18:15 / 09.03.2020
32155

«Vaqtida davolanmasa, ko‘zi ojizlikka sabab bo‘ladi». Glaukoma – qanday kasallik?

Glaukoma – ko‘zi ojizlik, nogironlikka olib keluvchi og‘ir, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan kasallik hisoblanadi. Bugungi kunda dunyo bo‘yicha 100 milliondan ortiq inson glaukoma bilan xastalangan, shundan 40 millionga yaqini ko‘zi ojiz bemorlardir. Yana shuncha bemorlar hali o‘zida bu xastalik borligini bilmasdan, ko‘zi ojizlik rivojlanib borayotganligi ma'lum. Faqat o‘z vaqtida aniqlab, to‘g‘ri davolangan holda ko‘zi ojizlikning oldini olish mumkin. Shularni hisobga olgan holda Jahon sog‘likni saqlash tashkiloti glaukomani ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan muhim kasalliklar ro‘yxatiga kiritgan. Har yili mart oyining ikkinchi haftasi dunyoda «Jahon glaukoma haftaligi» tashkillashtiriladi.

Bu xavfli kasallik haqida batafsil ma'lumot olish maqsadida Kun.uz ko‘z kasalliklari shifokori Ulug‘bek Karimov bilan suhbat qildi.

Glaukoma qanday kasallik?

Glaukoma – ko‘z ichki bosimi oshishi natijasida ko‘ruv nervi atrofiyasi rivojlanishi va ko‘zi ojizlikka olib kelishi mumkin bo‘lgan surunkali kasallik. Glaukoma kasalligi boshida belgilarsiz kechib, dastlab bemorni hech narsa bezovta qilmaydi. Erta davrlarda uni aniqlash qiyin, kechki davrda, ko‘ruv nervi atrofiyasi rivojlangandan so‘ng bemor ko‘rishi xiralashishini, og‘riqni his qiladi va shifokorga murojaat qiladi. Glaukoma kasalligi erta aniqlanib, o‘z vaqtida to‘g‘ri davolansagina ko‘zi ojizlikning oldini olish mumkin. Aks holda, glaukoma tufayli rivojlangan ko‘ruv nervi atrofiyasi va ko‘zi ojizlikni hozirgi kunda davolash imkoni mavjud emas.

Glaukomani tuzatish mushkul, lekin davolash mumkin va lozim

Bu kasallikning kanday belgilari bor?

Glaukomaning ochiq burchakli turi boshida hech kanday belgilarsiz kechadi va bemorni hech narsa bezovta qilmaydi, ko‘z og‘rishi, ko‘ruv xiralashishi kasallikning kechki davrlarida bezovta qiladi. Odatda bemorni bir tomonlama tez-tez bosh og‘rishi, ko‘z oldida vaqti-vaqti bilan tuman bo‘lishi va qora dog‘lar paydo bulishi, yonib turgan lampa oldida kamalaksimon xalqa bo‘lishi bezovta qiladi. Keyingi davrlarga borib bemorning bosh og‘riqlari kuchayadi va tezlashadi. Kasallikning oxirgi davrlariga borib ko‘ruv maydoni avvaliga burun tomonidan, keyin esa tashqi tomondan sekin-sekin torayib, bemor naycha orqali ko‘rganda tashqi tomonni ko‘ra boshlaydi.

Glaukomaning yana bir turi borki, bu yopiq burchakli glaukoma. Yopiq burchakli glaukoma birdaniga xuruj bilan boshlanadi. Bemorning boshi kuchli og‘riydi va ko‘z qizaradi, qon bosimi ko‘tariladi. Bemor adashib ba'zi vaqtlarda nevropatolog, kardiolog huzuriga boradi, hattoki reanimatsiya bo‘limlariga ham tushib qolish holatlari ko‘zatiladi. Aynan shuning uchun yuqoridagi belgilar sezilsa bunga e'tiborsiz bo‘lmasdan ko‘z shifokoriga murojaat qilish shart.

Glaukomani qanday erta aniqlash mumkin?

Glaukomani erta aniqlash uchun xar bir fuqoro shikoyatlari bo‘lmasa ham har yili oftalmolog ko‘rigidan o‘tib turishi lozim. Har bir fuqaro o‘z sog‘ligi uchun mas'uliyat his kilib, har yili ko‘z bosimini o‘lchatishi, ko‘ruv nervi holatini tekshirtirishi lozim. Bugungi kunda Respublikamizning har bir tuman va shahar poliknikalari ko‘z bosimini kontaksiz, og‘riqsiz o‘lchash va ko‘ruv nervi holatini tekshirish uskunalari bilan to‘liq ta'minlangan.

Ko‘z ichki bosimi normada nechaga teng?

Ko‘z ichki bosimi normada 24 mm simob ustunidan past bo‘lishi lozim.

Glaukoma qanday davolanadi?

Glaukoma aniqlangandan so‘ng birinchi bo‘lib dorilar, ko‘z tomchilari yordamida davolanish boshlanadi. Agar tomchilar yordamida davolash samara bersa, bemor ushbu dorilarni doim tomizib yurishi lozim. Agar belgilangan dori samarasiz bulsa, tekshirish natijasida boshqa dorilar tavsiya kilinadi. Agar hech bir dori ta'sir kilmasa, boshqa davolash usullari tavsiya qilinadi.

Lazer nuri yordamida davolash. Ko‘z ichki suyuqligini dimlanishiga sabab bo‘lgan yo‘llar lazer nuri yordamida ochilib, ko‘z bosimi tushiriladi. Lazer jarrohligi mutlaqo og‘riqsiz va xavfsizdir. Glaukomaning barcha turlarida ham lazer nuri samara bermasligi mumkin.

Jarrohlik usulida davolash. Hozirgi kunda eng samarali usul hisoblanadi. Jarrohlik usuli yuqori samarali bo‘lishi bilan bir qatorda ma'lum nojo‘ya jihatlari bo‘lganligi tufayli birinchi davolash usuli sifatida qo‘llanilmaydi.

Ko‘pchilik hollarda o‘z vaqtida dori tomizmaslik, ko‘z shifokori nazoratida turmaslik, shifokor tavsiyalarini to‘liq bajarmaslik bemor ko‘rishini yomonlashishi va tiklanmas ko‘zi ojizlikka olib keladi.

Kimlar glaukoma bilan kasallanishi ehtimoli baland?

Yaqin karindoshlarida glaukoma bo‘lgan insonlar, surunkali ko‘z kasalliklari bilan kasallangan bemorlar (miopiya, gipermetropiya, uveit, ko‘z jarohatlari), doimiy ko‘z zo‘riqishi bilan ishlovchilar, migren, qandli diabet, nevrologik kasalliklar bilan xastalangan shaxslarda glaukomaga moyillik buladi.

2020 yil 8-14 mart kunlari siz o‘zingiz yashab turgan tuman va shahar poliklinikalarida bepul va to‘liq oftalmologik ko‘rikdan o‘tishingiz mumkin. Bunda shifokordan ko‘z bosimingizni o‘lchashni va ko‘z tubini tekshirib, ko‘ruv nervi holatini aniqlashni so‘rashni unutmang.

Top