23:47 / 03.05.2018
5203

O‘zbekistonda suzish sport turlari rivojlantiriladi

Prezidentning "2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar Strategiyasini "Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida" 2018 yil 22 yanvardagi 5308-sonli Prezident farmoniga muvofiq hamda suv sporti turlari bo‘yicha sport zaxirasi va yuksak mahoratli sportchilarni tayyorlash, suv sporti turlari bo‘yicha bolalar murabbiylarini tayyorlash va seleksiya ishlarini yo‘lga qo‘yish, sport muassasalari murabbiylari va xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 3 maydagi 333-sonli qarori imzolandi. 

Hujjatga muvofiq, bir oy muddatda tizimdagi Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta'minlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazida 3 va 6 oylik qisqa muddatli suv sporti turlariga o‘rgatadigan murabbiylarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash o‘quv kurslari tashkil etiladi. 

Ikki oy muddatda suzish havzalari suv sporti turlari bilan shug‘ullanish bo‘yicha o‘quv rejalari, dasturlar va adabiyotlar bilan ta'minlanadi. 

Ikki oy muddatda byudjyet mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan basseynlarni xalqaro talablarga mos sport anjomlari va uskunalari bilan ta'minlash tartibi tasdiqlanadi hamda shu tartib asosida basseynlarni sport anjomlari va uskunalari bilan ta'minlash rejasi ishlab chiqiladi. 

Uch oy muddatda tizimdagi basseynlarga kirish va o‘tish joylarida videokuzatuv moslamalari hamda turniketlar o‘rnatilishi ta'minlanadi. 

Basseynlar manzili, ish vaqti, ko‘rsatiladigan xizmat turlari va narxlari haqidagi ma'lumotlar Internet jahon axborot tarmog‘ida doimiy ravishda keng yoritilishi yo‘lga qo‘yiladi. 

Bundan tashqari, uch oy muddatda hududlardagi ta'lim muassasalarining basseynlari xatlovdan o‘tkaziladi. Xatlov yakunlari bo‘yicha davlat va xususiy sheriklik asosida foydalanishga beriladigan hududlarda joylashgan davlat ta'lim muassasalarining basseynlari ro‘yxati tuziladi, mazkur ro‘yxatni hamda davlat va xususiy sheriklik asosida foydalanishga berish shartlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtiriladi. Bunday basseynlarni kelib tushgan takliflarga ko‘ra ijaraga berish tizimi joriy etiladi. 

Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Q.V.Akmalov va Jismoniy tarbiya va sport vaziri Sh.X.Isroilov zimmasiga yuklandi. 

Top