11:40 / 23.11.2018
39525

Korxona eshigiga qulf osildi: Andijon shahri markazida elektr yo‘q

«Kun.uz»ga yo‘llangan navbatdagi murojaat ham tadbirkorning muammosi haqida.

Agar bir dona ishlab chiqarish korxonasining ishi yurishsa, qancha inson ishli bo‘ladi. Ishbilarmonlik esa - o‘zi alohida iqtidor. Korxonani yurgizish, bozorda raqobatga dosh beruvchi mahsulot ishlab chiqarish, mijoz topishning o‘zi ming mashaqqat. Tadbirkor ming bir chig‘iriqdan o‘tib, loyihani amalga oshirmoqchi bo‘lganida, eng katta to‘siq paydo  bo‘ladi...

Boburjon Rustamov, Andijon shahridagi Sanoat ko‘chasida joylashgan sobiq Ulgurji baza binosini qayta ta'mirlab, karton qutilar va qandolatchilik ishlab chiqarish uchun Xitoydan dastgohlar olib kelishga kirishdi.

Xitoyga borganida esa aynan o‘zi olib kelayotgan dastgohlarning ishlash jarayonini o‘rgandi. Bor sarmoyasini reja bo‘yicha ishlatishga urindi. 38 ming dollarga qandolatchilik dastgohlari, 35 ming dollarga esa karton qutilar ishlab chiqaruvchi dastgohlar xarid qilib, olib keldi.

Endi, korxona uchun ta'mirlangan joyga elektr toki olib kelishga unnadi. Yangi transformator va kabellarga 95 mln. so‘m sarfladi. Elektrni olib kelish uchun texnik shartlarga hujjatlarni to‘plashning o‘zi ham alohida g‘avg‘o. Uni ham epladi. 20-30 nafar ishchi bilan faoliyatni boshlay deganida eng asosiy muammo – «ELeKTR TOKI TANQISLIGI» dahmazasi boshlandi.   

«Kun.uz» saytiga murojaat qilishdan oldin, ming o‘ylanganim, yechim topishga uringanimni aytishim kerak. Oxiri bo‘lmadi. Elektrdagi uzilishlar bo‘yicha  muammolar qandolatchilik dastgohlarini o‘rnatayotganimizda boshlandi. Shahar va viloyat elektr tarmoqlariga murojaat qilamiz va «Qachon yonishini ayta olmaymiz. Liniyada «Ogranicheniye bor!», degan javobni eshitamiz. Ertalab, soat 9da o‘chsa, kunduzi soat 12da yonadi. So‘ng, soat 13:00da o‘chib, 16:00da yonadi. Bu sharoitda ishlab bo‘lmasligini bilib, to‘xtatdik-qo‘ydik. Chunki, ziyonga kirishimiz aniq-ku?

Deylik, qandolatchilik dastgohida qand xom ashyosini qorishni boshladik. Tok o‘chadi. Qand qaylasi qotadi va qaytib ishlatib bo‘lmaydigan chiqindiga aylanadi. Bu 800 ming so‘mlik mahsulot axlatga aylandi degani. Karton qutilarda ham shu ahvol. Uni tayyorlashda ham, qog‘oz qizitilib shaklga keltiriladi. Bir marta tok o‘chsa, 1 millionlik xom ashyo uvol. Kunduzlari hech bo‘lmasa, olti soat uzluksiz jadval bo‘yicha tok berishsa ham mayli edi. Pala-partish o‘chirishlarning oxiri yo‘q.  Ahvol chatoq. Ziyonga kiryapmiz. Shuning uchun ikkinchi karton ishlab chiqaruvchi liniyani o‘rnatishga ham bosh qotgan», deydi tadbirkor.

Tadbirkorning bildirishicha, u ishlab chiqaradigan qandolatchilik mahsulotlari muqobili vodiyda yo‘q ekan. O‘sha bolajonlar suyadigan «chupa-chups»ga o‘xshash mahsulot, karamellar bizda faqat qo‘l mehnati bilan tayyorlanadi. Tadbikorda esa avtomatlashgan tizim orqali, zamonaviy dastgohlarda. Aynan mana shu mahsulotlarga qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikistonda ham talab bor.

Har ikki liniyada ishlab chiqarilgan mahsulotlarga talab yetarli. Eng asosiysi, 35-40 nafar kishi muqim  ishli bo‘lib, ichki bozor mahalliy mahsulot bilan to‘ldiriladi.

Ishbilarmonning kredit bo‘yicha ham muammolari bor. Viloyat markaziy banki va'da bergan bo‘lsada, hali ham bajargani yo‘q.

Minib turgan avtomashinasigacha sotib, ish boshlagan yigit hozir tang ahvolga tushib qolgan. Viloyat va shahar elektr tarmoqlari 40 nafar kishini ish bilan ta'minlamoqchi bo‘lgan yigitga o‘ng ko‘zi bilan qarab, korxonaga ikkita liniya tortib berishni ham o‘ylasa uning ishi ham «qanddek» bo‘lib ketarmidi?  

Maqola, balanparvoz so‘zlar bilan tugashi kerak edi. Unday  bo‘lmadi.

Faqat bittagina izoh...

«O‘zbekning tadbirkoriga ko‘mak bermang! Faqat ishlash uchun sharoit yaratib bering! Qolganini o‘zi uddalaydi».

Hozircha, uning korxonasi eshigida katta qulf osig‘liq...

Elmurod Ermatov, Andijon

Kun.uz muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top