10:58 / 31.10.2020
3472

«Jismoniy tarbiya va sport vaziri kubogi»: debyutantning «parvozi» tugadi, bosh sovrin «Xalq banki»ga nasib etdi

Qariyb o‘n kun davomida «Bunyodkor» futbol akademiyasi maydonlari millionlar o‘yini bo‘lmish futbol ixlosmandlari bilan gavjum bo‘ldi. 22-30 oktabr kunlari bu yerda futbol bo‘yicha vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, yirik korxona-tashkilotlar xodimlari o‘rtasida «Jismoniy tarbiya va sport vaziri kubogi» musobaqalari o‘tkazildi.

Hayajonli lahzalar, qizg‘in va murosasiz kurashlar ostida o‘tgan musobaqa bugun o‘z poyoniga yetdi. Hal qiluvchi bahsda «Xalq banki» hamda Agrosanoat majmuyida xizmatlar ko‘rsatish markazi DUK jamoalari to‘qnash kelishdi.

Agar «Xalq banki» jamoasi bu kabi musobaqalarda qatnashishning yaxshigina hadisini olgan bo‘lsa, Agrosanoat majmuyida xizmatlar ko‘rsatish markazi DUK xodimlari ilk bora mana shunday musobaqalarda ishtirok etishayotgandi. Shunga qaramay debyutant finalgacha bo‘lgan yo‘lni sharaf bilan bosib o‘tdi. Bu yo‘lda ular Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, O‘zstandart agentligi, «Mikrokredit bank» ATB va nihoyat yarim finalda Davlat bojxona qo‘mitasini ayab o‘tirmadi. Biroq, finaldagi raqib har qachongidan jiddiy edi.

Garchi o‘yin deyarli tengkurashlar ostida o‘tgan bo‘lsada, yakunda «Xalq banki» jamoasi yirik – 4:0 hisobida g‘alabaga erishdi. Bunga sabab, bankirlar yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanishgan bo‘lsa, musobaqa debyutantlari – Agrosanoat majmuyida xizmatlar ko‘rsatish markazi DUK jamoasi ko‘plab qulay vaziyatlarni ko‘kka sovurdi.

Uchrashuv yakunida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan medal, diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi. Musobaqa g‘olibiga bosh sovrin – ko‘chma kubokni Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Sayfiddinovich Ermatov tantanali sur'atda topshirdi.

Nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar:

  • «Eng yaxshi darvozabon» – Bahodir Mansurov (Davlat bojxona qo‘mitasi);
  • «Eng yaxshi himoyachi» – Ma'mur Sultonov (O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi);
  • «Eng yaxshi to‘purar» – Sunnatillo Toshpo‘latov (14ta gol, Davlat bojxona qo‘mitasi);
  • «Eng yaxshi ishtirokchi» – Najmiddin Hikmatullayev («Sharq» nashriyoti DUK);
  • «Eng yaxshi volontyor» – Yulduz Nosirova;
  • 3-o‘rin – Davlat bojxona qo‘mitasi;
  • 2-o‘rin – Agrosanoat majmuyida xizmatlar ko‘rsatish markazi DUK;
  • 1-o‘rin – «Xalq banki»;

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati

Top