14:52 / 20.11.2018
57310

Fermer 1 milliard so‘m qiymatga yaqin naslli qoramol olib keldi. Hokimiyatning uni qo‘llab-quvvatlashga toqati yo‘qmi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning yanvar oyida Qashqadaryo viloyatiga qilgan tashrifi davomida viloyatda chorvachilikni rivojlantirish, sohaga nasldor qoramollar olib kirish, ularni zamonaviy texnologiyalar asosida parvarishlash, yetishtirilgan qoramollarni joyida qayta ishlash va buning uchun zarur shart-sharoitlar yaratish haqida so‘zlagandi. Aytish mumkinki, bu borada viloyat miqyosida ancha-buncha ishlar amalga oshirildi.

Ammo vaqti-vaqti bilan shunday holatlar ham uchrab turadiki, eshitgan yoki ko‘rgan odamning dilini g‘ash etadi. Yanada aniqroq aytiladigan bo‘lsa, yaxshi niyatlar bilan va shu bilan birga katta mablag‘lar evaziga xorijdan nasldor chorva olib kirgan fermerlar qiyin holda qolsa, ularning talablari qonun doirasida qanoatlantirilmasa? Bundan ko‘p narsa zarar ko‘radi, ayniqsa, fermer. Bu zararlar nimalardan iborat? KUN.UZ’ga yo‘llangan navbatdagi murojaatda aynan mana shu savollarga javob qidiriladi.

Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida faoliyat olib boruvchi «Denov Nasl Chorva» MChJ bugunga kelib qiyin holga tushib qolgan. Gap shundaki, mazkur fermer xo‘jaligi chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha Kasbi tumanining 2017-2021 yillar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga kiritilgan. Mazkur dasturni amalga oshirish maqsadida «Denov Nasl Chorva» fermer xo‘jaligi Kasbi Xalq bankidan 117 ming AQSh dollari miqdorida kredit oladi va pullarga Ukrainadan 2018 yilning 2 sentabr kuni 69 bosh naslli qoramol olib kelinadi. Jami qoramol bosh soni esa 100 boshdan oshadi. Bu haqda mazkur fermer xo‘jaligi rahbari Akromjon Novotov shunday deydi.

— Bir necha marta Kasbi tumani hokimi nomiga chorva mollariga ozuqa zaxirasi yaratish uchun yer so‘rab ariza bilan murojaat qildik. Yozgan arizamiz tuman hokimi tomonidan viza qo‘yilib, tegishli mutaxassislarga o‘tkazilgan, lekin ushbu mutaxassislar tomonidan na amaliy yordam ko‘rsatilyapti, na bizga hech qanday javob xati berilmasdan qolib ketdi.

Shundan so‘ng, Qarshi shahriga tashrif buyurgan prezident virtual qabulxonasi ishchi guruhiga murojaat qildik. Ushbu murojaatimizdan so‘ng, Kasbi tuman hokimligining mutasaddi vakillari tuman hududidan chorva mollari uchun ozuqa yetishtirishning imkoni yo‘q bo‘lgan joydan, muammoni bosdi-bosdi qilish maqsadida, xo‘jako‘rsinga yer ajratib berishmoqchi bo‘lishdi. Aslida, ajratib berishmoqchi bo‘lgan yer maydonida ekinlarni sug‘orish uchun suv olib borishning imkoni yo‘q, suv nasoslarini ishlatishning ham umuman imkoni yo‘q, chunki elektr tarmog‘i o‘tmagan.

Akromjon Novotovga ajratib berilgan yer 687-konturda joylashgan. Fermer so‘rayotgan yer maydoni 671, 678 va 679-konturlarda. Uning aytishicha, 671-konturdagi yer ukasining nomida. Shu sabab tuman hokimidan ushbu yer zaxiraga olish maqsadida so‘ralgan. 678 va 679-kontur yer egalari bilan ham shunday kelishib qo‘yilgan. Eng qizig‘i, olib kelingan qoramollar saqlanayotgan yer ushbu konturlarning shundoq biqinida – 669-konturda turibdi. A.Novotovning ta'kidlashicha, u hokimiyatdan so‘rayotgan yerlar ham «shokolad» yerlar emas. U joylarga ham ishlov berish, texnika, ishchi kuchi jalb etish lozim. Tadbirkorning aytishicha, unda aynan mana shu yerlarga ishlov berish imkoniyati bor. Imkon berishsa bas, o‘zini-da, tumanni-da obod etadi.

Ma'lum bo‘lishicha, Akromjon Novotovga ajratib berilgan mazkur yerdan ilgari ham ayrim fermerlar foydalangan, ammo ishlata olmay tashlab ketishgan. Bundan nimani tushunsa bo‘ladi, hayronsan kishi... Bu borada yuqori turuvchi tashkilotlarga murojaat etilganmi?

— Bo‘layotgan qarshilik va qiyinchiliklar yuzasidan viloyat va tuman prokuraturasiga qilgan murojaatlarimiz ham e'tiborsiz qoldirilib, birorta ham amaliy yordam ko‘rsatilmasdan kelinmoqda. Hokimiyatdagilarning aytishicha, zotli sigirlar tug‘masa hisob emas emish. Qachon bolalasa bir shartli mol hisoblanar, ana shundagina 0.60 ga yer berilarmish. Mana, sigirlar tug‘ishni boshladi. Yangi yilgacha barchasi bolalaydi. 81 bosh sigirdan, nasib, yana 81 bosh buzoq tug‘iladi, — deydi A.Novotov.

Bugunga kelib mazkur fermer xo‘jaligidagi naslli chorva qoramollarni boqish uchun yem-xashak yo‘q, kuchli ozuqa yo‘q. Bu holat davom etadigan bo‘lsa, deyarli 1 milliard so‘mga olingan chorva nobud bo‘lmaydimi? Egasi uni sotolmasa (chunki bankning krediti evaziga olib kelingan), nima qilish zarur? Amallab ichki bozorda sotilgani bilan ularni yarim puliga baholashadi. Oqibatda nima bo‘ladi, fermer xo‘jaligi kasodga uchraydi, bankning qarzlari qaytarilmaydi, garovga qo‘yilgan mol-mulk musodara qilinadi, Xudo ko‘rsatmasin, fermer xo‘jaligi egasi qonuniy javobgarlikka ham tortilishi mumkin.

O‘rganishlarimiz davomida mazkur masala yuzasidan Kasbi tuman hokimligi mutasaddilaridan izoh olishning imkoniyati bo‘lmadi. O‘ylaymizki, tuman mutasaddilari bu ishlarga befarq bo‘lmaydi, o‘zining qonuniy huquqlarini ro‘yobga chiqarmoqchi va tumanning farovonligiga o‘z hissasini qo‘shmoqchi bo‘lgan fermerni noto‘g‘ri tushunishmaydi. Zero katta o‘zgarishlar kichik yaxshiliklardan boshlanadi.

Sarvar Anvar o‘g‘li,
KUN.UZ muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top