Iqtisodiyot | 21:52 / 27.05.2024
7449
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda gaz, neft va benzin ishlab chiqarish qisqardi

Joriy yilning 4 oyida gaz qazib olish 5,9 foizga, neft qazib olish 6,6 foizga, ko‘mir qazib olish 9,8 foizga, benzin ishlab chiqarish 7,9 foizga qisqardi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish esa 7,1 foizga oshdi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Statistika agentligi 2024 yilning yanvar-aprel oylaridagi sanoat ishlab chiqarishi bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning dastlabki 4 oyi davomida gaz qazib olish hajmi 15,3 mlrd kub metrni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 964 mln kub yoki 5,9 foizga qisqargan.

2024 yilning yanvar-mart oylaridagi gaz qazib olish ko‘rsatkichlari:

  • Yanvar – 3,99 mlrd kub (o‘tgan yilning mos davrida – 4,31 mlrd kub);
  • Fevral – 3,71 mlrd kub (3,85 mlrd kub);
  • Mart – 3,89 mlrd kub (4,16 mlrd kub);
  • Aprel – 3,7 mlrd kub (3,94 mlrd kub).

Ma’lumot uchun, 2022 yilda ham gaz qazib olish 53,8 mlrddan 51,67 mlrd kub metrgacha yoki 4 foizga, 2023 yilda esa 51,67 mlrddan 46,71 mlrd kub metrgacha yoki 9,6 foizga qisqargan.

2017-2023 yillar oralig‘ida tabiiy gaz qazib olish hajmining o‘zgarishi (Statistika agentligi ma’lumotlari):

  • 2017 yil – 56 mlrd 417,6 mln kub metr;
  • 2018 yil – 60 mlrd 396,5 mln kub metr;
  • 2019 yil – 60 mlrd 537,5 mln kub metr;
  • 2020 yil – 49 mlrd 736,2 mln kub metr;
  • 2021 yil – 53 mlrd 802 mln kub metr;
  • 2022 yil – 51 mlrd 678,4 mln kub metr;
  • 2023 yil – 46 mlrd 710,3 mln kub metr.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish muttasil ravishda qisqarib bormoqda. Xususan, 2019–2023 yillar oralig‘ida bu qisqarish 22,8 foizni tashkil qilgan. Mahalliy ishlab chiqarishning kamayishi Turkmaniston va Rossiyadan gaz importi hisobiga qoplanyapti.

Dastlabki 4 oylikda ko‘mir qazib olish 1326,6 ming tonnani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 144,9 ming tonna yoki 9,84 foizga qisqargan.

Shuningdek, hisobot davrida neft qazib olish 258,5 ming tonnadan 241,3 ming tonnaga kamaygan bo‘lsa, gaz kondensati ishlab chiqarish 423,1 ming tonnadan 432,7 ming tonnaga oshgan.

Yanvar-aprel oylarida elektr energiyasi ishlab chiqarish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,1 foizga yoki 1 mlrd 875 mln kWh’ga oshgan. Xususan, 2023 yilning 4 oyida 26,09 mrld kWh elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich joriy yilning mos davrida 27,96 mlrd kWh’ga yetgan.

Hisobot davrida dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish 379 ming tonnadan 362 ming tonnaga (-4,5 foiz), benzin ishlab chiqarish 504 ming tonnadan 464 ming tonnaga (-7,9 foiz) qisqargan.

Mavzuga oid