11:57 / 12.10.2019
4
9332

O‘zbekistonda qancha daraxt noqonuniy kesildi?

Foto: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi

2019 yilning hozirgi davriga qadar respublika bo‘yicha daraxtlarni noqonuniy kesish bilan bog‘liq 3 mingdan ortiq holat aniqlangan. Bu 2017 yilga qaraganda 56 foizga ortiq. Huquqbuzarlarga nisbatan jami 4 mlrd. 524 mln. so‘m miqdorida jarima qo‘llanilgan, ammo 1800dan ziyod ma'muriy ish yuzasidan 3 mlrd. 72 mln. so‘m mablag‘ undirilmagan. Mazkur holat bo‘yicha Senatning 23-yalpi majlisida axborot berildi. 

Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyevga ko‘ra,  hududlar kesimida tahlil qilinganda daraxtlarni noqonuniy kesish bo‘yicha Surxondaryoda 509ta, Qashqadaryoda 368ta, Buxoroda 271ta, Farg‘onada 224ta, Xorazmda 187ta, Samarqandda 161ta, Toshkent shahrida 203ta holat aniqlangan.

“Bu kabi salbiy holatlar aholining ekologik-huquqiy madaniyati darajasining pastligi, brakonerlarning o‘z manfaati va ehtiyojlari yo‘lida o‘simlik dunyosi obektlaridan noqonuniy tarzda foydalanishi  oqibatida  sodir bo‘lmoqda. Daraxtlarni noqonuniy kesish holatlari faqatgina tuman va shaharlarda emas, balki o‘rmon fondi yerlarida ham kuzatilmoqda. Xususan, Boysun tumanidagi 70-80 foizi o‘rmon bilan qoplangan 35 ming 400 gektar maydon fermer xo‘jaliklariga tarqatib yuborilgan. Bu yerlardan foydalanish jarayonida Qizil kitobga kiritilgan 100–150 yillik “Zarafshon” archalariga zarar yetkazilmoqda”, — deydi senator.

Qayd etilishicha, o‘rmon fondi yerlarida daraxt va butalarni noqonuniy kesish holatlari o‘rmon xo‘jaligi organlari mansabdor shaxslari tomonidan ham sodir etilmoqda. Xususan,Chiroqchi tumanidagi “Yettitom” o‘rmon fondiga tegishli bo‘lgan 3,5 gektar maydonda Qashqadaryo o‘rmon xo‘jaligi xodimlari tomonidan 2018 yil dekabr oyida jami 194 tup daraxt qonunga xilof ravishda hech bir hujjatsiz kesib ketilgan. 

Yalpi majlisda ma'lum qilinishicha, shahar va aholi punktlarida daraxtlarni parvarish qilish, ulardagi turli kasalliklarga qarshi kurashish faoliyati yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan, natijada daraxt va butalar biologik, sanitariya jihatidan achinarli holatga kelib qolgan. Daraxtlar holati uchun javobgar mutasaddi tashkilotlar hisobotlarda kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish ishlari 100 foizga bajarildi, deb ko‘rsatilgan, ammo amalda ish bajarilmagan. 

Bahodir Tojiyevga ko‘ra, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi daraxt va butalarni kesish bo‘yicha ruxsatnomalar reyestrini yuritishi, uni o‘z rasmiy veb-saytiga joylashtirishi belgilangan, lekin bu tartib hali joriy qilinmagan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top