BMTdagi 50 yillik a’zolik. Germaniya Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosiga aylanadimi?
Berlin Birlashgan Millatlar Tashkilotini isloh qilish tarafdori. Ammo Germaniya tashkilotga kirganidan 50 yil o‘tib, BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zoligiga umid qila oladimi?
Germaniya 1973 yilda rasman Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘lgan. Nega bunchalik kech? GFR 1949 yilda, BMTning o‘zi tashkil etilganidan atigi 4 yil o‘tib tuzilgan. Buning sababi shundaki, o‘sha paytda Germaniyaning ikkita davlati - Germaniya Federativ Respublikasi va Germaniya Demokratik Respublikasi mavjud edi va GFR hukumati uzoq vaqt davomida BMTdagi «yakka vakillik» deb ataladigan narsaga da’vo qildi. Bu shuni anglatadiki, Germaniya Federativ Respublikasi faqat o‘zini nemis xalqining qonuniy vakili deb hisoblagan, chunki uning hokimiyati demokratik tarzda saylangan.
Ikkinchi jahon urushida g‘alaba qozongan g‘arbiy ittifoqchilar - AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya GFRning BMTga kirishini qo‘llab-quvvatladi, ammo GDRga homiylik qilgan SSSR unga qarshi chiqdi. Shu tariqa, GFRning tashkilotga a’zoligi to‘sib qo‘yildi.
1970-yillar boshida GFR hukumati sotsial-demokrat Villi Brandt boshchiligida GDR bilan munosabatlarni normallashtirib, har ikki nemis davlatining BMTga qabul qilinishiga zamin yaratdi. 1973 yil 18 sentabrda GDR va GFR BMTga kirib, tashkilotning 133- va 134-a’zosiga aylandi.
Nega GFR hali ham BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi emas?
Ikki nemis davlatining a’zoligi 1990 yil 3 oktyabrda Germaniya Federativ Respublikasi va Germaniya Demokratik Respublikasining qayta birlashishi bilan yakunlandi. O‘shanda birlashgan Germaniya BMT tarkibiga kirdi. O‘tgan yillar davomida mamlakat tashkilot shafeligida o‘z faoliyatini sezilarli darajada kengaytirdi: Germaniya a’zolik badallarini eng ko‘p to‘lovchilardan biri va ko‘plab tinchlikparvar missiyalarning ishtirokchisi hisoblanadi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Dengiz huquqi bo‘yicha xalqaro tribunali Hamburgda, BMTning bir nechta turli tuzilmalari Bonnda joylashgan.
Germaniya o‘zining faol ishtirokidan kelib chiqib, iqtisodiy va siyosiy salmog‘i tufayli uzoq yillardan beri veto huquqi bilan BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi bo‘lishga harakat qilmoqda. Bu Birlashgan Millatlar Tashkilotining oliy organi bo‘lib, usiz biron bir muhim masala ko‘rib chiqilmaydi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari - AQSh, Xitoy, Rossiya, Buyuk Britaniya va Fransiya. Germaniya va Xavfsizlik kengashining doimiy a’zoligiga boshqa nomzodlar, shuningdek, tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrishning argumenti shundan iboratki, mamlakatlarning Xavfsizlik kengashidagi hozirgi vakilligi Ikkinchi jahon urushidan keyingi geosiyosiy vaziyatni aks ettiradi, lekin hozirgi holatga mos kelmaydi.
Berlindagi Germaniya tashqi siyosat jamiyati (DGAP) xodimi Henning Hoff Germaniyaning BMT Xavfsizlik kengashi doimiy a’zosi bo‘lish istagini «nemis tashqi siyosatining muqaddas g‘oyasi» deb atadi, ammo uning amalga oshishi ehtimolini «juda past» deb hisobladi. Hozirgi doimiy a’zolar o‘zlarining imtiyozli joylarini yangi kelganlar bilan bo‘lishishni xohlamaydi.
Bir muncha vaqt Berlin BMT Xavfsizlik kengashida doimiy o‘rinni o‘zi uchun emas, balki butun Yevropa Ittifoqi uchun talab qildi. Ammo bu Buyuk Britaniya (o‘sha paytda hali ham YeI a’zosi bo‘lgan) va Fransiya Xavfsizlik kengashidagi o‘z o‘rinlaridan voz kechishi kerakligini anglatardi, ikkala davlat ham bu taklifni qat’iyan rad etdi va bu g‘oya esdan chiqarildi.
