22:00 / 16.04.2018
28815

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi

Foto: islaminstitut.uz

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan Quyidagilar diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:

«jaholatga qarshi ma'rifat» ulug‘vor g‘oya asosida dinning asl insonparvarlik mohiyatini, ezgulik, tinchlik va insoniylik kabi fazilatlar azaliy qadriyatlarimiz ifodasi ekanligini keng yoritish

va bu sohadagi ilmiy-ma'rifiy faoliyatni jadal tashkil etish;

islom va jahon sivilizatsiyasiga bebaho hissa qo‘shgan ajdodlarimizning boy madaniy merosini chuqur o‘rganish asosida yoshlarning ongu tafakkurini shakllantirish;

dinni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadigan buzg‘unchi yot g‘oyalarning asl mohiyati va maqsadlari haqida aholining, ayniqsa yoshlarning xabardorlik darajasini oshirish;

jamiyatda milliy va diniy qadriyatlarimizga yot bo‘lgan g‘oyalarga nisbatan toqatsizlik muhitini shakllantirish;

jamiyatda bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, tinchlik va totuvlikni, ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlashda diniy-ma'rifiy soha vakillarining daxldorlik hissi va ishtirokini yanada oshirish;

diniy-ma'rifiy tashkilotlarning moddiy-texnika ta'minotini mustahkamlash, soha vakillari mehnatini munosib rag‘batlantirish va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish;

globallashuv sharoitida jamiyatimizdagi ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligi va e'tiqod erkinligiga tahdid tug‘dirishi mumkin bo‘lgan omillarni barvaqt aniqlash va oldini olishga qaratilgan axborot-tahliliy faoliyatni kuchaytirish;

diniy va dunyoviy bilimlar uyg‘unligini rivojlantirish asosida ta'lim sifatini oshirish, diniy-ma'rifiy sohada malakali kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning yaxlit tizimini yaratish.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tuzilmasida 15ta shtat birligidan iborat Diniy-ijtimoiy jarayonlarni o‘rganish axborot-tahlil markazi tashkil etildi.

Markaz Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning diniy mavzularga oid adabiyotlar, Internet va ommaviy axborot vositalari materiallarini chuqur tahlil qilish, diniy-ijtimoiy muhitni barqarorligiga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi omillarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish faoliyatini amalga oshiradigan axborot-tahliliy tuzilmasi hisoblanadi.

Shu bilan birga, Farmonga muvofiq Toshkent islom universiteti negizida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi:

Qur'on ilmlari, hadis, islom huquqi, aqida, tasavvuf, islom iqtisodiyoti va moliyasi, xalqaro munosabatlar, xorijiy tillar (arab, fors, ingliz, rus, urdu, turk va b.) va boshqa xalqaro miqyosda ehtiyoj mavjud bo‘lgan sohalar bo‘yicha malakali kadrlarni tayyorlashga, o‘rta maxsus, oliy ta'lim, oliy ta'limdan keyingi ta'lim, malaka oshirish bosqichlarida uzluksiz ta'limning yaxlit tizimini tashkil etishga va ilmiy merosni chuqur tadqiq qilish va asrab-avaylashga, diniy va dunyoviy bilim berishga ixtisoslashgan yetakchi ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi;

respublikadagi barcha islom ta'lim muassasalari faoliyatini o‘quv-me'yoriy va o‘quv-uslubiy jihatdan ta'minlash hamda muvofiqlashtirishni amalga oshiradi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bitiruvchilariga umumta'lim maktablari, o‘rta maxsus va oliy ta'lim muassasalarida sohaga tegishli fanlar bo‘yicha pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi berildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi «Ziyo» media markazi mamlakatimizda dinning asl insonparvarlik mohiyatini, ajdodlarimizning islom va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan boy diniy-ilmiy merosini keng targ‘ib qiluvchi, diniy-ma'rifiy hayotdagi yangiliklarni jamoatchilikka yetkazuvchi asosiy media tuzilma sifatida shakllantiriladi.

Vazirlar Mahkamasiga uch oy muddatda «Ziyo» media markazi ishini samarali tashkil etish maqsadida uni aloqa vositalari, keng qamrovli Internet tarmog‘i, zamonaviy telestudiya, televizion uskunalar jamlanmasi, kompyuter texnikalari, dasturiy ta'minot va boshqa texnika vositalari bilan ta'minlash choralarini ko‘rish topshirildi.

Top