hatto turli kanallar juda ko‘p bo‘lgan Niderlandiyadek davlat ham qurg‘oqchilik muammosiga mubtalo bo‘ldi. Ma’lumki, mamlakatning uchdan ikki qismi dengiz sathidan past hududlarda yashaydi va ular dengizdan dambalar bilan himoyalangan. Qurg‘oqchilik sabab torfdan bunyod etilgan dambalarda yoriqlar paydo bo‘lishi mumkin edi. Hukumat maxsus guruhlar tuzdi: ular dambalarning texnik holatini kuzatib borishga mas’ul etib belgilandi. Aholining baxtiga butun yoz davomida dambalarga yoriq vujudga kelmadi.

Qurg‘oqchilikka qarshi turli xil kurash usullari mavjud: damba va suv omborlari qurish, dengiz suvini filtrlab foydalanish, sun’iy yomg‘irlar yog‘dirish (bu faqatgina o‘ta boy davlatlarda endigina tajriba sifatida yo‘lga qo‘yilyapti), daraxt va butalardan iborat «yashil hudud»larni ko‘paytirish. Orol dengizi hududidagi Orolqum sahrosida oxirgi tajribadan keng foydalanilmoqda. Shuningdek, huddi shu usulni Xitoy Gobi sahrosida qo‘llamoqda.

Markaziy Osiyo «qizil chiziq» ustida

Cho‘llanish va qurg‘oqchilik Markaziy Osiyodagi eng katta xavflardan sanaladi. Mintaqada dengizlarda uzoqda, suv resurslari cheklangan, iqlim keskin kontinental.

O‘zbekiston Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti rahbari Eldor Aripovga ko‘ra, Markaziy Osiyo 2050 yilga borib muzliklar erishi va qurg‘oqchil iqlim sabab toza ichimlik suvi muammosiga duch keladi. Yigirma yetti yil ichida mintaqaning eng yirik daryosi Amudaryo o‘z suv havzasining 15 foizini yo‘qotishi mumkin.

O‘zbekistonning 70 foiz yoki 31,4 million gektar yeri qurg‘oqchil maydonlardan iborat ekani aytiladi. Birgina Orolbo‘yi mintaqasida joylashgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarida 2000-2018 yillar davomida 8 million gektardan ortiq yer maydonlari turli darajada sho‘rlandi va 1 million gektar yer maydonlarida eroziya holatlari kuzatildi. Bu esa ushbu regionning 96 foiz hududini tashkil etadi.

Qurg‘oqchilik va cho‘llanishga qarshi kurash Markaziy Osiyo va O‘zbekiston uchun hayot-mamot masalasiga aylanib bormoqda. Shu sababli har bir fuqarodan tabiatga yaxshi munosabatda bo‘lish va suv resurslaridan oqilona foydalanish borasida talab qilish qilish vazifamiz desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Abror Zohidov

Mavzuga oid