Berlinning maqsadi - Xavfsizlik kengashini isloh qilish
Henning Hoffning fikricha, Berlin hukumati dilemma bilan yuzma-yuz turibdi: «Bir tomondan, bu Germaniya tashqi siyosatining eng muhim vositasi, hech bo‘lmaganda konseptual jihatdan – world governance’ni yaratishda BMTga tayanish. Boshqa tomondan, BMT tuzilmalari islohotlarga muhtojligi aniq, ammo bunday islohotlarga imkoniyat yo‘q», deydi Hoff DW nashriga bergan intervyusida.
Germaniya amaldagi hukumatining koalitsiya kelishuvi «Ko‘p tomonlamalik» deb nomlangan bobni o‘z ichiga oladi. Unda Germaniyaning Birlashgan Millatlar Tashkiloti kontekstidagi maqsadlari haqida so‘z boradi: «Biz BMTni xalqaro tartibning eng muhim instituti sifatida mustahkamlash uchun siyosiy, moliyaviy va kadrlar bo‘yicha sa’y-harakatlarni amalga oshiramiz. BMT Xavfsizlik kengashini isloh qilish bizning maqsadimizdir».
Ayni paytda Germaniya Namibiya bilan birgalikda 2024 yilda bo‘lib o‘tadigan va tashkilotni isloh qilish masalalari muhokama qilinadigan «kelajakdagi BMT sammiti»ni tayyorlamoqda. U sammitning yakuniy hujjati - «kelajak shartnomasi» mavzularini tasdiqlashi kerak. «Maqsad - yana bir bor BMTda islohotlar o‘tkazishni istaydigan kuchlar bir stolga o‘tirishiga urinib ko‘rish, - deydi Henning Hoff. - Uni shunday bir shaklda qilish kerakki, bunda Germaniya kabi Yevropa davlati hamda Namibiya kabi sobiq mustamlaka va «global janub» vakili birlashishi lozim». Biroq Hoff bunday harakat muvaffaqiyatiga shubha bilan qaramoqda.
BRIKS yoki G20 BMTga muqobil variantmi?
Ammo BMTni isloh qilish bo‘yicha muvaffaqiyatsiz urinishlar fonida, voqealar endi boshqa yo‘nalishda ketmoqda. Hoffning fikricha, «birinchi navbatda, Xitoy parallel tuzilmalar yaratish va ularni BMTga muqobil sifatida taqdim etishdan manfaatdor». Mutaxassis BRIKS va G20’ni misol qilib keltirdi.
Qizig‘i shundaki, Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Gordon Braun Foreign Policy jurnalida AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyatini xuddi shunday xatti-harakatlarda aybladi: «Uning ikki tomonlama va mintaqaviy kelishuvlar bilan mashg‘ul bo‘lishi - global miqyosda muvofiqlashtirilgan harakatlar hisobiga - bizning xalqaro institutlarimiz imkoniyatlarini cheklaydi, barqaror va boshqariladigan globallashuvning har qanday imkoniyatini buzadi. Yangi multilaterizm bo‘lmasa, o‘n yillik global tartibsizlik muqarrardir», deb yozadi Braun.
Hatto Germaniyaning qat’iy BMTga yo‘naltirilgan tashqi siyosati ham o‘zgara boshladi, deydi Henning Hoff: «G20’ning so‘nggi sammiti biz hozir ushbu formatlarga ko‘proq va BMTga kamroq tayanishimiz kerak bo‘lgan yaxshi misoldir». Aftidan, xuddi shunday qarashlar Germaniya hukumatida o‘z tarafdorlarini topa boshlagan.
Mavzuga oid
17:11
Ilon Mask Eronning BMTdagi elchisi bilan maxfiy uchrashuv o‘tkazgani ma’lum bo‘ldi
10:11
Germaniya Ukrainada halok bo‘lgan 10 fuqarosi haqida ma’lumotga ega
14:00 / 14.11.2024
XDI rahbari Mers Germaniya siyosatini tubdan o‘zgartirishni talab qilmoqda
20:26 / 12.11.2024