O‘zbekiston | 09:15 / 06.06.2020
33632
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Markaziy Osiyoning O‘zbekistondan boshqa davlatlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘mak ajratishni to‘xtatadi

Germaniya tashqi siyosatdagi hamkorlik yo‘nalishlaridan birini o‘zgartirib, qator mamlakatlar bilan faol hamkorlik loyihalarini to‘xtatadi, deb xabar tarqatdi Deutsche Welle.

Shavkat Mirziyoyev va Angela Merkel / Foto: Prezident matbuot xizmati

Nemis telekanali xabariga ko‘ra, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi (BMZ) jiddiy o‘zgarishlarga kirishadi, shu asosda bunga qadar rivojlanishiga Germaniya ko‘maklashib kelgan hamkor-davlatlar soni 85tadan 60taga qisqaradi.

Xususan, Germaniya Markaziy Osiyo davlatlaridan faqat O‘zbekiston bilan keng iqtisodiy hamkorlikni saqlab qolishi kutilmoqda.

«BMZ-2030» deb nom olgan islohot bo‘yicha hozircha yakuniy qarorga kelinmagan. Vazirlikdagilar shu yil yozda tasdiqlanishi kutilayotgan «konsepsiya» haqida gapirishmoqda. Vazir Gerd Myuller bu yangilikni dunyo mamlakatlari rivojlanishiga Germaniya ko‘rsatadigan ko‘makning «samaraliroq va sezilarliroq bo‘lishi»ni istayotgani bilan izohlagan.

Germaniya «BMZ-2030» doirasida 25ta mamlakatdagi loyihalarni yakunlashi, tushuntirilishicha, bu davlatning ayrimlari yetarlicha rivojlanib olgani va endilikda qo‘llab-quvvatlashga muhtoj emasligi, ayrim mamlakatlar esa korrupsiyaga qarshi kurash, inson huquqlariga rioya etish va davlat boshqaruvini yaxshilash borasida ijobiy natijalarga erisha olmayotgani bilan bog‘liq.

Vazirlik bergan izohga ko‘ra, hamkorlikning qisqartirilishi Germaniyaning bu mamlakatlar bilan «bundan buyon hamkor-davlat emasligi»ni anglatmaydi, bu – faqatgina «hamkorlik shaklining o‘zgarishi» xolos.

Shunga qaramay, DW`ning yozishicha, mazkur islohot Germaniya va 20dan ortiq davlatning ikki muassasa – GIZ Xalqaro taraqqiyot jamiyati va KfW davlat taraqqiyot banki vositachiligidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri ikki tomonlama aloqalariga amalda barham beradi.

BMZ`ning Markaziy Osiyodagi yagona hamkori O‘zbekiston bo‘lib qoladi.

«Oxirgi uch yildagi islohotlar natijasida erishilgan taraqqiyot tufayli hamkorligimiz kuchaydi», – deyiladi vazirlikning DW so‘roviga javobida.

Qayd etilishicha, BMZ 2019 yilda Toshkentning sog‘liqni saqlash, kichik va o‘rta tadbirkorlik sub'yektlari va kasb-hunar ta'limini isloh qilish bo‘yicha yangi loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga rozi bo‘lgan.

Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan hamkorlikda boshlab qo‘yilgan loyihalar oxirigacha yetkazib qo‘yiladi.

Qozog‘iston va Turkmaniston ham ro‘yxatdan tushib qolgan. Izohlanishicha, ular «avval ham BMZ`ning ikki tomonlama hamkorlari emasdi», ular bir qator mintaqaviy loyihalarda qatnashishgan xolos.

Mavzuga oid