O‘zbekiston | 11:54 / 29.12.2020
4916
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat ulushi bo‘lgan korxonalar soni kamida 3 barobar qisqartiriladi 

Iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishda davlat kompaniyalarini transformatsiya qilishni jadallashtirish kerak. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatnomada ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda davlat ishtirokidagi korxonalarning aksariyati moliyaviy barqaror bo‘lmagani uchun davlatga og‘ir yuk bo‘lib qolmoqda. Shuning uchun joriy yildan barcha davlat korxonalarini isloh qilish dasturi amalga oshirilmoqda.

“Kelgusi yilda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”, “O‘zbekneftgaz”, “O‘zbekgidroenergo”, “O‘zavtosanoat” xalqaro moliya bozoriga chiqib, davlat kafolatisiz mablag‘ jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Tan olish kerak, mutaxassislarning bilim va malakasi, yirik korxonalarning texnik imkoniyatlari ularni mustaqil transformatsiya qilish uchun yetarli emas. Shuning uchun elektr energetikasi, neft-gaz va kimyo sanoati, mashinasozlikdagi yirik korxonalar hamda tijorat banklarini isloh qilishga Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda MacKenzie, Boston Consulting Group, Rothschild kabi xalqaro tan olingan kompaniyalar jalb etildi”, - dedi prezident.

Ta'kidlanishicha, 2021 yilda strategik ahamiyatga ega bo‘lgan 32 ta yirik korxona va tarmoqni transformatsiya qilish ishlari amalga oshiriladi. 

“Banklar faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish e'tiborimiz markazida bo‘ladi. 2021 yilda “Sanoatqurilishbank”, “Asaka bank”, “Ipoteka bank”, “Aloqabank”, “Turonbank” hamda “Qishloq qurilish bank”ni xususiylashtirishga tayyorlaymiz. Kamida bitta yirik bankdagi davlat ulushi strategik investorlarga to‘liq sotiladi. Bu borada yetakchi Yevropa banklari bilan muzokaralar olib borilmoqda. 

Tarkibiy islohotlarning yana bir yo‘nalishi davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirishdir.

Biz davlat aktivlarini ochiq-oshkora va samarali sotish uchun xalqaro moliyaviy va huquqiy maslahatchilarni jalb etgan holda qator korxonalarni xususiylashtirishga oid keng qamrovli ishlarni boshladik. Kelgusi yilda “Farg‘onaazot” va “Dehqonobod kaliy” zavodlari, “Koka-kola ichimligi” korxonasi, “Bildirsoy” va “Chorvoq” oromgohlari, “Ichan qal'a” va Hyatt Regency mehmonxonalari, “Poytaxt” biznes majmuasi, alkogol, yog‘-moy kabi tarmoqlardagi 83 ta yirik korxonadagi davlat ulushi sotuvga qo‘yiladi. 

Umuman olganda, davlat ulushi bo‘lgan korxonalar soni kelgusi ikki yilda kamida 3 barobar qisqartiriladi”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid