02:01 / 23.05.2020
29298

Andijon tajribasi, «Zamonaviy qishloq» va «siti»lar - prezidentning Andijonga tashrifidan asosiy yangiliklar

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-22 may kunlari Andijon viloyatida bo‘lib, amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. Kun.uz ushbu tashrifga oid asosiy yangiliklarni sanab o‘tadi.

Yangi OTM va g‘o‘za qator oralariga soya ekish bo‘yicha Andijon tajribasi

Davlat rahbari dastlab Oltinko‘l tumanida bo‘lib, g‘alla va g‘o‘za rivojini ko‘zdan kechirdi. Shu yerda g‘o‘za qator oralariga soya ekish bo‘yicha Andijon tajribasini yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

«Soya ekilsa, bitta maydondan ikki barobardan ziyod daromad olish, yana ko‘proq odamlarni ish bilan ta'minlash mumkin. Undan olinadigan moy ham, omixta yem ham juda sifatli, bozorbop. To‘g‘ri, bu qiyin. Lekin qaysi ish oson?», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Agrotexnologiyalarni rivojlantirish maqsadida Toshkent davlat agrar universitetining Andijon viloyati filiali negizida qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida alohida oliy ta'lim muassasasi tashkil etish muhimligi ta'kidlandi.

Tumanlarda ham ko‘p qavatli uylar qurish bo‘yicha ko‘rsatma berildi

Andijon shahrida 20ta 7 qavatli, 2ta 16 qavatli uy qurilib, shu yil mart oyida aholiga topshirilgan. Prezident ushbu mavzega borib, xonadonlardan birida mehmon bo‘ldi.

Ma'lum qilinishicha, Andijonda aholi zich joylashgani sabab, bu yangi uylarda shuncha maydondagi boshqa loyihalarga nisbatan 2 barobar ko‘p xonadonlar joylashgan.

Tumanlardagi aholi zich joylarga ham kommunikatsiya olib borib, barcha sharoitlarga ega ko‘p qavatli uylar qurish, zamonaviy qishloqlar bunyod etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Prezident Marhamat tumaniga bordi

Shavkat Mirziyoyev Marhamat tumaniga ham borib, 1 maydan ishga tushgan quyonchilik klasterida bo‘ldi.

Shu yerda chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik korxonalari salohiyati haqida ma'lumot berildi.

«Andijonda chorva kam, go‘sht boshqa joylardan olib kelinyapti. Quyon, parranda, baliq ko‘paytirilib, go‘shti iste'molga chiqarilsa, viloyatda go‘sht narxi tushadi. Kambag‘al oilalarga tarqatilib, klasterlar tomonidan qayta sotib olinsa, ularga daromad bo‘ladi. Iqtisodiy kompleks va sektor rahbarlari shu bilan shug‘ullanishi kerak», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Viloyatda omixta yem ishlab chiqarishni ko‘paytirish, quyonchilikni 1 million boshga yetkazish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

«Zamonaviy qishloq» loyihasi

Paxtaobod tumani Bo‘stonobod qishlog‘i hamda Qo‘rg‘ontepa tumani «Yangi hayot» mahallasi uchun ishlab chiqilgan dastlabki rejaga muvofiq, qishloq hududlarga zarur muhandislik kommunikatsiyalari tortilib, ko‘p qavatli uylar quriladi.

Uylar, avvalo, bir uyda ko‘pchilik bo‘lib yashayotgan oilalar, shuningdek, aholining muhtoj qatlamiga beriladi. Shavkat Mirziyoyev bu borada Andijon tajribasini yaratish kerakligini ta'kidladi.

Prezident buning uchun alohida loyiha ishlab chiqish, «Zamonaviy qishloq»dagi uylarni boshqa turar joylarga nisbatan arzon qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Digital City va dasturiy mahsulotlar eksporti

Shavkat Mirziyoyev Andijon shahrida Digital City nomli texnopark bilan tanishdi.

5,6 gektarlik texnopark yaqindagina qurib bitkazilgan, majmua faoliyati axborot texnologiyalariga o‘qitish, dasturiy mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.

«Juda to‘g‘ri yo‘lni tanlagansizlar. Bu – serqirra va istiqbolli soha. Sizlar boshqalardan 10-15 yil oldin yurishlaringiz kerak. Eng dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha dasturiy mahsulotlar yaratib, xalqimizga va xorijliklarga qulay xizmatlar ko‘rsatib, ham oilangizga, ham jamiyatimizga naf keltirishingiz mumkin», dedi prezident.

Vazirlar va boshqa rahbarlarga hududlarga ko‘proq borish talabi qo‘yildi

22 may kuni Andijon viloyati va tumanlari hokimlari, iqtisodiyot tarmoqlari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.

Endi har bir sektorda «Kambag‘allikni qisqartirish shtabi» tashkil etiladi. Bu shtablarga iqtisodiyot, moliya, mehnat, investitsiya, soliq idoralari va bank vakillari biriktiriladi. Ularning ish haqi miqdori erishilgan natijalarga bog‘liq bo‘ladi.

«Vazirlar, rahbarlar kabinetda emas, hududlarda, uzoq qishloqlarda ishlashi zarur. Shunday og‘ir sharoitda fidoyi bo‘lmagan rahbar xiyonatchi. Shu xalq uchun oylik olib yuribsizlar. Davlat idorasi vakili xalqqa qancha yaqin bo‘lsa, joylarda shuncha natija bo‘ladi, adolat mezoni ta'minlanadi», dedi prezident.

Marhamat tumani hokimi ishdan olindi

2017 yil avgustida Marhamat tumani hokimi etib tayinlangan Shuhratbek Qamchiyev bundan oldin 8 yilga yaqin Jalaquduq tumanini boshqargan.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, yig‘ilishda prezident rahbarlarning tajribasiga qarab emas, yosh bo‘lsa-da ishiga qarab baho berilishini ta'kidladi.

«Kecha Marhamat tumanining hokimini ishdan oldim. Qolgan sektorlar rahbarlari ham ishdan ketadi. Menga kun o‘tsa bo‘ldi deb yuradigan hokimlar kerak emas. Menga taklif beradigan hokimlar kerak, izlanish qiladigan rahbarlar kerak», dedi Shavkat Mirziyeyov.

Davlat rahbari hokim ishdan olinsa, 4ta sektor rahbari ham ishdan ketishini, viloyat hokimlari bilan ham shunday bo‘lishini aytdi.

Andijon xalqaro aeroportiga xususiy investorlar jalb etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi

2018 yil oktyabrdan beri faoliyat yuritmayotgan Andijon xalqaro aeroporti faoliyati tiklanadigan bo‘ldi.

«Mas'ul vazirlik va tashkilot rahbarlari 1 oy muddatda Andijon xalqaro aeroportiga xususiy investorlarni jalb qilgan holda davlat xususiy sherikchiligi asosida uning faoliyatini qayta tiklash bo‘yicha aniq taklif tayyorlasin», – deya topshiriq berdi Shavkat Mirziyoyev.

«O‘zavtosanoat» Asakada Asaka Sity quradi

«O‘zavtosanoat» kompaniyasi 3 yil ichida Asaka tumanida uy-joyga muhtoj o‘z xodimlari va aholi uchun 4631ta kvartiraga ega 71ta ko‘p qavatli uylar quradi.

«Asaka Sity deb nomlangan bu loyihada 320 o‘rinli 2ta bog‘cha, bir yarim ming o‘rinli maktab, 250 o‘rinli shifoxona, istirohat bog‘i 10 ming kvadrat metr maydonda savdo majmuasi quriladi», dedi Mirziyoyev.

Ma'lum bo‘lishicha, bu yil viloyatda o‘tgan yilgiga nisbatan 2 barobar ko‘p – 6 196ta uy qurilmoqda. Uy-joyga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi joriy etiladi.

Yangi uylardagi qurilish sifati tanqidga uchradi

Davlat rahbari tashrifi yakunida Xo‘jaobod tumanidagi ko‘p qavatli uylar qurilishini borib ko‘rdi. Tumanning Ittifoq massivida 35ta uy qurilmoqda.

Prezident qurilish ishlaridagi kamchiliklarni ko‘rsatib o‘tdi. Bunday joylarda uylar bunyod etish mamlakatimizda yangi tajriba ekani, ularni xalqaro standartlar asosida pishiq, sifatli qurish zarurligini ta'kidladi.

Shu bilan Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga safari yakuniga yetdi.

Top